Jamiyat | 17:10 / 30.07.2017
24617
5 daqiqa o‘qiladi

Savodsizlik – millat uchun musibatdir

Yaqinda bir tanishim menga SMS jo‘natdi. SMSda ishlatilgan o‘nta so‘zning deyarli yarmi xato bilan yozilgan edi. Shoshilinchda yozgandir-da, deb qo‘ya qoldim. Ko‘p o‘tmay u bilan bir davrada uchrashib qoldik. Tanishim o‘zi borgan xorij mamlakatidagi sayohat haqida gapira turib, yana xato so‘zladi. Men uning gaplarini bir amallab eshitgach: — Do‘stim, birinchidan Dubay davlat emas, u Birlashgan Arab Amirliklaridagi shahar, deb xatosini tuzatgan bo‘ldim. Shunda u: — Qanaqasiga Birlashgan Arab Amirliklari Afrikada-ku, — deb qovog‘ini soldi. Nufuzli oliy ta'lim muassasasini tamomlagan bu yigitning savodsizligi hafsalamni pir qildi.

Afsuski, bugun ana shunday savodsizlar soni global miqyosda ortib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotidan olingan ma'lumotlarga qaraganda ayni paytga kelib voyaga yetgan dunyo aholisining 750 millionlik qismi savodsiz bo‘lib, ularning uchdan ikki qismini ayollar tashkil etadi. Maktab yoshidagi 250 million bola savod chiqarmagan, 124 million bola esa maktab nima ekanini bilmaydi. Jahondagi aksariyat mamlakatlarda hukm surayotgan to‘xtovsiz urushlar va bu mamlakatlarning ichki ishlariga g‘arblik “yordamchilar”ning aralashuvi sabab maktab va boshqa ta'lim muassasalarining faoliyati to‘xtagan. Bu o‘z-o‘zidan savodsizlikning ortishiga sharoit yaratmoqda. Savodsizlik nafaqat notinch mamlakatlarda, balki rivojlanayotgan davlatlarda istiqomat qilayotgan yoshlar orasida ham uchrab turibdi. Maktabda o‘quvchilar geografiya fani orqali Yerning dumaloq ekani, unda joylashgan okeanlar, qit'alar, dengizlar, davlatlar va xalqlar to‘g‘risida kerakli ma'lumotlarni o‘zlashtirishi shart. Lekin ularning hammasi ham ushbu saboqlarni o‘zlashtirolmaydi. Shuning uchun o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarni interfaol uslubda olib borishni zamonning o‘zi talab etmoqda.

Yana bir jihat, o‘quvchilar o‘lkamiz jo‘g‘rofiyasini chuqur o‘zlashtirishi, Koson tumani Qashqadaryo viloyatida, Kosonsoy tumani Namangan viloyati tarkibida ekanini, shu bilan birga, yurtimizdagi tuman va shaharlar to‘g‘risida yetarli bilimga ega bo‘lishi lozim. Masalan, Oliy ta'limda o‘quv yili davomida talaba oraliq, joriy, yakuniy nazorat ishlarini topshiradi. Bunday paytda ularga “beminnat yordamchi” “telegram” qo‘l kelmoqda. Talaba auditoriyada o‘qituvchi bergan topshiriqni bajarishdan oldin mavzuga oid ma'lumotni manbadan oladi va ijtimoiy tarmoq orqali guruhdoshlariga yetkazadi. Nazorat ishlarini tekshirayotgan o‘qituvchi esa talabalarning javobi bir xil va aynan to‘g‘ri yozilganiga hayron bo‘ladi. Axir ularning bir-biridan ko‘chirishiga imkoniyat yo‘q edi-ku. Albatta, ko‘pchilikning uzog‘ini yaqin qilib, vaqtini tejayotgan, global tarmoqni yomonotliq qilishdan yiroqmiz. Biroq tarozining ham ikki pallasi bor. Kundalik hayotda savodsizlik so‘nggi yillarda ta'lim tizimidagi qusurlar hamda global tarmoq orqali palak otmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, MDH mamlakatlarida allaqachon ommalashib ulgurgan “odnoklassniki”, “telegram” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan o‘zaro muloqotlarda biron so‘zni tejash maqsadida ishlatilayotgan qisqartmalar o‘zini “aqlli” deb hisoblaydiganlar tomonidan o‘ylab topilmoqda. Muloqotlardagi bunday “kashfiyotlar” ularning tengdoshlari ongu shuuriga muhrlanib, o‘qish va ishida, hayotning turli jabhalaridagi faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmasdan qolmayapti.

Savodsizlikka qarshi kurashishda aholi gavjum joylarda, jumladan, bozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlaridagi nomlarning, turli chaqiriq va targ‘ibot materiallarning tayyorlanishida imloviy xatolarga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Chunki targ‘ibot materiallari ommaning doimiy e'tiborida bo‘ladi. Mashoyixlar savodsiz xalq tanazzulga yuz tutadi, deb bejiz aytmagan. Bugun sizu biz uchun ahamiyatsiz tuyilgan kichkina imloviy xato o‘z ortidan katta xatolarni - savodsizlikni keltirib chiqaradi. Dunyoni ma'rifat qutqaradi. Shunday ekan savodsizlikka qarshi kurash har birimizning burchimiz.

Akbarjon ABDURAIMOV

Mavzuga oid