Jahon | 08:48 / 23.06.2017
6887
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: American Airlines Qatar Airways’dan norozi

Foto: RIA Novosti AP Photo/Michael Probst

American Airlines Qatar Airways’ning Amerika kompaniyasining 16,7 mln aksiyasini fond bozorida 808 mln dollarga sotib olish bo‘yicha rejalariga salbiy munosabatda. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasiga American Airlines rahbari Dag Parker xabar berdi.

Uning ma'lum qilishicha, Qatar aviatashuvchisi shunday katta ulushni qo‘lga kiritishi mumkinligidan “baxtli emas”. Parkerning baholashicha, Qatar Airways rahbari Akbar al-Bakirning yondashuvi “g‘alati va tushunarsiz”. Uning ta'kidlashicha, al-Bakirga o‘z pozitsiyasini aniq yetkazgan.

Avvalroq American Airlines Qatar Airways ushbu aviakompaniyada 4,75 foizlik ulushni xarid qilish, hamda uni ijobiy holat davom etadigan bo‘lsa 10 foizga qadar oshirish niyatida ekanini ma'lum qilgandi. Qatar aviatashuvchisi bunday qadamni “yaxshi sarmoyaviy imkoniyat” deb atadi hamda American Airlines direktorlar kengashida ovoz berish huquqini qo‘lga kiritishda “passiv pozitsiyaga rioya etishi” haqida va'da bergan.

WSJ’ning aniqlik kiritishicha, AQSh qonunlari xorijiy xususiy korxonalarga Amerikaning istalgan aviakompaniyasida 49 foizgacha aksiyalarga egalik qilishga ruxsat beradi, biroq, ovoz berish huquqi taqdim etiladigan bo‘lsa, bunday ruxsat faqatgina 25 foiz aksiyalargacha beriladi. 

O‘tgan haftada Akbar al-Bakir AQSh prezidenti Donald Trampga ayblov bilan chiqqandi. Uning aytishicha, Tramp Qatarning yonini olmagan va shu tariqa qo‘shni davlatlar tomonidan amirlik havo hududi “qamali” davom ettirilishiga zamin yaratgan. Kompaniya rahbari fuqarolik aviatsiyasi xalqaro tashkilotiga shikoyat bilan chiqish niyatida ekanini ham ma'lum qilgandi. 

Mavzuga oid