Qiz o‘ziga atalgan nikoh uzugini o‘zi bilmagan holda bo‘ynidagi kulonda olib yurgan
Avstraliyalik Anna ismli ayol bir yildan ko‘proq vaqt davomida yog‘ochdan yasalgan kulonni (ayollar bo‘yin zanjiriga taqiladigan ziynat buyumi) uning ichida nikoh uzugi borligidan bexabar taqib yurgan. Uning yigiti Terri 2015 yildayoq bu taqinchoqni ikkilari tanishganlarining bir yilligi munosabati bilan tuhfa qilgan.
Terri kulonni Tasmaniyada o‘sadigan Xuon qarag‘ayidan o‘yib yasagan. U taqinchoq ichiga nikoh uzugini yashirib, bir yildan ko‘proq vaqt davomida Annaga turmushga chiqish taklifini bildirish uchun sabab qidirib yurgan.
2016 yil noyabrda Anna va Terri anchadan beri borishni orzu qilib yurishgan joy – Shotlandiyaga sayohatga borishganda Smu Keyv g‘origa kiraverishda Terri oxir-oqibat kulon sirini fosh qilishga qaror qildi. U Annadan kulonni bo‘ynidan yechishni so‘ragan, so‘ngra pichoq bilan uni ochib, sevgilisi yonida tiz cho‘kib, unga turmushga chiqish taklifini bildirgan.
"Men Smu Keyvni tanlaganimning sababi shundaki, biz uchrashishni boshlaganimizdan beri shu joy haqida gaplashib yurardik. Buning ustiga "smoo" so‘zi norvegcha "yashirin joy" degan so‘zdan kelib chiqqan. Shu sababli, bu menga qo‘shimcha turtki berdi", deb aytdi Terri.
Anna Terrining taklifiga rozilik bilan javob bergan. Ayni vaqtda juftlik uy uchun pul jamg‘armoqda va bu uyda o‘z to‘yini o‘tkazmoqchi.
Terri, shuningdek bu voqeaning barcha bosqichlari: kulon tayyorlanishidan boshlab, Annaga bildirgan taklifigacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olgan videoni namoyish qildi. Terri video oxirida Anna kulon siridan xabardor bo‘lgandan keyin aytgan so‘zlarni eslab o‘tdi: "Uzuk shuncha vaqtdan beri uning ichidamidi? Men uni yo‘qotib qo‘yishim mumkin edi-ku, tentak!".
Terrining aytishicha, Anna endi u berayotgan barcha sovg‘alarni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirib chiqadi. "Endi men Annaga nimadir bersam, u sovg‘a ichida biror narsa yashirilmaganmikin, deb uni tekshirib chiqadi", deb ta'kidlab o‘tdi Terri.