Jamiyat | 17:09 / 27.06.2017
12245
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik kardiologlar o‘zbekistonlik bir yoshli bola hayotini saqlab qolishdi

Foto: Jahon AA

O‘zbekistonning Kiyevdagi diplomatik vakolatxonasi tomonidan Xorazm viloyatilik bir yoshli bola Lazizbek Sharifov hayotini qutqarib qolish bo‘yicha yordam ko‘rsatildi.

Murakkab jarrohlik amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish jarayoni elchixonaga bolaning ota-onasi og‘zaki tarzda murojaat qilganidan so‘ng boshlandi. O‘zbekiston vakolatxonasi vatandoshlarga bu oson bo‘lmagan vazifani bajarishda ko‘mak ko‘rsatdi.

Tibbiy xulosalar o‘rganib chiqilib, Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligining bolalar kardiologiyasi va kardiojarrohligi Markazi direktori Ilya Yemets bilan maslahatlashuvlardan so‘ng ma'lum bo‘ldiki, vaziyatning o‘tkazib yuborilgani va yurak yetishmovchiligi kech aniqlangani tufayli Lazizbekning hayoti xavf ostida qolgan. Shunda bolani Kiyevga murakkab amaliyotni o‘tkazish uchun yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Biroq bolaning ota-onasida qimmat jarrohlik amaliyotini to‘lashga mablag‘lar bo‘lmagan. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi palov tayyorlash xayriya aksiyasini tashkil etdi va ikki kun ichida 1600 AQSh dollarini yig‘di. Ular tibbiyot muassasasiga xarajatlarni qisman qoplash uchun berildi.

Markaz rahbariyati bolaning ota-onasidan boshqa mablag‘larni talab qilmadi.

Joriy yilning 16 iyun kuni kardiojarroh Yaroslav Ivanov murakkab amaliyotni o‘tkazdi, hamda kichik yoshli bemor beshinchi kuni kardiologiya bo‘limiga o‘tkazildi. Endilikda uning hayotiga hech narsa xavf solayotgani yo‘q.

Kelajakda Lazizbek yana bir necha amaliyotdan o‘tkazilishi lozim, ular uning hayoti sifati va davomiyligini oshiradi. Biroq, eng asosiysi – bolada imkoniyat paydo bo‘ldi.

Mavzuga oid