Qoraqalpog‘istonda tuman bosh arxitektori qo‘lga olindi
Davron Zokirovga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tumanlardan birining bosh arxitektori lavozimi ishonib topshirildi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, yigirma sakkiz yoshli rahbar lavozimidan havolandi. Oldiga ish bilan kelgan fuqarolardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. Qisqacha aytganda, davr-davron surish paytim keldi, deya nafsiga erk berdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
D.Zokirovning huzuriga yakka tartibdagi tadbirkor Sojida O‘rinboyeva kelib, faoliyatini kengaytirish uchun tuman hududidan yer ajratib berishlarini so‘radi. Tadbirkorning gaplariga quloq solib o‘tirgan Davronning yodiga tuman zaxirasida turgan 6,5 sotix yer tushdi. Shu imkoniyatdan foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. S.O‘rinboyevaga: “Tuman hokimiyati sizga yer ajratib bergunicha, ancha vaqt o‘tadi, bir tanishimning yer bor, xohlasangiz o‘sha joyni gaplashib olib beraman”, dedi. Ayol biroz o‘ylanib, “Maslahatlashib ko‘ray-chi”, deya telefon raqamini qoldirib, xonadan chiqib ketdi.
Bu orada D.Zokirov tanishi G‘olib Suyunov bilan gaplashib, go‘yoki yer uniki ekanligini, 4500 AQSh dollaridan kamiga sotmasligini yaxshilab tushuntirdi. Jinoiy rejani amalga oshirish uchun esa ikkovlon yana bir shaxsni, tuman arxitektura bo‘limida mutaxassis bo‘lib ishlayotgan Erkin Ikromovni ham jalb qilishdi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, S.O‘rinboyeva tuman bosh arxitektoriga qo‘ng‘iroq qilib, yerni olishga rozi ekanligini aytdi va narxini so‘radi. D.Zokirov yerning narxini kelishilganidek 4500 AQSh dollari, deb aytdi. Lekin oradan ma'lum vaqt o‘tgach, S.O‘rinboyevani jinoiy sherigi G‘.Suyunovga ro‘para qilib, yerning narxini 4900 AQSh dollariga oshirishdi. Bu holat esa tadbirkorda shubha uyg‘otdi va u tegishli joyga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Nihoyat, G‘.Suyunov va E.Ikromov yakka tartibdagi tadbirkor S.O‘rinboyevani aldab, undan 4800 AQSh dollarini olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandi. Surishtiruv jarayonida ularning “rahnamosi” D.Zokirovning qilmishlariga ham oydinlik kiritildi va u ham qo‘lga olindi.
Sud uchovlovnning qilmishini atroflicha ko‘rib chiqdi va tegishli jazo tayinlab, hukm chiqardi.
Mavzuga oid
13:37 / 03.08.2024
“Avariya holatigina renovatsiyaga sabab bo‘la oladi” – arxitektor shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasini «xavfli» deya atadi
07:40 / 17.07.2024
O‘zbekistonda shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi
10:26 / 02.07.2024
Qoraqalpog‘istonda 15 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini amalga oshirishda qonun talablari buzilgan – Raqobat qo‘mitasi
12:31 / 01.07.2024