Yoshlarga muvaffaqiyatli kishilardan noodatiy maslahatlar
Layfxaker o‘z ishining haqiqiy ustalari tomonidan berilgan noodatiy maslahatlar bilan bo‘lishdi.
1. Donald Tramp
«Autsayder bo‘ling»
Donald Tramp AQSh prezidenti sifatidagi ilk nutqida Liberni Universiteti bitiruvchilarini «ishlarning hozirgi holati va hokimiyatning foydasiz tuzilmalari bilan kurashishga» chaqirdi.
Trampning bitiruvchilarga aytishicha, «autsayder sifatida baholanish» — bu yaxshi, sababi «faqatgina autsayderlar dunyoni o‘zgartirishga qodirdir».
«Yodingizda tursin: hech narsa va hech qachon osonlik bilan amalga oshmaydi. O‘z fikrida sobit turuvchilar, buni qila olmaganlar tomonidan tanqidga uchraydi. Chirigan tizim siz adashayotganingiz haqida qancha ko‘p gapirsa, siz o‘z maqsadingiz sari shuncha qat'iylik bilan harakat qilishingiz kerak».
2. Mark Tsukerberg
«Hayotda o‘z maqsadini topishning o‘zi yetarli emas»
Facebook asoschisi Mark Tsukerbergning fikricha, bugungi kunda ko‘plab yoshlar hayotda maqsadini topishga harakat qilmoqda, biroq bu noto‘g‘ri yondashuv. Buning o‘rniga har bir kishi aniq maqsadga ega bo‘lgan va maqsad nima ekanini aniq tushunadigan dunyoni yaratishga harakat qilish kerak ekan.
«Maqsad – bu siz katta nimaningdir bir qismi ekaningiz, siz bu dunyoga kerak ekaningiz va oldinda sizni faqatgina yaxshi narsalar kutayotganini tushunishdir. Maqsaddan haqiqiy baxt ham boshlanadi».
Tsukerberg yoshlarga uchta maslahat beradi:
• Katta nimanidir amalga oshirishdan qo‘rqmang. Bizning hozirgi davrimiz kelajagimiz asosini yaratadi.
• Boshqalarga yordam berish uchun vaqt va pulni ayamang. Har kim o‘z maqsadi sari intilishda erkinlikka ega bo‘lishi lozim. Agarda hamma o‘zining buyuk g‘oyalarini amalga oshira olsa, dunyo biroz yaxshi bo‘lgan bo‘lardi.
• Jamiyatni mustahkamlash. Biz qashshoqlik va kasalliklarni tugatishi mumkin bo‘lgan avlodga aylanishimiz mumkin. Biroq buning uchun birlashishimiz va birgalikda harakat qilishimiz kerak. Hech bir davlat iqlim o‘zgarishi bilan bitta o‘zi kurasha olmaydi. Buning uchun bizga global jamiyatni qurish kerak.
3. Richard Brenson
«Oldingi vaqt haqida hech qachon qayg‘urmang. Faqatgina oldinga qarab harakatlaning»
«Meni shu hayratga soladiki, kishilar muvaffaqiyatsizliklar haqida gapirishga juda ko‘p vaqt sarflaydi. Vaholanki, o‘z kuchlari va energiyalarini kerakli yo‘nalishga ham berishlari mumkin, - deydi Virgin Group korporatsiyasi asoschisi. – Menga o‘z biznesimni boshqarish yoqadi, hamda men muvaffaqiyatsizlik – bu xato emas, balki yangi tajriba ekanini tushunaman».
4. Sheril Sendberg
«Maqsadingizga to‘g‘ri yo‘lning o‘zi yo‘q»
Facebook ijrochi direktori Sheril Sendbergning fikricha, abstrakt orzuga bir yarim yil avvaldan aniq reja tuzib olsa, yetishish osonroq bo‘ladi. Uzoq muddatli reja kishini biroz xotirjam qilib qo‘yadi, qisqa muddatlisi esa motivatsiya beradi hamda o‘z maqsadiga erishish uchun batafsil jihatlar haqida o‘ylashga majburlaydi.
«O‘zingizdan so‘rang, sizni nima yaxshi qiladi va siz nimadan qo‘rqasiz. Siz aynan shu yo‘ldan ketishingiz lozim».
5. Uorren Baffet
«Kamtar va vazmin bo‘ling»
Ishbilarmon, taniqli sarmoyador va dunyodagi eng boy kishilardan birining aytishicha, eng yaxshi maslahatni Berkshire Hathaway direktorlar kengashi a'zosi Tomas Myorfidan olgan: «Uorren, hech qachon unutmangki, kishini haydab yuborishga har doim ulgurasiz. Shuning uchun buni qilishdan avval, ertagacha kuting. O‘shanda jahl qolgani yoki bu vaqtinchalik holat bo‘lganini tushunasiz».
Baffetning fikricha, kishilar bilan yaxshi munosabatlar siri – bu o‘z fe'lini qo‘lga olish va sizga yoqadigan insonlardan yaxshi jihatlarni qabul qilib borish.
6. Bill Geyts
«Murakkablashtirmang»
Microsoft hammuassisi va raisi Bill Geyts Uorren Baffetning o‘ziga xos jihatlariga qoyil qoladi: «Uning jadvaliga nazar tashlang. U yerda hammasi juda oddiy. Siz undan biznesning qandaydir sohasi haqida so‘raysiz, u esa faqatgina bir necha asosiy fakt va raqamlarni eslaydi. U o‘ziga yaxshi tanish bo‘lgan narsani tanlaydi, hamda buning ustida uzoq muddat muvaffaqiyatli ish olib boradi. Uning hammasini yengillashtirish bo‘yicha o‘ziga xos jihati – bu daholikning alohida shakli».
7. Ivanka Tramp
«Kamroq o‘ylang, ko‘proq qiling»
Ivankaning bildirishicha, hayotda sevimli ish bilan shug‘ullanish uchun katta mehnat qilish lozim.
«O‘zingizni oddiy tahlil qilish hayotingiz ishini topishinga kafolat bermaydi. Siz nazariyadan amaliyotga o‘tishingiz, o‘qishingiz va real hayotni o‘rganib borishingiz, tajriba orttirishingiz lozim. Agarda qandaydir ish sizni ilhomlantirsa, buni qilishda davom eting. Men taniydigan o‘z ishining haqiqiy professionallari o‘z ishlarini juda sevishadi. Ularga o‘z maqsadini bilish motivatsiya beradi».
8. Entoni Robbins
«Yangi ko‘nikmalarni shakllantiring»
Taniqli notiq bir paytlar biznes-murabbiy Ron Jimdan maslahat olgan: «Toni, sen hamma narsani birdaniga olishni kutmoqdasan. Ishga boshqalardan ko‘proq narsani olib kirishing lozim. Kompaniya, xodimlar va mijozlar uchun ko‘proq narsa qilishing kerak. Sening qanday qiymatga ega ekaning shunga bog‘liq bo‘ladi. Biroq, buning uchun har doim yangi nimanidir o‘rganish lozim».
9. Mayya Enjyelou
«O‘z yo‘lingizdan yuring»
«Agarda hayot seni o‘zingga yoqmaydigan yo‘lga boshlasa, agarda senga ochilayotgan istiqbollar va ortda qolgan narsalar yoqmasa, bu yo‘ldan chetga chiqib, yangisini top. Men bu maslahatga 65 yildan beri amal qilib kelaman», - deydi yozuvchi.
10. Lloyd Blankfeyn
«Dam oling»
Goldman Sachs bosh ijrochi direktorining tan olishicha, o‘zi yoshligida bu maslahatga umuman amal qilmagan.
«Faqatgina tinimsiz harakat bilan muvaffaqiyatga erishish mumkin bo‘lgan sport turi yoki boshqa ishning o‘zi yo‘q. Dam olishni bilish kerak, sababi xotirjamlik ham yaxshi natijalarni beradi. Ba'zida nimagadir tayoq bilan yetishish o‘rniga, arqonni tashlab qo‘yishning o‘zi kifoya qiladi. Qat'iy xarakter har doim ham muvaffaqiyat siri bo‘la olmaydi».
11. Joan Rouling
«Mag‘lubiyatni qabul qiling»
«O‘ylashimcha, biz muvaffaqiyatsizliklar haqida kam gapiramiz, - deya hisoblaydi Harri Potter haqidagi kitoblar muallifi. – Menga kimdir: “Sen mag‘lub bo‘lasan. Buning oldini olib bo‘lmaydi. Eng muhimi – undan keyin nima qilishingda”, deganida katta yordam bergan bo‘lardi».
Rouling sayyoradagi eng badavlat ayollardan biriga aylanishdan avval, farzandlarini bir o‘zi tarbiyalayotgan va mablag‘lardan qiynalgan ayol edi. Ko‘plab nashrlar yosh sehrgar haqidagi voqealarni chop etishdan bosh tortishgandi.
«Mening qisqa muddatli oilamga darz ketdi, yosh bolam bilan ishsiz va pulsiz qoldim. O‘zimni eng omadsiz inson, deb bilardim». Biroq u o‘z muvaffaqiyatsizliklarini taqdir sovg‘a sifatida qabul qiladi, sababi ular omadga erishish, o‘zini yaxshiroq anglashga imkon yaratib berdi.
12. Melani Velan
«Ish toping. Istalgan ishni»
SoulCycle fitnes-klublari tarmog‘i ijrochi direktorining ishonch bildirishicha, universitetlar bitiruvchilari istalgan ishni izlashlari darkor. Hozirgi vaqt haqida o‘ylash, kelajak haqida qayg‘urishdan muhimroqdir.
«Mutaxassisligingiz bo‘yicha ishlamayotgan bo‘lsangiz, asabiylashmang. Barcha yangi narsaga ochiq turing va tinimsiz ishlang. Bu muvaffaqiyatning kaliti», - deydi Melani.
13. Erik Shmidt
«Ko‘proq „ha“ deng»
«Yangi imkoniyatlarga ko‘proq „ha“ deng: boshqa davlatga borish takliflariga, yangi insonlar bilan tanishishga, ta'lim olishga. Bu so‘z sizga birinchi ishni topishda, uni o‘zgartirishda, karera pog‘onasi bo‘ylab tepaga chiqishga, juftingizni topishda va hattoki farzandli bo‘lishda yordam beradi», - deya maslahat beradi Google’ning sobiq ijrochi direktori.
14. Chelsi Xendler
«O‘zingizga majburiyat olsangiz, ularni bajaring»
«Yuqori sinflarda mashhur emasdim. Men kishilar menga ishonish mumkinligini his etishlarini istardim. Meni ham e'tiborga olishlarini xohlardim. Shuning uchun nimanidir va'da bersam, o‘z so‘zimning ustidan albatta chiqaman. Men boshqalar orasida ajralib turishni istayman», - deydi aktrisa.
15. Stiv Jobs
«Orzungiz ketidan shunchaki yurish kerak emas»
«Biz tarixni yozmoqdamiz. Shuning uchun unga hissa qo‘shish lozim. Shunda o‘n yillardan so‘ng sizni nafaqat o‘z orzusi ketidan yurgan inson, balki boshqa kishilarga yordam bergan shaxs sifatida ham eslashadi».
16. Syuzi Orman
«Foydasiz tanqidga e'tibor bermang»
Avval yozuvchi Syuzi Ormanni asossiz tanqid juda g‘azablantirgan. Biroq keyinchalik bunga e'tibor bermaslikka o‘rgandi. Uning ishonch bilan aytishicha, muvaffaqiyatli kishilar har doim tanqidga uchraydi, shuning uchun o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash va o‘zini himoya qila bilish lozim.
17. Arianna Xaffington
«Haddan tashqari ko‘p ishlamang»
The Huffington Post bosh muharririning ishonch bildirishicha: «Muvaffaqiyatga erishish uchun haddan tashqari ko‘p ishlash shart emas. Dam olish va kuchlarni tiklash lozim». U yoshligida o‘ziga bu narsani kimdir aytmaganidan afsusda.
18. Styuart Batterfild
«Tajriba qiling»
«Ba'zilar bolaligidan nima bilan shug‘ullanmoqchi ekanliklarini bilishadi. Biroq, bundaylar juda kam. Mening fikrimcha, 20-25 yoshdagi kishilar hayotga juda jiddiy yondashadi. Ular yosh paytlaridayoq ko‘p narsaga erishib ulgurganlarini his etishni xohlaydilar, ammo yangi nimagadir o‘rganish va o‘zini turli faoliyatlarda sinab ko‘rish kerak. Shuning uchun ularni tajribalarga undayman», - deydi Flickr hammuassisi va Slack ijrochi direktori.
19. Fil Makgrou
«Sizga ishingiz orqali baho berishlariga tayyor turing»
«Ishga kirishishdan oldin, sizga aynan o‘sha ish orqali baho berishlarini yaxshi tushunishingiz lozim», - deydi ruhshunos va teleboshlovchi.
20. Jorj Stefanopulos
«Xotirjam bo‘ling»
«Bugun sizni tashvishga solayotgan narsalarning birontasi ertaga dolzarb bo‘lmaydi, - deydi suxandon va siyosiy maslahatchi. – Pullarni o‘z orzungizga sarflashdan qo‘rqmang. Faqat bundan avval keksalik paytlariga ozgina olib qo‘ying».
21. Marla Malkolm-Bek
«Har doim oldinga qarab harakat qilayotganingizni yodda tuting»
Bluemercury hammuassisi va ijrochi direktorining so‘zlariga ko‘ra: «Hech kim butun hayoti davomida eng birinchi ishida qolmaydi. Shuning uchun o‘zingizga qiziq bo‘lgan narsani tanlang, sababi kishilar aynan sevimli ish bilan shug‘ullanib omadga erishadi. O‘rningizdan turing va shuni qiling. Yo‘qotadigan narsangiz yo‘q».
Bundan tashqari, u texnologiyalar sohasini o‘rganish haqida maslahat bergan, sababi hozirda u juda katta talabga ega.
22. Ti Jyey Miller
«Atrofdagilarni tinchlantirish juda murakkab ish»
Stendap-komikning fikricha, aynan shu muvaffaqiyat formulasidir: «Men bunga o‘zim ishonch hosil qildim, garchi iste'dodim juda yuqori emas va xuddi otniki kabi jag‘larga egaman».
23. Aleksa fon Tobel
«O‘rningizdan turib, kiyining va o‘zingizni ko‘rsating»
LearnVest bosh ijrochi direktorining aytishicha, ertalab bugungi kun sizga juda yaxshi nimanidir tayyorlab qo‘yganiga ishonch bilan turish juda muhim.
24. Jon Chen
«Superyulduz bo‘lish har doim ham karerangizga foyda bermaydi»
«Ko‘plarning fikricha, rahbariyatning e'tiborini o‘ziga tortishning eng yaxshi yo‘li – o‘zini ko‘rsatishga bor kuchi bilan harakat qilish. Bu siz kompaniya muvaffaqiyati haqida emas, balki o‘z maqomingiz haqida qayg‘urayotganingizdan darak beradi. Aslida o‘z ishini vijdonan bajarishning o‘zi yetarli».
25. Salli Setta
«Hech qachon tushlikni yolg‘iz qilmang»
Uning fikricha, tushlik – ish aloqalarini yaxshilab olish uchun ajoyib imkoniyatdir. Birinchidan, siz ishingiz haqida yangi nimanidir bilib olishingiz mumkin, ikkinchidan esa, hamkasblar bilan til topishishda bu qo‘l keladi.
26. Dipak Chopra
«Siz noaniqlikning oqilona ekanini tushunishingiz kerak»
«Faoliyatning eng boshida, - deydi shifokor va yozuvchi. – men nima istashimni aniq bilardim. Faqatgina noaniqlik va hayotning kutilmagan ekani, hamda u insonga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini yoddan chiqarib qo‘ydim. Agarda noaniqlik oqilonaligi menga yoshlik paytlarimda tushunarli bo‘lganida, o‘shanda noma'lum tomonga kirishga tayyorlik – juda muhim imkoniyat ekanini bilgan bo‘lardim».
27. Brayan Cheski
«Ota-onangizga quloq solmang»
Airbnb asoschisining bildirishicha: «Ota-onalar – hayotingizdagi eng asosiy kishilar. Biroq ularning kareraga oid maslahatlariga e'tibor bermang. Nimani yoqtirsangiz, shuni qiling».
28. Diana fon Fyurstenberg
«Obektiv bo‘ling»
Taniqli modelerning fikricha, muvaffaqiyatga kalit – o‘ziga ishonchdir.
«O‘zingizga ishonish uchun, ichki olamingiz juda yaxshi bo‘lishi kerak. Bu qat'iy bo‘lish hamda shaxsiyatingiz bo‘yicha ortiqcha xayollarga bormaslikni anglatadi».
29. Rik Goings
«Barcha bilan birdek yaxshi muomalada bo‘ling»
Tupperware Brands kompaniyasi direktori Rik Goingsning fikricha, suhbatga borayotgan paytingizda, hamma bilan xushmuomala bo‘lish lozim.
«Men haydovchim, ma'murim va yordamchilarimdan lavozimga da'vogar ular bilan qanday muloqot qilganini so‘rayman. Boshqa insonlarga qanday munosabatda bo‘lishingiz, siz haqingizda ko‘p narsani aytib beradi», - deydi u.
Mavzuga oid
12:13 / 19.09.2023
Bolalar milliy tibbiyot markazida onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yildi
10:50 / 08.08.2023
Aeroportda nimalar qilmaslik kerak? Styuardessa maslahatlari
12:08 / 22.09.2022
Ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziyalar 5 yil muddatga beriladi
22:15 / 18.05.2022