Sport | 16:20 / 11.05.2017
36282
12 daqiqa o‘qiladi

YeChL finali. Bizni qanday o‘yin kutmoqda?

3 iyun kuni Uelsning Kardiff shahri Chempionlar ligasining final uchrashuviga mezbonlik qiladi. Shu kuni «Millenium» stadionida Madridning «Real» va Turinning «Yuventus» klublari to‘qnashadi.

Yarim finalning birinchi juftligida «Yuventus» har ikki o‘yinda ham «Monako»dan ustun kelgandi. Madrid jamoalari ishtirokida o‘tgan ikkinchi juftlik bahslarida esa «Real» ustun chiqdi.

«Santyago Bernabeu»da kechgan birinchi o‘yinda Krishtianu Ronalduning het-trigi «Real»ning yirik g‘alabasini ta'minlagandi. Javob o‘yinida «Atletiko» 2:1 hisobida g‘alaba qildi, ammo bu final uchun yetarli bo‘lmadi.

Foto: @ChampionsLeague

Qayd etish kerakki, Chempionlar ligasida ketma-ket ikki bor g‘olib chiqish hozircha hech bir klubga nasib qilmagan. «Real»da bu borada birinchi bo‘lish imkoniyati mavjud.

Qarama-qarshilik tarixi

Chempionlar ligasida «Real Madrid» va «Yuventus» pley-off bosqichida 6 marta uchrashgan. 1998 yili YeChL finalida ham ushbu jamoalar to‘qnashuvi kuzatilgan va o‘shanda madridliklar a'zosi, yugoslaviyalik Predrag Miyatovich urgan yagona gol g‘alabani ta'minlagan (bu gol ofsayddan urilgani iddao etiladi). O‘shanda «Real»ning bugungi kundagi ustozi Zinedin Zidan «Yuventus» safida maydonga tushgan. Turinliklar jamoasiga Marchello Lippi bosh murabbiy edi, «Real»ni Yupp Xaynkes boshqargan. O‘sha uchrashuv Miyatovich faoliyatidagi cho‘qqi bo‘ldi – bir yil o‘tib u NATO Yugoslaviyani bombardimon qilishiga qarshi noroziligini bildirib, o‘ynashdan bosh tortdi, keyinroq «Real» uni sotib yubordi.

Foto: UEFA
Foto: UEFA

«Byankoneri» shundan buyon YeChL finalida «qaymoqranglilar» bilan boshqa uchrashmadi, pley-off bosqichida esa ikki mavsumda to‘qnash kelindi va bu bahslarda ular madridliklarni ortda qoldirishdi. 2003 yilgi turnir yarim finalidagi birinchi uchrashuv Madridda kechgan va mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi, javob o‘yinida esa «Yuventus» 3:1 hisobida g‘alaba qozondi, ammo bu uchrashuvda Pavel Nedved jarohat olib safdan chiqdi, jamoa finalda «Milan»ga yutqazdi (asosiy vaqtda 0:0, penaltilar bo‘yicha 2:3).

2015 yili esa yarim finalda Alvaro Morata o‘zining birinchi jamoasini jazoladi. «Men Madriddan bitta Chempionlar ligasi uchun qarzdorman», – demoqda endi Alvaro. O‘shanda jamoalarning Turinda kechgan uchrashuvida mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan, Madriddagi bahs 1:1 hisobida yakunlangan, ikki uchrashuvda ham Morata gol urgandi. «Yuventus» o‘sha mavsumda finalda «Barselona»ga 1:3 hisobida yutqazgandi.

Shuningdek, bu jamoalar 1996 yilgi mavsum chorak finalida to‘qnashgan («Real» - «Yuventus» 1:0, «Yuventus» - «Real» 2:0). Turinliklar o‘sha mavsumda finalga qadar borishgan va finalda «Ayaks»ga qarshi o‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobida tugagan, penaltilar seriyasida turinliklar 4:2 hisobida g‘olib bo‘lib, chempionlikni nishonlagan.

2005 yili esa bu jamoalar nimchorak finalda uchrashgan va bu safar ham italyanlar ustun kelgan («Real» - «Yuventus» 1:0, «Yuventus» - «Real» 2:0). Chorak finalda «Yuventus» mavsumning bo‘lg‘usi chempioni «Liverpul»ga to‘qnash keladi va 1:2 hamda 0:0 hisoblaridan keyin turnirni tark etadi.

Kuzirlar

«Real»da – individual mahoratga ega futbolchilar to‘plangan va ular bir-biriga xalaqit berishmaydi. Krishtianu Ronaldu turnir pley-offida qatorlashtirib gol urmoqda, uning atrofida golli paslar yetkazib beruvchilar to‘plangan, – Marselo, u o‘z faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazmoqda, Toni Kroos va Luka Modrich. Vertikal futbol natija keltirmoqda. Agar Madrid hujumchilari gol uravermasa Serxio Ramos yordamga kelishga tayyor.

«Yuventus» – jamoaviy futbol ko‘rsatmoqda. Massimiliano Allegri o‘z futbolchilarini taktik sxemalar bo‘yicha o‘ynashga o‘rgatdi va har bir futbolchi uchun vazifalar topshirdi. «Yuventus»ning yarim himoyasida asli markaziy hujumchi Mario Manjukich barqaror o‘ynamoqda, u qora ish qilishdan qochmayapti va raqibning himoyachilarini tinimsiz bosim ostida tutib turibdi. Allegri Pyanichga yangi rol topib berdi, Xediraning ampluasi vazifalarini kengaytirdi, Kellini va Bonuchchini juftlikda yanada samarali o‘ynashga o‘rgatdi, endi Barzali yo‘qligida ham bu ikki himoyachi markaziy himoyani yopa oladi, «Yuve»da Dani Alvesh ikkinchi yoshligini boshladi. Jamoaviy futbol raqibning kuchli futbolchilariga qarshi.

Sobiqlar

Foto: UEFA

«Yuventus»ning ikki futbolchisi avval Madridda o‘ynagan, ular «keksa sinora» tarkibiga tekinga kelgan Dani Alvesh kabi asosiy futbolchilar hisoblanishadi. Sami Xedira Karlo Anchelotti boshqaruvi davrida asosiy tarkibdan tushib qolgach, shartnomani uzaytirmadi va Italiyaga yo‘l oldi, u bu jamoada asosiy yarim himoyachiga aylandi: agar Pyanich va Markizio «redjista» (Italiyacha o‘yin uslubi, o‘yinni ichkaridan boshlashga qaratilgan) bo‘yicha harakatlansa, Xedira maydonning u chekkasidan bu chekkasiga harakatlanib, ko‘p ish bajaradi. Ikkinchisi, Gonsalo Higuain, u «Yuventus» «Napoli» orqali kelgan. Higuain turinliklar safida birinchi mavsumdayoq 32 gol urishga ulgurdi – u Madridda hech qachon bunday samaradorlik ko‘rsatmagandi.

«Real» tarkibida bir sobiq byankonerochi bor – Alvaro Morata. Taqdir hazilini qarangki, ikki yil muqaddam aynan Morata «Real» Chempionlar ligasi finaliga chiqishiga yo‘l qo‘ymagandi, u o‘shanda «Yuventus» uchun Turinda ham, «Santyago Bernabeu»da ham gol urgandi. Morata bu yilgi finalni zaxira o‘rindig‘ida boshlashi haqiqatga yaqin, Madridda asosiy hujumchi Karim Benzema hisoblanadi. Muxlislar Zidanni Benzemaga ishonch bildiraverishi uchun tanqid qilishadi, ammo Karim har bir o‘yinda ko‘zga ko‘rinmaydigan juda ko‘p ishlarni bajarib kelmoqda. «Visente Kalderon»dagi uchrashuvda esa u o‘zining naqadar muhim o‘rin tutishini ochiqchasiga namoyish etdi.

An'analar

«Monako» bilan uy uchrashuvida byankonerlar darvozaboni Janluiji Buffonning quruq seriyasi barham topdi – Kilian Mbappe natijaga ta'sir ko‘rsatmaydigan golni urib, faxriy darvozabonning «quruq» o‘yinlarini to‘xtatdi, bu seriya 689 daqiqa davom etgandi. YeChLda uzoq vaqt davomida gol o‘tkazmaslik bo‘yicha rekord «Arsenal»ga tegishli. 2005-06 yilgi mavsumda londonliklar pley-off bosqichida gol o‘tkazishmagan. Lekin finalda mag‘lub bo‘lingan.

«Real» o‘tgan mavsum chempioni hisoblanadi. Chempionlar ligasida ketma-ket ikki bor g‘olib chiqish hozircha hech bir klubga nasib qilmagan. 2003/04 yilgi mavsum chempioni «Milan» 2004/05 yilgi mavsumda Istanbul finali «qurboni»ga aylandi. 1995 yilgi chempion «Ayaks» 1996 yilda «Yuventus»ga penaltilar seriyasida yutqazdi. «Chelsi»ning taqdirini Jon Terrining penalti nuqtasida toyib yiqilishi hal qildi. «Manchester Yunayted» 2007/08 yilgi finalda «Chelsi»ni yenggan, keyingi mavsum finalida «Barselona»ga yutqazgan. Lekin bu statistika «Yuventus»ni favoritga aylantirib qo‘ymaydi ham.

Chempionlar ligasi yangi formatga o‘tgan 1992 yildan boshlab hisoblaganda «Real»da sovrinlar soni 5 ta: 1998, 2000, 2002, 2014 va 2016. Madridliklar yangi davrdagi finallarda hech mag‘lub bo‘lmagan.

«Yuventus» bu davrda YeChL finallarida eng ko‘p yutqazgan jamoa hisoblanadi - 4 marta. Jamoa faqatgina 1996 yil bosh mukofotni qo‘lga kiritgan.

Yana bir an'ana – zamonaviy Chempionlar ligasi tarixida har yettinchi yilda italyanlar jamoasi g‘olib chiqadi. 1996 yilda bosh sovrin«Yuventus»ga nasib etgan, 7 yil o‘tib 2003 yilda – «Milan» g‘olib chiqqan, 2010 yilda «Inter». O‘shandan beri esa yana 7 yil o‘tdi.

Betaraflar kimga muxlislik qiladi

Jjanluiji Buffonni yoqtirmaydigan muxlis topilishi qiyin. Uning kolleksiyasida yetishmayotgan yagona sovrin Chempionlar kubogi bo‘lib turibdi. 2003 yilgi YeChL finalida penaltilar seriyasi o‘tkazilgan. Avvaliga Trezege Didani alday olmaydi, keyin Serjino Buffonni osonlik bilan aldaydi. Keyingi zarbalarda esa aksincha bo‘ladi, turinliklardan Takkinardi aniq harakat qiladi, milanliklarda Zeyedorf xato qiladi, uchinchi marta zarbalar berilganida esa ikki tomonda ham xato, Marselo Salayyeta hamda Kaxa Kaladzening zarbalarini Dida va Buffon qaytaradi. To‘rtinchi zarbani turinliklardan Paolo Montero aniq tepa olmaydi, milanliklar himoyachisi Aleksandro Nesta Buffoni dog‘da qoldiradi, beshinchi zarbalarni esa Del Pero ham Shevchenko ham aniq bajaradi, milanlikar chempion. O‘yindan keyin «Old Trafford» tribunasi oldida o‘tirgan Buffon alamdan yig‘lardi: «Endi men yana qachon bunday imkoniyatga ega bo‘laman?».

12 yil o‘tib u yana yig‘laydi – bu safar«Barselona» o‘yinning asosiy vaqtida masalani hal qiladi. Endi «Yuventus» uchinchi finalida Buffon uchun g‘alaba qozonishi kerak.

Jiji – byankonerilar afsonasi, Madridda ham bir afsona bor, ammo u allaqachon murabbiy. Zinedin Zidanning murabbiy sifatidagi faoliyati ham omadli chiqmoqda, u jamoaga kelganiga bir yarim yil bo‘lib, ikkinchi marta YeChL finaliga chiqdi. U Isko va Lukas Vaskes kabi yoshlarga imkon bermoqda.

Darvoqe, Zidan futbolchi sifatidagi oxirgi finalida, 2006 yilgi JCh finalida Jiji Buffonga penaltidan gol urgan, ammo o‘yinning qo‘shimcha bo‘limlari vaqtida Zizu qizil kartochka olib maydonni tark etgan, o‘shanda Buffon raqibni ovuntirgandi.

Foto: UEFA
Foto: UEFA

3 iyun kuni kim kimni ovuntiradi, kutamiz...

Mavzuga oid