Jamiyat | 09:58 / 26.05.2017
22463
2 daqiqa o‘qiladi

Tohir Malikning yangi kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Foto: ziyouz.uz

25 may kuni «Hilol-nashr» markaziy savdo majmuasida ushbu nashriyotda chop etilgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Shaytanat» romani (2 jildli qayta nashri) va «Doka ro‘mol qachon quriydi» kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ziyouz.uz xabar bermoqda.

Taqdimotda yozuvchilar, ijodkorlar, imom-xatiblar, matbuot va ommaviy axborot vakillari hamda adabiyot muxlislari ishtirok etdi.

Taqdimot avvalida yozuvchi so‘z olib, adabiyotning asosiy vazifasi, inson hayotida ilm-ma'rifatning, kitobning tutgan o‘rni haqida gapirdi. «Badiiy adabiyot bilan diniy ilm birlashmas ekan, biz hali ko‘p adashib yuramiz… Bir zamonlar o‘zbek xalqini dindan chiqarishda o‘zbek ziyolilari peshqadam bo‘lgan edilar. Endi haq dinga qaytarishda ham  ziyolilarimiz peshqadam bo‘lishlari kerak», dedi Tohir Malik.

«Hilol-nashr» nashriyotida nashr etilgan «Shaytanat» romani 2 jildli bo‘lib, uning 1-jildiga asarlarning 1-3-kitoblari, 2-jildiga 4-5-kitoblari kiritilgan. Muxlislarning fikrlari, takliflari va mulohazalarini inobatga olib, yozuvchi romanni ‎qayta tahrir qilgan, ayrim o‘zgarishlar, qo‘shimchalar kiritgan. Noo‘rin joylarni ‎qisqartirgan.

«Doka ro‘mol qachon quriydi» kitobida oilaviy masalalar, er-xotinlik huquq va majburiyatlari haqida so‘z boradi. Unda shu mavzudagi hadislar, buyuk allomalar fikrlari jamlangan. Shuningdek, muallifning maqola va hikoyalari kiritilgan.

Tadbir so‘nggida muallif kitoblarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Mavzuga oid