O‘zbekiston | 14:50 / 04.07.2017
49667
11 daqiqa o‘qiladi

Ozodbek Nazarbekov «Yoshlar»ga rahbar: ijtimoiy tarmoqlarda reaksiya qanday?

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakat (endilikda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi) qurultoyida «Yoshlar» telekanali rahbari etib tayinlangani e'lon qilingach, bu kutilmagan va shov-shuvli yangilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida juda keng muhokama etildi.

Albatta, bu qarorni olqishlamaganlar ham, unga qarshi fikr bildirganlar ham talaygina. Biz ulardan iqtibos keltirib o‘tirmadik, chunki muxtasar qilib aytganda, ularning bosh e'tirozi jurnalistika sohasi rahbarligini artistga, san'atkorga ishonib topshirib bo‘lmasligi xususida bo‘ldi.

Masalan, foydalanuvchilardan Ra'no Hasanova shunday yozadi:

«Men bir nimani tushunmayman: nega endi Ozodbek? Nahotki televideniyeda ishlovchi mutaxassislar, kadrlar yetishmasa? Juda rahbar topisholmasa, taniqli xalq artistlaridan rahbar tayinlashning iloji yo‘qmidi? Qo‘shiqchidan ko‘ra, aktyor yaxshiroqmidi, deyman-da. Juda axloqli, odobli, salobatli aktyorlarimiz bor-ku?! Masalan, Hoshim Arslonov, Murod Rajabov, Lutfulla Sa'dullayev, Yodgor Sa'diyev va hokazo. Balkim o‘sha aktyorlarimiz yangilik qilisharmidi. So‘nggi paytlarda televizorda qiziqarli narsalar berilmayapti. Ertalabdan kechgacha faqat gap...»

Ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlayotganlar, Ozodbek Nazarbekovning erkin ijodkor ekanligi, yoshlar bilan muomala qilishni juda yaxshi bilishi, undan ajoyib rahbar chiqishiga ishonch bilan qarayotganlar ham bor, albatta. Ular gapiga dalil sifatida kasbi san'atkor bo‘lgan prezidentlar va boshqa mutaxassislikni egallab TV sohasida shuhrat qozongan rahbarlarni tilga olishmoqda.

Dilshod Islomov bu borada o‘z fikrini quyidagicha bayon etgan:

«Albatta, «Yoshlar» telekanaliga O‘zbekiston xalq artisti, xalqimizning sevimli san'atkori Ozodbek Nazarbekovning rahbar etib tayinlanishiga har xil munosabatlar bildirilayapti. Rahbariyatning bu qarorga kelishining asosli sabablari bo‘lishi tabiiy. To‘g‘ri, Ozodbek TV haqida mukammal bilim, tajribaga ega bo‘lmasligi mumkin. Biroq, salohiyati haqida oldindan noo‘rin gapirib bo‘lmaydi. Balki, «Yoshlar» kanali u kishining rahbarligi ostida juda rivojlanib ketar. Bilganimiz, el-yurt oldida yetarli obro‘-e'tiborga ega, shuncha yildan buyon qo‘shiqchilik borasida qirol bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, ayrim san'atkorlarga o‘xshab oyog‘i yerdan uzilib, gerdayib ketgani yo‘q. Katta shuhrat, ma'naviy va moddiy boylikka ega bo‘lsa-da odamgarchilikni, kamtarlikni unutgani yo‘q.

Qolaversa, OAV shunday soha ekanki, ishga kirish, lavozimga tayinlanish uchun aniq mutaxassislik diplomi talab etilmaskan. Qobiliyat, o‘quv bo‘lsa bo‘lgani. "Selxoz"ni chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha tugatmaysizmi, diplom bo‘lsa bo‘ldi, ishlayverasiz, kerak bo‘lsa bosh muharrir bo‘lib. Shu uchun ham OAV sohasida jurnalist mutaxassisligiga ega kadrlar qatorida do‘xtirlarni ham, chorvadorlarni ham, harbiylarni ham, xullas, har soha vakillarini uchratish mumkin. Masalan, Rossiyaning «Perviy kanal»i. Umuman, Rossiya TVsini Kosntantin Ernstsiz tasavvur qilish juda qiyin. Uning ham aslida mutaxassisligi OAV uchun butkul begona. Adashmasam, mutaxassislik bo‘yicha biologmi, qurtshunosmi, xullas, shunaqa. Lekin uning kuchli mediamenejyer, prodyuser va noyob teleloyihalar muallifi ekanini hech kim inkor etolmaydi».

Shoir Abdulaziz Muborak shunday yozadi:

«Men Ozodbek Nazarbekovni «Yoshlar» telekanaliga boshliq bo‘lganining yaxshi tomonlarini ko‘rdim.

Birinchidan, Ozodbekda jurnalistlar kabi ichki senzura yo‘q. Ikkinchidan, u shaxsan prezident nazarida bo‘lgani uchun kanal ichida islohotlarga bemalol qo‘l urishdan cho‘chimaydi.

Endi hamma gap telekanal jurnalistlarida qoldi. Darvoqe, direktor bo‘lishi faqat jurnalistlarga emas. Farosat bo‘lsa, bas. Ozodbek yaxshi inson, endi yaxshi rahbar ham bo‘lsin. Men omad tilayman. Hammasi yaxshilikka».

Shoir Botirjon Ergashev bu borada o‘z fikrlarini kengroq qilib bildirgan:

«Buni xushxabar sifatida qabul qilganlar ham bo‘ldi, «manga farqi yo‘q», deb parvo qilmaganlar ham bo‘ldi, bu xabardan xuddi qiyomat qo‘pganidek «shaytonlab» qolganlar ham bo‘ldi. 

Bunga zig‘ircha qarshi emasmiz. Har qanday voqe'likni har kim o‘zicha qabul qiladi va o‘zidan kelib chiqib munosabat bildiradi. 

Men prezidentning bu qaroriga qo‘shilaman. Shavkat Miromonovich kimdan qayerda foydalanishni, kim qayerda elu yurtga ko‘proq naf keltirishini yaxshi-yomon fikr yuritayotgan sizu bizdan ko‘ra yaxshiroq biladi. Albatta, «yo‘q, men bu masalani prezidentdan yaxshiroq bilaman», deydiganlar ham topiladi. Kim haqligini esa vaqt ko‘rsatadi. 

Sobiq ittifoq vaqtida, ya'ni yurtimizning, millatimizning boshida mustabid tuzum qilich o‘ynatib turgan mahallarda Usmon Yusupov, Yo‘ldosh Oxunboboyev, Sharof Rashidov, Inomjon Usmonxo‘jayev, Rafiq Nishonov kabi turfa soha vakillari bo‘lgan shaxslar mamlakatimizga rahbarlik qilishdi. Ular rahbarlik qilgan yillarni bir-biriga solishtiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston, hech shubhasiz, Sharof Rashidov davrida yaxshi ma'nodagi katta o‘zgarishlarni boshidan kechirdi. Sharof Rashidov siyosatchi emasdi. U adabiyot namoyondasi edi. Ammo ijodkor bo‘lishiga qaramay, shafqatsiz tuzumning rahnamolari bilan til topishib, yurtimizda katta bunyodkorliklarga, ko‘plab yutuqlarga erishishimizga sababchi bo‘lgan.

Sal kam uch asrlik mustaqillik davriga ega bo‘lgan Amerika Vashington, Ford, Bush kabi juda atoqli prezidentlar ro‘yxati orasida Ronald Reygan davridagiday ezgu ishlarni ko‘p qilgan emas. Reygan dunyo hamjamiyati bilan ungacha va undan keyin bo‘lgan prezidentlarga qaraganda yaxshi ma'noda ko‘proq naf keltirgan. Holbuki, u siyosatchi emas, san'atkor edi. 

Tarixdan bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. 

Ozodbekning telekanalga rahbar bo‘lganidan qayg‘uga botayotgan hurmatli yurtdosh, millatdosh, dindoshlarim. Xotirjam bo‘ling, san'atkor Amerikaday mamlakatni boshqaribdimi, adib O‘zbekistonni mustamlaka holida boshqarishni eplabdimi, demak xalq artistimizning «Yoshlar» kanalini ravnaq toptirishiga ham ishoning! 

Bu taqdir, bu hayot. Eplasa «qoyil» deymiz va unga xayrixoh bo‘lamiz. Mabodo eplolmasa, viloyat yoki tumanda o‘z sohasini rivojlantirishni uddalay olmagach, ishdan olingan hokimlarday vazifasidan olinadi — bo‘ldi. Bu bilan osmon uzilib, yerga tushmaydi. 

Prezident shuni istadi. Demak xudo shunday qilishi kerakligini yurt egasining ko‘ngliga soldi. Hech bir ish Allohning hukmisiz amalga oshmaydi. Shu sababdan har-xil fitna-fasodlarni bas qilib, kuzatishda davom etaylik. Ozodbek Nazarbekovning rahbarligi yoqadimi-yoqmaydimi, endi fidoiylik namunasini ko‘rsating va uning ishlariga Yaratgandan rivoj tilang. Axir uning ishining rivoji mamlakatimiz rivoji emasmi? 

Man Ozodbek Nazarbekovni o‘zimni qanday bilsam, shunday bilaman. Biroq, men ham ertaga qanday ish olib boradi: yaxshimi-yomonmi, bilmayman. Ammo shuni aniq-tiniq, kafolat berib ayta olamanki, ayni kanaldagi korrupsiya tugatiladi. Bu kafolatni men Ozodbek Nazarbekovning halol-haromga juda katta e'tibori tufayli bera olaman. 

Bu shoir o‘zi hamkorlik qiladigan xonandani «ko‘tar-ko‘tar» qiladi-da, degan xayolga bormang. Aslida, men uning rahbarligidanmas, yangi qo‘shiqlar qilib, xalqimizning to‘ylarida xizmat qilib, konsertlar berishidan ko‘proq manfaatdorman. Lekin unga shu vazifa ishonib topshirildimi, ishonch bildiraman va imkonim boricha yordamimni ayamayman. Agar yordamim tegmasa, hech bo‘lmasa, zararimni yuqtirmayman. 

Qadrli vatandoshlar!

Bilaman, hammangiz ertamiz uchun kuyib-pishyapsiz. Kelinglar, shu kuyunchaklikka duolarimizni ham qo‘shamiz. Bizga nima farqi bor qaysi soha vakili qayerga rahbar bo‘lishining? Asosiysi taraqqiyot-ku, to‘g‘rimi? Ilohim, davlatimiz rahbarining, barcha sohaning boshidagilarning qilayotgan ezgu ishlari, o‘rinli qarorlariga Alloh baraka ato etsin. Shu jumladan, Ozodbek Nazarbekovning ham astoydil kirishgan yangi ishiga Yaratgandan yuksalish va ravnaq tilaymiz. Yurtimizda yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Mana shu yoshlarimizning ovozi bo‘lgan «Yoshlar» telekanallarning ichida eng zo‘ri bo‘p ketsin. Omin!»

«Million» qiziqchilar jamoasi ijodiy rahbari Davron Kabulov kinoya bilan shunday yozadi: 

«Ozodbek Nazarbekov «Yoshlar» TRK direktori lavozimiga to‘g‘ri kelmas ekan. Ishqilib, o‘zingiz hozirgi lavozimingizga to‘g‘ri kelasizmi?»

Alisher Ahmedov shunday fikr bildirgan:

«Ozodbek Nazarbekov o‘ta qat'iyatli, sog‘lom fikrli va biror vazifaga mas'uliyat bilan, chuqur yondashadigan, xalq tashvishini o‘ziniki, deb qaraydigan ijodkor. Bu insonni yaqindan taniganim uchun o‘z fikrimni bildirishni lozim topdim. Ozodbekni dinu diyonatli va harom-harishdan hazar qiladigan inson sifatida juda hurmat qilaman. Qo‘shiqchilar bor, Dubayda dam olib, tarallabedod etib, barlarda, tungi klublarda ichib-chekib yurishadi, qo‘shiqchilar bor, Dubayga kelib, mehmonxonadan chiqmay, Bobur haqida kitoblarni berilib o‘qib, o‘z ustida ishlaydi. Bunga shaxsan o‘zim guvoh bo‘lganman. Ozodbek akani o‘z ishining ustasi va ba'zi odamlar aytganday kibrli emas, balki kamtar va hokisor inson sifatida kashf qilganman. Unga Allohdan kuch-quvvat, boshlagan ishlari xayrli bo‘lishini tilab qolaman. Xudoni tanigan odamlardan faqat yaxshi va xayrli amallar chiqadi. Bunga ishonaman». 

Shermuhammad Akbarov:

«Shuncha vaqt, telejurnalistlar nima arzirli ko‘rsatuv tayyorlashdi? Hammasi Rossiya TV laridan nuqtama-nuqta ko‘chirilgan ko‘rsatuvlar tayyorlash bilan band bo‘lishdi. Eng asosiysi, televideniye moddiy bazasi rivojlantirilmadi. Natijada, xar uch daqiqada bir xil reklama roligi ko‘rishga mahkum etildik.

Ozodbek rahbar bo‘lgani uchun, televideniyega pul topishni boshqacha usulini topadi. Uning rahbar bo‘lganini ijobiy baholadim».

Mavzuga oid