O‘zbekiston | 16:27 / 04.08.2017
82293
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev navbatdagi xorijiy safarga tayyorgarlik ko‘rmoqda

O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyevning keyingi xorij safari Janubiy Koreyaga amalga oshiriladi. Prezidentning o‘zi Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilish davomida Koreya safariga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma'lum qilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining Parkent tumanida erkin iqtisodiy zona tashkil etiladi, ushbu tuman iqtisodi rivojlantirilishi uchun koreyaliklar investitsiyasi jalb etiladi.

«Urgut tumani namunasida Parkent tumani erkin iqtisodiy sanoat zonasi tashkil etiladi. Tumanda 100ta dam olish maskani va sanatoriyalar barpo etiladi, Parkentda bitta, Ohangaron tumanida ikkita suv ombori quriladi.

Ochig‘ini aytsam, parkentliklardan qarzimiz bor. 25 yil ichida bu yerda bironta bino qurmadik, bironta korxona ochmadik. Eski tos, eski hammom.

Hozirda Koreya Respublikasiga safarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bu davlat rahbariyati bilan Koreya investitsiyasini Parkentda erkin iqtisodiy zona tashkil etish, tumanni rivojlantirish uchun jalb etishni muhokama qilamiz. Parkentning mehnatkash xalqi buni sabr bilan kutyapti», degan prezident.

Hozircha tashrif sanasi ma'lum emas.

Qayd etish kerakki, bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Koreya respublikasi elchisi Kvon Yon U bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida turli darajalarda bo‘lajak O‘zbekiston-Janubiy Koreya uchrashuvlari jadvali, kun tartibi va boshqa amaliy masalalari muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev yil boshidan buyon 5ta davlatga bordi. Prezidentning ilk tashrifi 6-7 mart kunlarida Turkmanistonga bo‘lgandi. Keyingi tashriflar Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy va Saudiya Arabistoniga bo‘ldi. Prezident Turkmanistonga ikki marta (6-7 mart, 19-20 may kunlarida), Qozog‘istonga 3 marta (22-23 mart, 29 aprel, 8-9 iyun kunlari) bordi.

Mavzuga oid