Jamiyat | 12:37 / 03.08.2017
23978
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonlik olim barxan qumdan g‘isht tayyorlash usulini ixtiro qildi

Foto: Kruz.uz

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi ilmiy xodimi – kimyogar-olim Sharibay Turemuratov barxan qumdan silikat g‘isht tayyorlash usulini ixtiro qildi. Bu haqda Kruz.uz xabar bermoqda.

Ushbu yangi ixtiro, ya'ni silikat g‘isht asosan ohak (15%) va Respublikada juda ko‘p miqdordagi barxan qumi (85%) asosida olinadi. Silikat g‘isht formasi, o‘lchamlari va foydalanish turlari bo‘yicha keramik g‘ishtdan farq qilmaydi. Silikat g‘isht 250x120x65 mm o‘lchamlarida tayyorlaniladi. Mexanik mustahkamligi bo‘yicha g‘isht 75, 100, 125, 150 va 200 marka ko‘rsatkichlariga ega.

Texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari (afzalliklari) bo‘yicha silikat g‘isht keramik g‘ishtlardan yuqori turadi. Silikat g‘ishtni ishlab chiqish uchun 2 baravar kam yoqilg‘i, 3 baravar kam elektr energiyasi, 2,5 baravar kam ishchi kuchi ishlatiladi hamda silikat g‘ishtning o‘ziga tushar bahosi 25-35% foizga kamayadi.

Bugungi kunda yangi g‘isht turining aprobatsiya va laboratoriyalik tajriba namunasi mavjud bo‘lib, yaqin vaqtlar ichida mazkur silikat g‘ishtning har xil markadagi tajriba-sinov namunalari olinadi va amaliyotda foydalanishga tatbiq qilinadi.

Mavzuga oid