Jamiyat | 18:44 / 02.06.2017
20118
6 daqiqa o‘qiladi

«Shunqorlar» harbiy-sport musobaqasining yakuniy – respublika bosqichi boshlandi

Jizzax viloyatidagi «Forish» tog‘ dala-o‘quv maydonida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida «Shunqorlar» harbiy-sport musobaqasining yakuniy – respublika bosqichi boshlandi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati negizida ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan sog‘lom, hech kimdan kam bo‘lmasdan, boshini baland ko‘tarib yashaydigan, Vatanimizning taqdiri va istiqboli uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalashdek ustuvor maqsad mujassam. O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Markaziy kengashi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi kabi qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi barkamol avlod tarbiyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning yana bir yorqin isbotidir.

“Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalarining bu yilgi Respublika bosqichi joriy yilning 1-3 iyun kunlari Jizzax viloyatida joylashgan “Forish” tog‘ dala o‘quv maydonida o‘tkazilmoqda. Musobaqa avvalida o‘quvchi-yoshlar Jizzax shahridagi “Motamsaro ona haykali” poyiga gul qo‘yib, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga ekskursiya uyushtirib, u yerda vertolyot va samolyot maketlari, kursantlarning ta'lim olishi va dam olishi uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv trenajyorlarida amaliy parvozlarni bajarish, kompyuterlashtirilgan mashg‘ulot xonalarida nishonga olib otish hamda harbiy uchuvchilar tayyorlash borasidagi ta'lim jarayoni bilan yaqindan tanishgan bo‘lsalar, musobaqalar davomida dala o‘quv maydonidagi askarlar yotoqxonasida yashab, harbiy xizmatchilarning kundalik turmushi, harbiy xizmatning shart-sharoitlari bilan tanishgan holda o‘zlari uchun zarur ko‘nikma hosil qildi.

Musobaqalarning tantanali ochilish marosimida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, Jizzax viloyat hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha markaziy kengash a'zolari, harbiy xizmatchilar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, jismonan va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni milliy, umuminsoniy qadriyatlar hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bolalar sportini rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini, ushbu maqsadlarni hayotga tatbiq etish, qolaversa, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ishlarini yaxshilash, eng muhimi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda «Shunqorlar» harbiy-sport musobaqasining muhim o‘rin tutishi va farzandlar qalbida vatanparvarlik, mardlik, jasorat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni milliy istiqlol mafkurasi ruhida kamol toptirishdek ustuvor vazifalarni qamrab olib, o‘ziga xos sport bayrami, sport harakatiga aylanib ulgurganini alohida e'tirof etishdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 14 ta jamoa saf, harbiy topografiya, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy tayyorgarliklar, kross, turnikda tortilish, granata uloqtirish, to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, pnevmatik quroldan nishonga otish, xorijiy til bilimdoni kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashmoqdalar. Bellashuvlar kutilganidek, qiziqarli va shiddatli, murosasiz bahslarga boy tarzda kechmoqda.

  • Mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, jismonan va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni milliy, umuminsoniy qadriyatlar hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bolalar sportini rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadlarni hayotga tatbiq etish, qolaversa, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ishlarini yaxshilash, eng muhimi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda «Shunqorlar» harbiy-sport musobaqasining muhim o‘rin tutishi va farzandlar qalbida vatanparvarlik, mardlik, jasorat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni milliy istiqlol mafkurasi ruhida kamol toptirishdek ustuvor vazifalarni qamrab olib, o‘ziga xos sport bayrami, sport harakatiga aylanib ulgurgani alohida e'tirofga loyiq, – deydi hakamlar hay'ati a'zosi podpolkovnik Nurullo Obidov.

Ha, o‘quvchilarning musobaqa shartlarini bajarishida g‘alabaga, jismoniy barkamollikka kuchli intilishi va shijoati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yoshlarning puxta hozirligi, g‘ayrati, harbiylikka bo‘lgan qiziqishi, chuqur havasiga, dadil sa'y-harakatlariga guvoh bo‘lib, quvonishingiz tabiiy. Kelgusida bu tirishqoq yigitlarni milliy armiyamiz saflarida askar va serjantlar, ofitserlar sifatida ko‘rsak, ajab emas. Axir, eng sara o‘g‘lonlargina Vatan himoya­chisi sharafiga sazovor bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Mavzuga oid