Jahon | 08:18 / 31.07.2017
139058
4 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi sovuq urush nafasi: Putin javob yurishini amalga oshirdi

Foto: vesti.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatning AQShga qarshi javob choralari sifatida Rossiyani 755 nafar amerikalik diplomat tark etishi haqida ma'lum qildi. U bu haqda Vladimir Solovevga bergan intervyusida so‘z yuritgan.

Rossiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni «Rossiya-Amerika munosabatlarini yomonlashuvi tomon ... hech bir asossiz qadam tashlagani» sababli Moskva shunday qaror qabul qilgan.

«Rossiyada mingdan ortiq diplomat va texnik xodimlar — ishlashdi va hamon ishlab kelishmoqda, ularning 755 nafari RFdagi o‘z faoliyatini tugatishlari kerak bo‘ladi. Bu sezilarli», — degan Putin.

«Biz yetarlicha kutdik, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishiga umid qildik. Ammo hech narsa o‘zgarmadi va bundan keyin ham o‘zgarmaydigan ko‘rinadi. Men AQSh ichidagi siyosiy vaziyatni nazarda tutmayapman. Shunchaki, bizga ham javob berish vaqti yetib keldi, degan qarorga keldim. Bundan buyon hech narsa javobsiz qolmasligini ular ham bilib qo‘yishsin», — degan Putin. 

U hozircha Moskva Vashingtonga nisbatan qat'iy choralar qo‘llashga shoshilmayotganini aytib o‘tgan: «Biz boshqa choralarni ham ko‘rib chiqishimiz mumkin. Ammo umid qilamanki, ish bungacha yetib bormaydi. Bugungi kunda men bunga qarshiman».

Moskva AQSh Kongressining Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni ma'qullaganiga javoban javob choralari qo‘lladi: 1 avgustdan AQSh diplomatlari Moskvaning Dorojnoy ko‘chasidagi omborxonalardan va Serebryanniy Bordagi dachadan foydalana olmaydi. 

Serebryanniy Bordagi dacha / ISTOCK

Rossiya, shuningdek, 1 sentabrdan e'tiboran amerikalik diplomatlar sonini Rossiyaning Amerikadagi diplomatlari soniga tenglashtirish maqsadida qisqartirishni talab qildi. 

Oktyabr inqilobidan beri...

Gap faqat amerikalik diplomatlar chiqarib yuborilishida emas, Amerika elchixonalari va konsulliklarida ishlayotgan rossiyalik mutaxassislarning ishdan ketishi haqida ketmoqda. Bunday ko‘lamdagi hodisa Rossiya va AQShning diplomatik munosabatlarida 1917 yilgi Oktyabr inqilobidan buyon kuzatilmagandi (o‘shanda Amerika diplomatik missiyasini yopgandi).

Rossiya TIV mamlakat hududidagi amerikalik diplomatlar soni qisqartirilishi ehtimoli haqida 14 iyul kuni bildirgandi. O‘shanda vazirlik rasmiysi Mariya Zaxarova Rossiyada diplomatik xodimlar niqobi ostida «ko‘plab amerikalik josuslar» faoliyat yuritayotgani haqida gapirgandi.

«Vashington nafaqat bizning xodimlarimizni chiqarib yuborish haqidagi qarorini bekor qilmadi, balki ularning o‘rniga kelganlarga viza berishdan bosh tortmoqda», — degandi u.

Reuters buni AQShda rossiyalik diplomatlarga tegishli ko‘chmas mulkni qaytarishdan bosh tortishiga javoban yurish sifatida baholagandi. Qolaversa, 2016 yil dekabrida AQSh prezidenti Barak Obama joriy etgan yangi sanksiyalar doirasida mamlakatdan 35 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilgan edi.

Munosabatlarda eskalatsiya yuzaga kelmoqda

Moskvadagi AQSh elchixonasi
Mixail Pochuyev / TASS / Vida Press

AQShda amerikalik diplomatlar chiqarib yuborilishini eskalatsiya (tanglik) sifatida baholashmoqda. Ular 35 nafar rossiyalik diplomatning chiqarib yuborilishiga javoban 755 nafar amerikalik diplomatning chiqarib yuborilayotganiga e'tibor qaratishmoqda. Amerikaliklarning Rossiyadagi diplomatik missiyasi xodimlari soni 62 foizga qisqarmoqda. The Washington Post nashri yozishicha, bu qisqartirish Moskvadagi elchixona, shuningdek Sankt-Peterburg, Yekaterinburg va Vladivostokdagi konsulxonalar xodimlariga taalluqlidir. Gazeta 1200 nafar xodimlarning aksari — amerikalik diplomatlar emasligi, Rossiyada yollangan turli soha mutaxassislari ekanini qayd etgan: quruvchilar, tarjimonlar, haydovchilar va boshqalar. Rossiyani tark etishiga to‘g‘ri kelayotgan amerikaliklarning aniq soni keltirilmagan.

Oq uyda hozircha Rossiyaning bu qaroriga munosabat bildirilmadi. AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfolning taxmin qilishicha, xodimlarning keskin qisqarishi rossiyaliklar uchun Amerika vizasi berilishida muammolarni paydo qiladi.

Mavzuga oid