O‘zbekiston | 08:09 / 04.08.2017
98908
5 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev: “O‘zbekiston xalq artisti” yuksak unvoniga ega aktyorlar ham turli bachkana rollarni ijro etmoqda

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

2017 yilning 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda madaniyat, san'at, adabiyot va OAVdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari hamda kelgusidagi vazifalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda barcha viloyat, shahar va tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari hamda qator idora, tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari bugungi film va spektallar sifatida haqida ham to‘xtalib o‘tdi. 

“Ayni vaqtda, madaniyat sohasida jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, yoshlarimizni haqiqiy san'atni anglashga o‘rgatish, ularning estetik olamini sog‘lom asosda shakllantirish bo‘yicha oldimizda juda muhim vazifalar turibdi. Shu nuqtai nazardan, kino sohasi faoliyatiga baho beradigan bo‘lsak, bu borada muayyan yutuqlar bilan birga, jiddiy nuqson va kamchiliklar ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ba'zi filmlarda mayda maqsadlar bilan yashaydigan, hayotga faqat iste'molchilik kayfiyati bilan qaraydigan kimsalar asosiy qahramon sifatida tasvirlanayotgani tashvish uyg‘otmasdan qo‘ymaydi. Eng yomoni, nomdor san'atkorlar, hatto “O‘zbekiston xalq artisti” degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan aktyorlar ham mana shunday kinolarda turli bachkana rollarni ijro etmoqda. Avval durustgina filmlar yaratgan rejissyorlar ham, sal o‘tmasdan, xom-xatala asarlar bilan tomoshabinlarning ixlosini qaytarmoqda”, - degan Mirziyoyev.

Uning ta'kidlashicha, yaqinda “Toshkent haqiqati” gazetasida shu mavzudagi bir maqolani o‘qigan. Maqola muallifi ayrim kinolarimizning xorijiy filmlardan aynan ko‘chirib olingani, ya'ni adabiy o‘g‘rilik – plagiatga yo‘l qo‘yilayotgani haqidagi fikrlarni bayon etib, aniq misollarni keltirgan. 

“Afsuski, bu milliy kinolarimizga nisbatan bildirilayotgan yagona tanqidiy fikr emas. Bunday maqolalarni matbuotda ko‘plab uchratish, bunday fikrlarni juda ko‘p odamlardan eshitish mumkin. O‘zingiz ayting, ijodkorning sha'ni, g‘ururi, san'atga sadoqat degan tushunchalar qayoqda qoldi? Vaholanki, hozirgi vaqtda biz kino sohasiga davlat byudjyetidan har yili milliardlab so‘m mablag‘ ajratyapmiz. Birgina shu yilning o‘zida “O‘zbekkino” milliy agentligiga byudjyetdan 12 milliard 400 million so‘m ajratiladi. Yoki bo‘lmasa, respublikamizdagi mavjud 37 ta teatr faoliyatini ta'minlash uchun ham har yili katta miqdorda mablag‘lar yo‘naltiriladi. Bu yilning o‘zida ushbu maqsadda davlat byudjyetidan 81 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Albatta, davlatimiz, jamiyatimiz san'at rivoji uchun hech narsani ayamaydi. Lekin bu borada kutilgan natijaga erishilayaptimi? Bu savolga bugun ijobiy javob berish qiyin ekanini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi bilamiz”, - degan Prezident. 

Aytilishicha, aksariyat teatrlarimizning repertuarlari g‘oyaviy-badiiy jihatdan nochor, ulardan o‘rin olgan spektakllarda bugungi kun nafasi, odamlarni o‘ylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar o‘z aksini topmayapti. Teatrlarimiz ko‘proq maishiy mavzulardagi yengil-yelpi, bachkana asarlar, odamga na ma'naviy oziq, na estetik zavq beradigan tomoshalarni namoyish etishga o‘rganib qolgani aytildi. 

“Hurmatli teatr arboblarimiz o‘zlarining matbuot va televideniyedagi chiqishlarida ko‘pincha ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Teatr – ibratxonadir” degan hikmatli so‘zlarini keltirishni yaxshi ko‘radilar. Lekin mana shu dono so‘zlarni faqat og‘izda aytmasdan, o‘z faoliyatimizda ularga amal qilsak, ayni muddao bo‘lardi, deb o‘ylayman. Men goh-gohida madaniyat sohasiga mas'ul bo‘lgan rahbarlarimizdan “Qachon endi, bir yaxshi spektakl yoki kinofilm yaratib, bizni taklif qilasizlar”, deb so‘rab turaman. Afsuski, shunda ular xijolat tortib, “Shavkat Miromonovich, hali sizga ko‘rsatadigan munosib asarlar yaratolganimiz yo‘q, bizga yana ozgina fursat bering”, deyishadi. Mayli, men tushunaman, bu ijodiy jarayon, lekin har qanday muddatning ham chegarasi bo‘lishi kerak-ku. O‘zingiz ayting, xalqimizga manzur bo‘ladigan film va spektakllar qachon yaratiladi?”, - degan davlat rahbari. 

Mavzuga oid