O‘zbekiston | 17:10 / 11.07.2017
97490
7 daqiqa o‘qiladi

Prokuror va echkiboqar. Bo‘sh qop tik turganini kim ko‘rgan?

O‘tgan hafta internet nashrlarda suratlari chop etilgan o‘n olti talabaning ayanchli holati ko‘z o‘ngimdan ketmayotir. Ahvol-ruhiyati yengiltabiat ayollarni, istiholaga ne hojat, fohishalarni eslatadi. Suratlarda ularning qaboqlariga ham qalin qora chiziq tortilgan. Tanish qiyin. Qo‘lga tushgan fohishalar jon holatda yalang‘och siynalarini choyshab bilan yopishga urinsa, hojatbaror yigitlar yerga qaragan. Shalviragan. Farqi – talabalar kiyimida. Hatto ayrimlari harbiy formada.

Voqea joyi – Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) maxsus fakulteti. Vaqti - abituriyentlar test topshirgan kun – 2017 yilning 5 iyuli. Ilovadagi boshqa suratda esa qariyb bir qop qo‘l telefoni. Katta-kichik, oq-qora, eski-yangi. Ming xil. 

TATUda forma kiygan «zaychiklar» qo‘lga tushdi

O‘n olti navqiron yigit. Omi desangiz – birovning o‘rniga imtihon topshirmoqchi bo‘lishgan. Demak, xat-savodi bor. Nodon desangiz – o‘ylab topgan «hunari qirq eshakka yuk» bo‘ladi. Balki bu hunari ortidan ilgari ham mazaxo‘rak bo‘lishgandir. Yaxshi stipendiya olishsa, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatilsa, hatto majlislarda adl-u insof, yuksak ma'naviyatdan ma'ruzalar qilishsa, ehtimol. Balki o‘zlarini imon ahlidan deb ham bilishar. Ularni yollagan tanbal abituriyentlarning pul topib, kalla topmagan ota-onalari esa va'dani quyuq qilgani aniq. Ehtimol durustgina shirinkoma ham berishgandir. Hali kasb-korining tayini bo‘lmagan tanbal o‘g‘lida buncha mablag‘ – 50-60 million ne qilsin. 

Bu poytaxtimizdagi nufuzli dorulfununning bitta (yana harbiylashgan!) fakultetida yuz bergan voqea. Fojia! Qo‘lga tushgani o‘n olti qallob. Tushmagani-chi? Aslida hayron qolarli joyi bormi? Bu mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalariga xos ko‘rgilik-ku! Milliy fojia. Imtihonga birovning o‘rniga boshqa birovning kirishi, «rektorning ro‘yxati», «bunker», test savollarini shpargalka yoki telefondan foydalanib yechish... Ishonmasangiz, birinchi avgust kuni istagan oliy o‘quv yurtining darvozasi oldiga borib turing. Tomosha qiling. Talabalikka da'vogarlardan olib qo‘yilgan qop-qop telefon, g‘aram-g‘aram shpargalka, kitob, yasamasoch - parikni ko‘rib, tavbalar qilasiz. Go‘yo ayrim abituriyentlarning butun kuchi, salohiyati, iqtidori o‘qish, bilim olishga emas, imkoni boricha ilmu ma'rifatdan yiroqroq yurishga, hammaning ko‘zini shamg‘alat qilishga yo‘naltirilgan. Firibgarlikning million xilini o‘ylab topishayotirki, ko‘rib, qilni qirq yorgan qamoqxona nozirlari ham tilini tishlashi aniq. Darvoqe, shu kecha-kunduzda eng bozori chaqqon tovar nima, bilasizmi? Ulamasoch!
 
«Ataylab uchta telefon oldim. Birini cho‘ntagimga, ikkinchisini paypog‘imga yashirdim, - deydi bir «uddaburon». – Uchinchisi boshimda - parik tagida edi. Topisholmadi! Hozir davlat grantiga o‘qiyapman!». 

Talant emasmi?!

Egasi ming poylaydi, o‘g‘ri - bir. Bunday uddaburonlar shu kuch-g‘ayrati, mahorati va san'atini o‘qishga, bilim olishga sarflaganida edi! Kadrlar tanqisligi degan o‘tkir muammo bu mamlakatning, bu jamiyatning tushiga ham kirmas edi. Jahonning eng mutaraqqiy davlatlari O‘zbekistonga havas bilan qarar edi. Aslida, xalqaro tajribadan o‘tgan test deb atalmish zamonaviy sinov usulini joriy etishdan maqsad yigit-qizlarning bilimiga xolisona baho berishdan, tamagirlikka chek qo‘yishdan iborat emasmidi!? Zamonaviy texnikani, texnologiyalarni aldash yo‘llarini, usullarini «kashf» qilishdi. Bunday «kashfiyotlar» berayotgan «yuksak samaralar»ni esa har qadamda ko‘rib, azobini tortib turibmiz. Qaysi sohani olmang, diplomli mutaxassis tiqilib yotibdi. Lekin pichoqqa ilinadigani qancha?!

Kimni aldayapmiz? Qachongacha o‘z ko‘zimizga cho‘p suqamiz?

Ushbu satrlarni yozayapmanu xayolimda qishloqdoshim Binoqul bot-bot gavdalanmoqda. Sochlari jingalaklikka moyil, qoruvli yigit. Oilaning ko‘zga surtgan farzandi.

«Binoquljon yuridikaga kiradi, - derdi otasi. – Pirkurar bo‘ladi!»

Ota nega aynan «pirkurarlik»ni tanlagan? Bilmayman. Balki kattakon korxonaning buxgalteri sifatida ichki ishlar, prokuratura, sud singari mo‘'tabar idoralarga tez-tez ishi tushib turgani uchundir. Balki o‘zining ushalmagan orzu-armonlari bo‘lgandir. 

Binoqul dorulfununga kirdi.

«Ikki moshinning puli ketdi! – derdi quvonib ota lotereyasiga o‘nta mashina yutganday. – Mayli, odam bo‘lsa, yuz baravar qilib topadi!»

O‘g‘il ora-sira qishloqqa kelganida hammani og‘ziga qaratgisi kelardi: «Falon ministrning o‘g‘li bilan o‘qiyman. Falon generalning qizi - kursdoshim!»

Ota esa qishin-yozin – yo‘lda. Qo‘lida – qop, qoni siriqib turgan bir gavda go‘sht: «Binoquljonning sessiyasi yaqinlashib qoldi. Mallimlariga hormanglashib kelay...».

Binoquljon universitetni tugatgach, bir muddat tuman prokuraturasida, so‘ng qaysidir sudda, keyinroq notarial idoralarda ishlagan bo‘ldi. Biroq qaysi ko‘chaga bosh suqmasin, yo‘li qamoqxonaga borib tutashaverdi. Tabiiy. Dorilfununga kirishi, kirgandan keyin – o‘qishi, so‘ngra ish topishi o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Chekilgan xarajatni foydasi bilan chiqarib olishi shart. Ishlash uchun esa kalla kerak. 

Bo‘sh qop tik turganini kim ko‘rgan?

Ba'zi idoralarga zarur yumush bilan borsangiz, stol ortida o‘tirgan xodimning tap tortmasdan qo‘lingizga qarashi shundan. Ishning rivojini emas, o‘zining buromadi-yu daromadini o‘ylashi  shundan!..

Besh yil deganda ota kuya-kuya ado bo‘ldi. Qarindosh-urug‘i Binoqulni qutqara-qutqara bor-budidan judo bo‘ldi. Yigitning o‘zi xafaxonga chalinib, og‘zi qiyshayib qoldi.

Binoqullar – jamiyatning oyog‘iga bog‘langan tosh! Binoqullik bor ekan, mamlakat o‘nglanmaydi. Xomtama bo‘lmang!         

«Binoqulboyning ishlari endi-endi yurisha boshladi, - deyishadi bugun hamqishloqlarimiz. – Bir suruv echkisi bor. Echkiboqar!»

Xudoyim asli echkiboqar qilib yaratgan kasni bandasi prokuror qila olmaydi. Urinib o‘tirmang! Birovning asbobi birovning kuniga yaramaydi!

Jonqobil Juma

Mavzuga oid