Iqtisodiyot | 10:27 / 28.07.2017
11667
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda

O‘zbekistonda qurilish materiallarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” AJ ma'lumotlariga ko‘ra, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida xitoylik investorlar bilan birgalikda “Great  Wall  Ceramics” QK tomonidan quvvati yiliga 3,5 mln. kv.m bo‘lgan sopol plitkalar ishlab chiqaruvchi loyiha amalga oshirilmoqda. Korxonani ishga tushirish 2018 yil aprel oyiga rejalashtirilgan. Natijada 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi, import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh, sifatli pardozbop sopol plitkalarni ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Jizzax viloyatida “Mega invest” QK tomonidan bazalt tolasi asosida zamonaviy energiyatejamkor armatura va issiqlik saqlovchi materiallarini ishlab chiqarishni tashkil qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Yevropa texnologiyasiga asoslangan, yevrostandart talablariga javob beruvchi mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Loyihaning umumiy qiymati 52 mln dollarga teng bo‘lib, bundan 15 mln dollar xorijiy investitsiyani tashkil qiladi.

Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida quvvati yiliga 2,1 mln. kv.m. bo‘lgan keramik plitkalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi Eronning “EMG” xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Mazkur quvvatlarni ishga tushirilishi 2017 yil to‘rtinchi choragiga rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 11,0 mln.AQSh dollariga teng bo‘lib, bundan 8,0 mln dollar xorijiy investitsiyani tashkil qiladi.

Ichki ehtiyojni qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 sentabrdagi PQ-2615-sonli “2016-2020 yillarda qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori o‘z vaqtida qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra umumiy qiymati 1,2 mlrd. dollar bo‘lgan jami 80 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi belgilangan.

Qarorda yangi korxonalarni barpo etish va amaldagilarini modernizatsiya qilish, tayyor mahsulot narxining va sarf-xarajatlarning kamayishini ta'minlaydigan zamonaviy energiyani tejovchi texnologiyalarni tadbiq etish hisobiga sifatli devorbop materiallarni ishlab chiqarish hajmini oshirish belgilangan.

Respublika hududlarida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha Xitoy, Rossiya, Koreya, Turkiya va boshqa davlatlarning firma va kompaniyalari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish borasida mazokaralar o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid