Jahon | 17:00 / 13.07.2017
11077
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: “Haligacha 15 iyulning asl mohiyatini anglab yetmagan g‘ofillar bor”

Foto: Kun.uz/ ©Sherzod Ikramutdinov

2016 yil 15 iyulda Turkiyada Fathulloh Gulenning terrorchilik tashkilotiga (FETÖ) mansub harbiylar tomonidan uyushtirilgan va muvaffaqiyatsizlik bilan yakun topgan davlat to‘ntarishiga urinishning bir yilligi munosabati bilan Turkiyada xotirlash marosimlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu marosimlarda jahonning ko‘plab davlatlaridan kelgan jurnalistlar qatori O‘zbekistonning ham yetakchi nashrlardan ijodkorlar qatnashmoqda.
 
Adolat va Taraqqiyot Partiyasi tomonidan tayyorlangan “15 Iyul Milliy Iroda Zafari Tahlili” deb nomlangan kitobning taqdimot marosimida nutq so‘zlagan Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an, davlat to‘ntarishiga urinish va undan keyingi voqealar rivoji haqida to‘xtalib, Respublikachi xalq partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘lini keskin tanqid qildi. Uni FETÖ’chilarni qo‘llash, ularning tarafini olishda aybladi.

“Oradan o‘tgan vaqtga qaramasdan 15 iyulning asl mohiyatini anglab yetmagan g‘ofillar bor. Bularning boshida muxolifatdagi Respublikachi xalq partiyasi yetakchisi turibdi. Xalqni ko‘chaga chiqishga da'vat etib g‘alayonga chaqirgan bu odam davlatimiz va millatimizni o‘zicha tahdid qilmoqda. Terrorchilar uchun 450 kilometr yo‘l bosganlar ular tomonidan shahid etilgan ma'sum insonlar va xavfsizlik xizmati xodimlarining xotirasi uchun 4,5 daqiqa ajratib duo qilishganmikin? Bunda terrorchilarni himoya qilishdan, tuhmatdan, fitna chiqarishga urinishdan, manfur niyatdan boshka hech narsa yo‘q. Ustiga ustak uyalmasdan mazkur yurishni 15 iyul voqealari bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Ular terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Ammo biz xalqimizga oxirgi terrorchi yo‘q qilinmaguncha kurashni davom ettirishga so‘z berdik”, dedi prezident Erdog‘an. 

Prezident Erdo‘g‘an nutqi davomida turk xalqiga o‘t ochgan, millatiga xiyonat qilgan barcha xoinlar munosib jazosini olmaguncha terrorchilarga qarshi kurash qat'iyat bilan davom ettirilishini, favqulodda holat terrorizm bilan kurashga ehtiyoj qolmaguncha amalda bo‘lishini, investitsiyaviy muhit, ishlab chiqarish va iqtisodiyotdagi barqarorlik yanada mustahkamlanishini, Turkiyaning 2023 yil maksadlariga erishish yo‘lida shijoat bilan harakat qilinishini ta'kidladi. 

15 iyul voqealaridan keyin o‘tkazilgan harbiy islohotlar natijasida Turkiyaning mudofaa salohiyatining ortgani, qurol-aslaha va harbiy texnika ishlab chiqarish imkoniyatlarining ortganini urg‘ulagan Erdo‘g‘an, Turkiya dushmanlarining bu holatdan jiddiy bezovta bo‘layotganini qayd etdi.  Unga ko‘ra, Turkiyada bundan buyon tashqi kuchlar davlat to‘ntarishiga urinishlar amalga oshmasligini tushunib yetgan, tanklar, harbiy vertolyotlar, F-16 qiruvchi samolyotlaridan qo‘rqmaydigan jasur turk xalki bunday qonli voqealarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. 

Eslatib o‘tamiz, qonli 15 iyul davlat to‘ntarishiga urinish natijasida halok bo‘lgan shahidlarni xotirlash marosimlari 16 iyul kech soat 24:00 ga qadar butun Turkiyada va xorijda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid