Jamiyat | 10:09 / 24.06.2017
18973
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonlik ayol o‘z turmush o‘rtog‘i va uning yaqinlarini zaharlab kelgani aniqlandi

Tojikistonda bir ayol ikki kishining qotilligida gumon qilinib, militsiya xodimlari tomondan hibsga olindi. Ma'lum qilinishicha, Xatlon viloyatining Paxtakor qishlog‘ida yashovchi 37 yoshli ayol o‘z turmush o‘rtog‘i va uning yaqinlarini zaharlab kelgan.  

Ichki ishlar vazirligida ma'lum qilinishicha, ayol turmushga chiqqanining ilk kunlaridanoq 43 yoshli eri va uning yaqinlarini yomon ko‘rib kelgan. U 2014 yil 29 iyunda kurutob deb nomlanuvchi milliy taom tayyorlab, unga hasharotlarga qarshi vosita aralashtirib qo‘ygan va shu zaharlangan taomni dalada ishlayotgan eri va uning oilasi a'zolariga olib borgan. Bu taomni tanovul qilgandan keyin 8 kishi zaharlanish bilan shifoxonaga yetkazilgan. Ular orasida ayol erining 39 yoshli ukasi, uning 34 yoshli rafiqasi va 3 nafar yosh bola hamda erining qarindoshlari – Dushanbeda yashovchi 19 yoshli bola, 38 va 36 yoshli erkaklar bo‘lgan.   

Zaharlanish oqibatida ayol erining ukasi vafot etgan. Qotil ayol bu bilan cheklanib qolmagan. U shu yilning sentabrida erining oilasini zaharlangan nonlar bilan "siylagan". Buning oqibatida Panj viloyati shifoxonasiga ayolning 34 yoshli beva ovsini, erining 26 yoshli singlisi va 4 yoshli qizcha tushib qolganlar. Ular orasidan norasida qizcha ayolning qurboniga aylangan.  

Nafratdan "aqli ozgan" ayol erining amakisi vafoti bilan o‘tkazilayotgan uch kunlik motam ishtirokchilari uchun yana zaharlangan nonlar pishirgan. Bu galgi zaharlanishdan Qo‘rg‘on-tepa shifoxonasiga 7 kishi yetkazilgan.  

Oxir-oqibat ayolning kirdikorlari ma'lum bo‘lib, unga nisbatan qotillik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda tergov olib borilmoqda.

Tojikiston ichki ishlar vazirligi saytida zaharlash holatlari nima uchun 2014 yilda qayd qilingani, jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqidagi xabar esa endi paydo bo‘lgani haqida hech narsa deyilmagan.

Mavzuga oid