Qatar boykot oqibatlari uchun kompensatsiya undirish komissiyasini tuzdi
Qatar bir oy muqaddam to‘rt arab davlati — Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va Bahrayn tomonidan e'lon qilingan boykotdan zarar ko‘rganlardan kompensatsiya uchun ariza qabul qiluvchi maxsus komissiya tuzdi, deb xabar qiladi «Al-Jaziyra» telekanali mamlakat bosh prokurori Ali ibn Fatisga asoslanib.
«Kompensatsiyalar bo‘yicha komissiya qamal natijasida jabr ko‘rganlardan ariza qabul qiluvchi markaziy organ bo‘ladi. Komissiyaga TIV va adliya vazirligi vakillari kiritiladi», dedi bosh prokuror.
Uning so‘zlariga ko‘ra arizalar olingach va o‘rganilgach, komissiyaning keyingi xatti-harakatlari bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
«Bu ishlar mahalliy sudlarda ham, Qatardan tashqaridagi sudlarda ham ko‘rib chiqilishi mumkin», dedi bosh prokuror.
Qatar tomonining ma'lumotlariga ko‘ra, boykot natijasida mamlakatning mingdan ziyod fuqarosi va xorijliklar jabr ko‘rgan.
Boykot nafaqat diplomatik munosabatlarga chek qo‘yish, shuningdek, barcha turdagi transport aloqalarini uzishni va boykot e'lon qilgan davlatlardan Qatar fuqarolarini chiqarib yuborishni ham nazarda tutadi. Shunday qilib, nafaqat ishbilarmonlar, shuningdek xorijda o‘qiyotgan talabalar va aralash oilalar ham jabr ko‘rgan.
Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn iyun oyi boshida Doha bilan diplomatik aloqalar hamda har qanday hamkorlikni uzib, Qatarni terrorchilikni qo‘llab-quvvatlash hamda arab davlatlarining ichki ishlariga aralashuvda ayblab chiqqan edi. Keyinroq arab davlatlari Qatarga ultimatum e'lon qilishgan va 10 kun ichida qo‘shnilarning talabiga ko‘nish shartini qo‘yishgan.
Ultimatum 13ta talabdan iborat edi, ularning orasida Eron bilan diplomatik va harbiy aloqalar darajasini pasaytirish, Turkiya harbiy bazasini yopish, terrorchilik tashkilotlarini moliyalashtirishni bas qilish, arab davlatlarining ichki ishiga aralashmaslik, qo‘shnilarning muxolifat arboblarini qo‘llab-quvvatlamaslik, shuningdek, «Al-Jaziyra» sun'iy yo‘ldoshli telekanalini butunlay yopish talablari bor edi.
Qatar bu talablarni rad etib, uni bajarib bo‘lmas, deb atagan.