Jahon | 08:14 / 04.08.2017
20071
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Osiyo 2100 yilga kelib hayot uchun yaroqsiz holga kelishi mumkin

Foto: EPA

Bir necha o‘n yillardan so‘ng Pokiston, Hindiston va Bangladesh hududlari odam hayoti uchun yaroqsiz holga kelishi mumkin. Bu haqda 3 avgustda Hindustan Times nashri Massachusest texnologik instituti mutaxassislarining izlanishlariga iqtibos keltirgan holda ma'lum qildi.

Olimlarning bashorat qilishicha, joriy asr oxiriga kelib Yerning 20 foiz aholisi yashaydigan Janubiy Osiyo mintaqasida havo harorati va namgarchilik ko‘rsatkichlari inson uchun yaroqli darajadan oshib ketishi mumkin. 

Massachusets texnologik institutining ekologik injyeneriya professori Alfotix Altoxir rahbarligi ostida o‘tkazilgan tadqiqot davomida «nam termometr” deb ataluvchi ko‘rsatkich asos sifatida olingan. Bu ko‘rsatkich o‘zidan ikki omil: atrof-muhit harorati va namgarchilik kombinatsiyasini namoyon qiladi va u yoki bu buyumning o‘z sirtidan suyuqlikni bug‘lantirib o‘zini sovitish qobiliyatini aks ettiradi. “Nam termometr” ko‘rsatkichi 35 gradusdan oshganda, odam o‘z tanasi haroratini oddiy ter chiqarish bilan nazorat qila olmaydi va buning oqibatida uni issiq urish va o‘lim kutadi. Iqlimshunos olimlar tomondan o‘tkazilgan modellashtirish davomida 2100 yilga kelib eng yomon ssenariyga ko‘ra Hindistonning 70 foiz aholisi vaqti-vaqti bilan har yili 32 gradusda «nam termometr” harorati bilan to‘qnashishi, 2 foiz aholisi esa bu ko‘rsatkichning me'yordan oshishi oqibatida issiq urish qurboniga aylanishi aniqlangan.

Altoxirning aytishicha, bu mintaqa qishloq xo‘jaligi nuqtai nazaridan juda muhimdir. “Yuqori haroratlar tufayli nafaqat odamlar, balki qishloq xo‘jaligi ham ziyon ko‘radi. Bu esa barchaga ta'sir qiladi», deb aytmoqda olim.

Hozir sayyoramizdagi “nam termometr” harorati kamdan-kam hollarda 31 gradusdan oshadi, biroq 2015 yilda Fors ko‘rfazi mintaqasida inson uchun chegaraviy 35 graduslik ko‘rsatkichlar qayd qilingan. Shu sababli tadqiqotchilar iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini bajarishga iloji boricha tezroq kirishishga chaqirmoqdalar, chunki ularning aytishicha, bu dunyo aholisi uchun qizib ketish xatarini ancha kamaytirishi mumkin. 

Mavzuga oid