O‘zbekiston | 13:20 / 10.08.2017
58996
14 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev majlisbozlik va qog‘ozbozlikni keskin kamaytirishni buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 avgust kuni Toshkentda joriy yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida mamlakatimizni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini yangilash, iqtisodiyotni erkinlashtirish va aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, davlatimiz rahbarining joylarda xalq bilan muloqotlari chog‘ida belgilangan maqsad va vazifalarning bajarilishiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda UzA. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar hokimlari, tarmoqlar mutasaddilari ishtirok etdi. 

Prezident yig‘ilish davomida bosh vazir Abdulla Aripov va bosh prokuror Ixtiyor Abdullayevga majlisbozlik, qog‘ozbozlik va hisobotbozlikni keskin kamaytirish, davlat idoralari faoliyatida ma'lumot almashishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha hukumat qarorini ishlab chiqib, ijrosini alohida nazoratga olish vazifasi yuklandi.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizni rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun, Prezidentning 180 dan ortiq Farmoni, 450 dan ortiq qarori qabul qilingani va bu jarayon uzluksiz davom etayotganini, ushbu me'yoriy-huquqiy hujjatlarning amaldagi ijrosini ta'minlashda barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning mas'uliyatini oshirish zarurligini ta'kidladi. 

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, joylarda aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar, tarmoqlar rahbarlari va hokimlarning hisobotlari hali hududlar bilan bog‘liq kamchiliklar va muammolarga to‘liq barham berilmaganini ko‘rsatmoqda. 

Buning asosiy sabablaridan biri shu paytgacha markaziy organlar va mahalliy hokimiyat idoralari hamda asosiy ijrochi bo‘lgan quyi bo‘g‘in o‘rtasida o‘zaro samarali hamkorlik ta'minlanmayotganidir. Aksariyat mas'ul shaxslar faqat yaqqol ko‘zga tashlanadigan muammolar yechimi yoki yuqoridan beriladigan topshiriqlar ijrosi bilan cheklanib qolmoqda. Ularda muammolarni kompleks hal etish borasida tashabbuskorlik sezilmayapti. 

Yana bir sabab shuki, markaziy idoralar vakillarining hududlarga xizmat safarlari tegishli tarzda muvofiqlashtirilmayotgani oqibatida ularning ko‘pchiligi bir-birini takrorlayapti. Joylardagi rahbarlar markazdan kelganlar bilan birga yurishga majbur bo‘lib, o‘zining bevosita vazifalaridan chalg‘imoqda. 

Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni baholashda joylardagi haqiqiy ahvolni tanqidiy tahlil qilishga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ulardan har birining o‘ziga xos xususiyatlari, xomashyo resurslari, rivojlanish darajasi va ehtiyoji to‘liq hisobga olinmayapti. 

Ayni paytda respublika va mahalliy byudjyetlarni shakllantirish va taqsimlash, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish mexanizmlari ustuvor loyihalarni manzilli va o‘z vaqtida moliyalashtirishni ta'minlamayapti. 

Shuningdek, ko‘plab tashkilot va idoralarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga doir eng muhim dasturlarni amalga oshirish o‘rniga, aksariyat hollarda, faqat yig‘ilishlar o‘tkazish va puxta o‘ylanmagan qarorlar qabul qilish, amaliy ish qolib, qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanish holatlari uchrayapti. 

Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar majlislar sonini keskin qisqartirish, ko‘riladigan masalalarga bevosita aloqasi bo‘lmagan davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va boshqa muassasalar rahbarlarini taklif qilmaslik zarurligini ta'kidladi. 

Bosh vazir A.Aripov va Bosh prokuror I.Abdullayevga majlisbozlik, qog‘ozbozlik va hisobotbozlikni keskin kamaytirish, davlat idoralari faoliyatida ma'lumot almashishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha hukumat qarorini ishlab chiqib, ijrosini alohida nazoratga olish vazifasi yuklandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylardagi ahvolni baholash uchun maxsus ishchi guruh tomonidan sakkizta viloyatdagi vaziyat o‘rganib chiqilgani va bu jarayonda qator kamchilik va muammolar aniqlanganini ma'lum qildi. Xususan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlarining ayrim tumanlarida ichimlik suvi ta'minoti borasidagi ahvol qoniqarli emas. Ko‘p qavatli uylarning tomi ta'mirtalab, oqova suv tizimi ishdan chiqqan, uylarning atrofini obodonlashtirish sust amalga oshirilmoqda. 

Barcha viloyatlar markazlarida issiqlik ta'minoti tizimi deyarli ishlamaydi. Aksariyat shahar va tumanlarda elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini kapital ta'mirlash kechikmoqda. Qo‘shimcha suyultirilgan gaz, gaz ballonlari va ularni tashiydigan maxsus avtotransport vositalariga ehtiyoj hamon kattaligicha qolmoqda. 

Hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va ko‘mish ishlari tizimli ravishda tashkil etilmagan. Ayrim tumanlarda noqonuniy chiqindixonalar bartaraf etilmagan. 

Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev joylardagi muammo va kamchiliklarga Bosh vazir o‘rinbosarlari, hukumat a'zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari shaxsan e'tibor qaratishi zarur ekanini ta'kidladi. 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, “O‘zdonmahsulot”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zkimyosanoat” va boshqa tarmoqlar korxonalarida energiya sarfi va ortiqcha ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish borasida yetarlicha ish olib borilmayapti. Oqibatda mahsulotlar rentabelligi va raqobatbardoshligi pastligicha qolib, elektrotexnika, yengil va kimyo sanoatining 63 yirik korxonasida ishlab chiqarish hajmi 645 milliard so‘mga kamaygan. 

Shundan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasining Iqtisodiy kompleksiga joylardagi iqtisodiy-moliyaviy muammolarni tizimli hal qilishni tashkil etish vazifasi topshirildi. Bunda joylardagi iqtisodiy kompleks idoralarining sa'y-harakatlarini birlashtirib, ularning hududlarni rivojlantirish, jumladan, yangi korxonalar va yangi ish o‘rinlari tashkil etish, shu orqali aholining turmush sharoitini yaxshilashdagi ishtirokini va daxldorlik hissini kuchaytirish zarur. 

Davlatimiz rahbari ikki oyda barcha hududda bittadan tumanda iqtisodiy kompleks ishini namunali tarzda tashkil etib, barcha shahar va tumanlarga joriy etishni ta'minlash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. 

Yig‘ilishda jamiyatimiz hayoti va mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga jiddiy ta'sir ko‘rsatadigan joylardagi ma'naviy muhit sohasidagi ishlar muhokama qilindi. 

Ta'kidlanganidek, barcha hududlarda, har bir mahalla va oilada ma'naviy muhitni yaxshilash maqsadida uyma-uy yurish va bunga keng jamoatchilikni jalb etish yuzasidan yangi ish uslublari joriy etilganiga qaramay, hali kutilgan natijalarga to‘liq erishilgani yo‘q. Masalan, Farg‘ona viloyatida voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik o‘sgan. Umuman, o‘tgan 7 oy mobaynida viloyatda voyaga yetmaganlar tomonidan 129 jinoyat sodir etilgan. Viloyatning 10 shahri va tumanida voyaga yetmagan bolalarni uyda yashirincha diniy o‘qitish holatlari aniqlangan. 

Buning uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, "Nuroniy" jamg‘armasi va mahallalar rahbarlari bevosita javobgardir. 

Prezidentning yaqinda qabul qilingan “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatiga qator yangi mexanizm va usullar joriy etilmoqda. Xususan, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari hududlarga qaytadan biriktirildi. Bu mutasaddilar tegishli hududlardagi muammolarni samarali hal qilish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirishi, ularning joylardagi hokimliklar bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yishi kerak. 

Ma'lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlarni kompleks rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektorlar tashkil qilinib, ularga hokim, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralari rahbarlari boshchilik qilmoqda. Ushbu sektorlar ishi “mahalla – tuman – viloyat – respublika” ketma-ketligi asosida tashkil etilib, ularning vazifa va majburiyatlari belgilab berildi. 

Avvalo, sektor rahbari mahalla darajasida o‘ziga biriktirilgan hududdagi har bir xonadonga har chorakda kamida bir marta borib, u yerdagi vaziyat, ijtimoiy muhit, bolalar tarbiyasiga munosabat, aniqlangan muammolarni hal etish choralari va bildirilgan takliflarni qayd etib borishi zarur.

Joyida yechilmagan muammolarni tuman, viloyat va respublikani rivojlantirish dasturiga kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash kerak. 

Shu bilan birga, mahallalarda aniqlangan muammolarni tahlil qilish asosida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, ularning amalga oshirilishi ta'minlanishi lozim. 

Ayni paytda, tumanlarda aniqlangan va viloyat darajasida hal etiladigan muammolar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish kerak. 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi darajasida hududlarning “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish samaradorligini tahlil qilib, davlat va hududiy dasturlar ishlab chiqish, har chorakda davlat rahbariga hisobot berish tizimini joriy etish lozim. 

Yana bir masala shuki, sektor rahbarlari hisobotlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlarida tinglab borish tizimini joriy etish kerak. Bu ularning mas'uliyatini oshiruvchi muhim omil bo‘ladi. 

Shu bilan birga, sektorlar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish, ularning faoliyatini, ishining natijalarini xalqqa tanitish zarur. Bu masala yuzasidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga joylardagi sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni yoritish uchun markaziy va mahalliy tele va radiokanallarda alohida ko‘rsatuv va eshittirishlar, gazeta va jurnallarda alohida ruknlar tashkil etish vazifasi topshirildi. 

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev qatnashchilar e'tiborini bugungi kunda mamlakat miqyosida, hududlar va tarmoqlarda har chorak yakuni bo‘yicha majlis o‘tkazish amaliyoti eskirganiga qaratib, yangi konsepsiya ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish zarurati yuzaga kelganini qayd etdi. 

Bunda, avvalo, fuqarolar, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ko‘tarilgan eng dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan aniq choralarni belgilashga, ko‘rilayotgan choralar va erishilgan natijalarning aholi hayoti sifatiga qay darajada ta'sir etayotganiga alohida e'tibor qaratish kerak. 

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, hududlarni kompleks rivojlantirish va joylardagi muammolarni hal etish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining mas'uliyatini oshirish masalasi doim diqqat markazida bo‘lishi shart. 

Shundan kelib chiqqan holda, hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning rivojlanish holatini o‘rganish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish uchun maxsus komissiya tuzish taklifini bildirdi. Unga binoan Bosh vazir, Iqtisodiyot va Moliya vazirligi zimmasiga boshqa mas'ul muassasalar bilan birgalikda bir hafta muddatda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilishning yangi konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklandi. 

Davlat rahbarining ta'kidlashicha, barcha hududlarda intizomga rioya etish masalasi o‘rganib chiqilgan va joylarda qat'iy talabchanlik va nazorat ta'minlanmayotgani, oqibatda hokimliklar va idoralarda intizom, jumladan, ijro va mehnat intizomi ancha bo‘shashib ketgani aniqlangan. Xususan, deyarli barcha hokimliklar va quyi idoralarda hukumat qarorlari ijrosini tashkil etish yuzasidan ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar belgilangan vazifalar to‘liq bajarilishini ta'minlamayapti. 

Shu munosabat bilan davlat organlari va korxona-tashkilotlarda ijro va mehnat intizomiga qat'iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan rahbarlarning mas'uliyatini oshirish va xulosa qilmaganiga nisbatan keskin choralar ko‘rib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. 

Bundan buyon talab, nazorat, o‘rganish va intizom masalalari yanada qat'iy e'tiborda bo‘lishi kerak. Barcha darajadagi rahbarlar faoliyati va ishining natijalariga shu mezonlar asosida baho beriladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yil yakunlanishiga 5 oydan kam vaqt qolganini, bugungi kunda har bir bo‘g‘indagi rahbarlarning eng muhim vazifasi 9 oy va umuman, 2017 yil uchun belgilangan barcha prognoz va maqsadli ko‘rsatkichlar, dastur va topshiriqlar, ayniqsa, hududlarga safarlar davomida berilgan topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlashdan iborat ekanini alohida qayd etdi. 

Mavzuga oid