Onaizorning 6 yillik fig‘oni: bemorni komaga tushirgan vrach-ginekolog jinoiy javobgarlikka tortilgan
Farg‘ona shahar Bursa ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Habibaxon Usmonovaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga qilgan murojaati to‘liq o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Habibaxon Usmonovaning qizi Nargiza Ubaydullayeva 2011 yildan buyon Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limida koma holatda davolanib kelinmoqda, deya ma'lumot beradi Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarovga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy sayti.
O.Umarov tomonidan berilgan ma'lumotlarga asosan, bemor Nargiza Ubaydullayevaning kasallik tarixi quyidagicha boshlangan:
Bemor 2011 yilning 27 noyabrida soat 06:25 da Farg‘ona shahar markaziy shifoxonasi tug‘ruq bo‘limiga olib kelingan. Navbatchi shifokorlar — R.E.Mamasiddiqov va Z.A.Usmonovalar tomonidan bemor ko‘rikdan o‘tkazilib, quyidagi tashxis qo‘yilgan: Homiladorlik-2, 38 hafta, tug‘ruq-2, tug‘ruqning birinchi davri. Asoratlangan akusherlik anamnezi (bachadon chandig‘i). Kamqonlikning og‘ir darajasi.
Shundan so‘ng shifokorlar bachadon chandig‘i nuqsoni, tug‘ruq travmatizmining oldini olish maqsadida hayotiy ko‘rsatmaga ko‘ra, shoshilinch ravishda tug‘ruqni jarrohlik yo‘li bilan olib borish zarurligini bemorning qarindoshlariga tushuntirishgan. Bemor shoshilinch operatsiyaga tayyorlanib, shu kunning o‘zida soat 07:00 da operatsiya xonasiga o‘tkazilgan. Operatsiya paytida bemorda o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi sababli, nafas va yurak faoliyati to‘xtashi kuzatilgan. Yurak faoliyati ikki bora to‘xtashi kuzatilib, ko‘rilgan reanimatsion choralardan so‘ng operatsiya davom ettirilgan va soat 09:15 da yakunlangan. Shundan keyin bemor sun'iy nafas olish apparati yordamida, intensiv davolash maqsadida reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan.
Uning ahvoli og‘irlashganligi sababli, 2011 yil, 28 noyabr kuni soat 05:45 da viloyat mutaxassilari ishtirokida qayta operatsiyaga olingan. Unda relaparotomiya, bachadon amputatsiyasi, ichki yonbosh arteriyalarini bog‘lash va qorin bo‘shlig‘ini drenajlash operatsiyasi bajarilgan.
2012 yilning aprel oyidan bemorga I guruh nogironligi belgilandi. Farg‘ona shahar Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining tavsiyaga asosan, Farg‘ona shahar hokimining 2012 yil 16 iyuldagi qarori bilan Habibaxon Usmonova bemorga vasiy homiy etib tayinlanib, unga 405 ming so‘m miqdorida nafaqa belgilangan. Bemor N.Ubaydullayeva esa reanimatsiya bo‘limida alohida xonada parvarish qilinmoqda.
Hozirgi kundagi tashxisi: Surunkali vegetativ holat, oyoq va qo‘l bo‘g‘imlari kontrakturasi, mushaklar distrofiyasi. Temir tanqislik kamqonligining o‘rta og‘ir darajasi.
Farg‘ona shahar huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, tibbiyot birlashmasining ikki nafar shifokori — reanimatolog-anesteziolog Rayim Qoraboyev va vrach-ginekolog Rahmat Mamasidiqovlarga nisbatan ushbu davolash jarayonida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun jinoiy javobgarlik belgilangan va qonuniy choralar ko‘rilgan.
Ayni kunlarda bemor Nargiza Ubaydullayevaning umumiy ahvoli turg‘un behush, bo‘g‘imlar deformatsiyalangan, muskullar atrofiyalangan. Nafas olishi traxeostomik naycha orqali, vaqti-vaqti bilan yuqori nafas yo‘llari elektr so‘rg‘ich yordamida sanatsiya qilib turiladi. O‘pkalarda sust vezikulyar nafas, gemodinamika stabil. Oziqlanishi oshqozon zondi orqali. Diurez uretral kateter yordamida.
Respublika ishchi guruhi va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyatining bemor N.Ubaydullayevani amaldagi qonunda belgilangan tartib asosida «Muruvvat» uyiga joylashtirish taklifi bemorning onasi H.Usmanova tomonidan rad etildi.
Bemor Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Nevrologiya kafedrasi, Andijon davlat tibbiyot instituti Nevrologiya kafedrasi professorlari, Janubiy Koreya, Hindiston davlatidan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, qo‘yilgan tashxis va davolash muolajalari to‘g‘riligi qayd etilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda yuqoridagi holat 0,06 foiz hollarda uchrab turadi. Bunday kasalliklar bilan yillar davomida davolanayotgan bemorga nisbatan ham ma'naviy, ham jismoniy, ham iqtisodiy tomondan juda katta kuch, e'tibor va parvarish talab qilinadi. Belgilangan tartibga asosan, ushbu bemorlar bosqichma-bosqich ravishda jadal terapiya sharoitidan, parvarishlar amalga oshiriladigan statsionarlar sharoitiga o‘tkazilishi talab etiladi.
Lekin, ushbu asoratdan so‘ng ro‘y bergan murakkab vaziyatni to‘liq tushungan holda, bemorning qarindoshlari talabini qondirish maqsadida hamda insoniylik nuqtai nazardan bemor N.Ubaydullayevaga 6 yildan buyon faqat reanimatsiya bo‘limida shifokorlar, hamshiralar, qolaversa, barcha katta va kichik tibbiyot xodimlari tomonidan uzluksiz parvarish (oziqlantirish, sanitar ishlovlar, ko‘rpa-to‘shaklarni almashtirish, cho‘miltirish va h.k.) o‘tkazilib kelinmoqda. Jumladan, davlatimiz tomonidan Farg‘ona viloyati hokimligi, Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, mahalla fuqarolar yig‘ini ko‘magida ko‘plab beminnat mablag‘lar sarf qilib kelinmoqda.
Hozirgi kunda bemor N.Ubaydullayevaga reanimatsion tibbiy muolajalar davom ettirilishiga ko‘rsatma mavjud emas, faqat parvarish darkor. Shunday ekan, ayni damda bemor uy sharoitida yoxud «Muruvvat» uyida parvarishlanishi mumkin.
Tahririyatdan: Farg‘ona viloyatida xizmat safarida bo‘lib turgan xodimlarimiz ham shu masala yuzasidan bemorning oilasi bilan uchrashishni rejalashtirgan.
Mavzuga oid
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
09:40 / 02.11.2024
Hindiston Farg‘onada xalqaro ko‘p tarmoqli klinika tashkil etadi
19:32 / 30.10.2024