Jamiyat | 10:52 / 05.07.2017
21954
4 daqiqa o‘qiladi

Talabalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilishini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashmoqda

30 iyun kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev harakat negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish taklifini bergach, bu taklif bir ovozdan ma'qullangan edi.

Shu munosabat bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida prezidentning “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi “Jismoniy va ma'naviy yetuk yoshlar – ezgu maqsadlarimizga yetishda tayanchimiz va suyanchimizdir” mavzusidagi nutqi mazmun-mohiyati hamda Qurultoy ishi davomida bildirilgan fikrlar va takiflar to‘g‘risida ma'lumotlar berish, universitetda tahsil olayotgan talaba-yoshlarga tanishtirish maqsadida targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda universitetda tahsil oluvchi talaba, Qurultoy delegati Shukurulloxon Anvarov, Olmazor tumani delegati Sherzod Muxamedov, universitet rektori Avazjon Maraximov hamda soha prorektorlari, fakultetlar dekanlari, ularning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, yosh pedagog-xodimlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Targ‘ibot uchrashuvi ochiq muloqot shaklida tashkil etilib, avvalo yig‘ilganlarga Qurultoy yakunlari, qabul qilingan qarorlar hamda prezident tomonidan berilgan taklif va tavsiyalar to‘g‘risida yig‘ilganlarga atroflicha ma'lumotlar berildi. Qurultoy delegati Shukurulloxon Anvarov o‘z so‘zida prezident tomonidan berilgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish taklifi Qurultoy delegatlari tomonidan bir ovozdan maqullanganligi hamda bu tashkilot mamlakat yoshlarining barcha toifa va guruhlarini qamrab olishi, ularni demokratik prinsiplar asosida birlashtirishi belgilab berilganligi to‘g‘risida ma'lumotlar berdi.

Bo‘lg‘usi tashkilotning huquqiy maqomi, asosiy maqsad va vazifalari, uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va nufuzini, obro‘-e'tiborini oshirishga alohida e'tibor qaratilishi to‘g‘risidagi fikrlar bilan Sherzod Muxamedov yig‘ilganlarga atroflicha ma'lumot berdi.

Universitet rektori Avazjon Maraximov o‘z so‘zi avvalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun – 30 iyun sanasini mamlakatimizda Yoshlar kuni deb e'lon qilingani munosabati bilan uchrashuvga yig‘ilgan barcha yoshlar samimiy muborakbod etdi hamda prezident ma'ruzasidan kelib chiqqan holda o‘z xulosalari bilan o‘rtoqlashdi. 

Rektor so‘zida davom etar ekan, bevosita yig‘ilgan yoshlardan yangi tuzilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati uning maqsad vazifalarini og‘ishmay ro‘yobga chiqarish jarayonlarida yoshlardan o‘z kuchlari va qobiliyatlarini ishga solishda faollik ko‘rsatishlari kerak ekanligini bu jarayonda har qanday tashabbuslarni universitet rahbariyati qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.


 
Shundan so‘ng uchrashuvda yosh pedagog-xodimlar va talaba-yoshlar so‘zga chiqib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilishi g‘oyasini ko‘tarinkilik bilan kutib olganliklarini, yurtboshimizning yoshlarga yangidan-yangi imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha davlat tashkilotlari oldiga qo‘ygan vazifalari hamda bir qator imtiyozlarni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar. Shuningdek, uchrashuvda universitetda ta'lim va tarbiya ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish, talaba-yoshlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirishi hamda ijtimoiy ma'naviy muhitni yanada yaxshilash talaba-yoshlar tomonidan universitet rektoriga bir qator takliflar berildi hamda universitet rektori ushbu takliflarni universitet hayotiga joriy qilish bo‘yicha mutasaddi xodimlarga topshiriqlar berdi. 

Uchrashuv so‘ngida shunday uchrashuvlar yil davomida har oyda bo‘lib o‘tishi belgilab olindi. 

Mavzuga oid