Jahon | 01:16 / 20.07.2017
18866
6 daqiqa o‘qiladi

Uorren Baffetning xatosi: Milliarderlar Amazon haqida qanday fikrda?

1997 yilda kompaniya IPO (Initial Public Offering — dastlabki oshkora taklif) ga o‘tganidan buyon Amazon aksiyalari 66.700 foizga qimmatlagan. Investorlarning barchasi Jyeff Bezosning «farzandi» chakana savdo global bozorini ostin-ustin qilib tashlaydi, degan fikrda. Nega? 

Forbes jurnali vaziyatni tahlil qildi va milliarderlarning fikri bilan o‘rtoqlashdi 

Jahondagi eng yirik internet-riteyler — Amazon’ning IPOsi fond bozori tarixidagi barcha voqealar ichida eng buyugi bo‘ldi, deyishmoqda Amerikaning The Motley Fool moliya kompaniyasi ekspertlari.

Kompaniyaning 1997 yilda IPOga chiqishidan buyon uning aksiyalari 66 ming yetti yuz foizga qimmatlagan, Amazon asoschisi Jyeff Bezos esa milliarderga aylandi — Forbes talqiniga ko‘ra, 2017 yil yarmisiga kelib tuzilgan jahonning eng badavlat insonlari ro‘yxatida u 72,8 milliard dollar boyligi bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi

Xo‘sh, internet-gigant muvaffaqiyati haqida boshqa milliarderlar qanday fikrda?

Foto: Scott Eells / Bloomberg via Getty Images

Berkshire Hathaway aksiyadorlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan yillik yig‘ilishida Uorren Baffet (73,4 mlrd. dollar boylik bilan Forbes ro‘yxatida ikkinchi turgan inson) Amazon’ni xarid qilish imkoniyatini qo‘ldan boy berganini aytib o‘tgan. O‘z vaqtida nega kompaniyaga pul tikmaganligi haqidagi savolga u qisqagina qilib, «Bu ahmoqchilik bo‘lardi», deb javob bergan.

«Biror narsani o‘zining haqiqiy bahosidan 10 barobar qimmatga taklif qilib turishsa, uni xarid qilish oson ish bo‘lmaydi», — deya fikrini davom ettirgan Baffet, bu gaplari Alphabet’ga ham taalluqli ekanini ham qayd etar ekan. Biznesmenning so‘zlariga ko‘ra, Amazon hali endi oyoqqa turayotgan paytlarda Jyeff Bezos unda katta taassurot qoldirgan, biroq kompaniya bunday ulkan miqyosga yetishini sira kutmagan ekan: «U nafaqat chakana savdo olamini, shuningdek IT-sanoatni ham bir silkitib oldi».

«Bu ulkan salohiyatli qudratli, juda qudratli g‘oyalar edi, Bezos ularni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi», — deya o‘z fikrini yakunlagan Berkshire Hathaway xo‘jayini.

Foto: David Paul Morris / Bloomberg via Getty Images

Dallas Mavericks egasi, investor-milliarder (3,4 mlrd. dollar boylik bilan Forbes ro‘yxatida 564-o‘rinda borayotgan) Mark Kyubanning fikricha, Amazon — chakana savdodan ham yuqori kompaniya. May oyida CNBC telekanaliga intervyu berar ekan, u kompaniyani «mutlaq startap» deb xarakterlagan va internet-riteylerning aksiyalari hamon yetarlicha baholanmaganini aytib o‘tgan.

Biznesmenning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyada rivojlanish uchun, ayniqsa «oldindan nishonga olingan savdolar» haqida gap ketganda ulkan imkoniyatlar mavjud. «Amazon oziq-ovqat do‘konlari ochilayotgani haqida gap ochsa, gap oziq-ovqatlarni do‘konlarda sota boshlagani haqidagina bo‘lmaydi. Xuddi shu narsa kitob do‘konlariga ham taalluqli. Ularning bunday ishga qo‘l urayotganiga sabab, ular sizga nima kerak, qachon kerakligini o‘zingiz shu narsa kerakligini anglashingizdan ham avvalroq aniqlab, eshigingizni ostigacha keltirib berishni yo‘lga qo‘yishmoqchi. Ularning yangi texnologiyalardan qay tarzda foydalanyotgani chakana savdoning portlashigina emas, ular hamma narsani portlatishga tayyor», — degan u.

Kyuban Amazon’ning Whole Foods’ni xarid qilayotganini ham ijobiy baholadi. «Amazon borasida savol: Ular siz Uber/Lyft vositasida do‘konga borib, xarid qilmoqchi bo‘lgan mahsulotlaringizni uyingizga tezroq keltira olishadimi? Albatta, bunga shubha yo‘q», — degan milliarder.

Foto: Scott Eells / Bloomberg via Getty Images

Amazon’ning samaradorligi  uning eng katta ustunliklaridan biridir, deb hisoblaydi investor Stenli Drakenmiller (4,7 mlrd. dollar bilan Forbes ro‘yxatida 348-o‘rinda). Uning tushuntirishicha, odatiy chakana savdo tarmoqlari har bir sarflagan 1 dollari evaziga 1 dollar foyda qilishmoqda, Amazon esa har bir yotqizilgan dollar uchun 4 dollar olmoqda.

2015 yilda, Drakenmiller Amazon’ga sarmoya yotqizganidan keyin bergan ilk intervyusida  u kompaniyaning uzoq muddatli strategiyasidan qoniqish hosil qilganini ta'kidlab o‘tgan edi. «Menga Amazon yoqib qoldi... Chunki ular o‘z kelajagi uchun sarmoya yotqizishmoqda», — degan edi u, hozir esa Bezosni «seriyali monopolist» deb atamoqda. 

Bir vaqtning o‘zida biznesmen IBM’dagi sarmoyalari sonini qisqartirgan, bunga sabab qilib Amazon Web Services tomonidan raqobat riski yuqoriligi ko‘rsatilmoqda.

Mavzuga oid