Jamiyat | 17:07 / 16.06.2017
23174
6 daqiqa o‘qiladi

Loqaydlikning vaqti o‘tdi: jamiyatdagi kambag‘allikni yo‘qotish o‘z qo‘limizda

Illyustrativ foto

Bugun ertalab ishga kelsam, qo‘shni tashkilot gulzorini tozalatayogan ekan. Hormanglar dedim-u, ikki nafar yupun kiyingan mardikor ayolga ko‘zim tushdi. Ishxonamda ishlarni taqsimlab, miyamga dam berish maqsadida ko‘chaga chiqdim. Chiqsam haligi ikki ayol kun issiq bo‘lishiga qaramay ishlayotgan ekan. Ularni ishini va o‘zini kuzatdim. Ustidagi ko‘ylaklari juda ham eskirib ketgan, qo‘llari qavargan, ozg‘in va yuzlari nursiz edi.

Sekin yonlariga borib, ularni suhbatga tortdim. Ma'lum bo‘lishicha, ayollardan birining uch nafar  farzandi bor, u yolg‘iz o‘zi mardikorchilik qilib, shu uch bolaning qornini to‘yg‘azishini aytdi. Ikkinchi ayol esa turmush o‘rtog‘i borligi, lekin chet elga pul topish maqsadida ketganiga ikki yil bo‘lgani, ikki bolasini yolg‘iz o‘zi boqib, tarbiyalayotganini aytib o‘tdi.

Hayotda shu holatga tushishlaringa kim sababchi va biror bir kimsa sizlardan xabar olib turadimi, deya savol bilan yuzlandim. Ayollar esa hozirda kim kimdan xabar oladi, barcha o‘zi bilan o‘zi ovora-ku, deya javob qaytarishdi. O‘qimaganliklarini, biror bir hunar o‘rganmaganliklarini, ma'lumotlari bo‘lgan taqdirda ham hech kim ishga olmasligini, buning uchun tanish-bilish kerakligini xo‘rsinib aytib qolishdi. O‘ylanib qoldim. Bu ayollar kimga kerak - farzandigami, aka-ukalariyu qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘igami yoki bizning jamiyatgami?..

Shu vaqt ishxonadan xodimlar chaqirib qolishdi va ular bilan suhbatimiz uzilib qoldi. Ish tugagandan so‘ng uyga qaytdim. Uydagilar badavlat qo‘shnimiznikida bo‘layotgan ehson-iftorlikka borishimni aytishdi. Iftorlikka bordim. Dasturxon sarxil mevalar, somsa, norin, kabob va turli xil taomlar bilan bezatilgan. Yig‘ilganlarning hammasi o‘ziga to‘q, ular ehson yeydigan odamlar emas edi. Ko‘pchilik yedi, ichdi, duolar o‘qildi.

Dasturxonda nozu ne'matlar ortib qoldi. Lekin tomog‘imdan hech narsa o‘tmadi. Kunduzi suhbatlashgan ayollarning biz kimga kerakmiz, degan savoli boshimda g‘uvillab aylanar edi. Uyga kirdimu uxlab qolibman.

Tursam soat kechki 11 edi. Bugungi voqealarni birma bir o‘ylab, to‘g‘risi siqilib ketdim. Ko‘z oldimga mardikor bozori keldi. U yerga rizq izlab chiqqan insonlarning ahvoli, ish beruvchi kelsa, uning ketidan quvishlari... Mardikor bozorda ertalabdan kechgacha 60-70 nafar erkak va 20-30 ga yaqin ayol har kuni o‘zlari va oilalarining rizqini kutishadi. Kimdir topadi, kimdir esa yo‘q. Mardikor ayol to‘g‘ri aytibdi - jamiyatimizdagi bu insonlar kimga kerak, aybi nima?

Ko‘pchilik ularning o‘zlari aybdor, kasb-hunar o‘rganmagan, dangasa insonlar, deyishi mumkin. Ularni shu darajaga yetishiga ota-ona oila, mahalla, jamiyat sababchi emasmi? Bu insonlarning farzandlari yaxshi yemasa, ichmasa, kiymasa, ta'lim-tarbiya olmasa, huddi onasi-otasidek bo‘lmasligiga kim kafolat bera oladi? Bu mardikor insonlarga kim ehson qiladi, kim kasb-hunar o‘rgatadi,  kim doimiy ish bilan ta'minlaydi, kim doimiy daromad manbaiga ega qiladi? Bu insonlarni bolalari qachon to‘yib ovqatlanadi, yaxshi kiyinadi? So‘nib borayotgan ota-onasini qachon mehribon, quvnoq holatda ko‘radi? Qachon oilasi bilan birga biror bir joyga dam olgani yoki uyida biror bir tansiq taom pishirib yeydi?

Aybni osongina hukumatga ag‘daramiz. To‘g‘ri, qisman ular aybdordir. Ijtimoiy himoya, ma'naviy ishlar to‘g‘ri olib borilmagandir. Biz-chi, atrofdagilar nima qilyapmiz? Nimaga befarqmiz? Nega ehson-iftorliklarni mardikor bozorlarda yoki yetimxonalarda bermaymiz? Ramazon oyida mahallamizdagi beva-bechora, yetim-yesirlarga ehson-iftorligi qilib bermaymiz? Nega bu insonlarni doimiy ish va daromad manbaiga ega qilmaymiz? Savol ko‘p, lekin yechimi bormi?

Yechimi bor. Yechimi oddiy. Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yordam beraylik. Prezidentimiz aholi daromadini oshiraylik, deb har kun gapiryapti. Boqib-parvarishlash uchun xonadonlarga tovuq, sigir va echkilar, dehqonchlik uchun issiqxonalar qurishga banklarning jalb qilinishi quvonarli hol. Lekin bu ishlar faqat bankning ishimi? Saxovatpesha tadbirkorlarimiz, o‘ziga to‘q xoji akalar ham bor-ku.

Keling, shu Ramazon oyining oxirgi 10 kunida ehtiyojmand insonlarga ehson-iftorliklar qilib beraylik. Ramazon hayitidan Qurbon hayitigacha 70 kun oralig‘ida mahallamizdagi kam ta'minlangan oilalarga tovuq, mol, qo‘y va echkilar olib berib, issiqxonlar qurib beraylik. Kasb-hunarga o‘rgatib, doimiy ish bilan ta'minlaylik. Kelinglar, shu odamlarga qo‘shimcha daromad manbai topadigan sharoitlar qilib beraylik. Ushbu davlatning rivoji faqat hukumatga emas, o‘zimizga ham kerak-ku. Ularni jamiyatdan ajratib qo‘ymaylik.

Asad Soliyev

Mavzuga oid