Sport | 17:11 / 10.08.2017
12940
2 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» homiylari ichida hamon «Kamolot» bormi? (Fotofakt)

Bugun, 10 avgust kuni Toshkentning «Paxtakor» klubi davralar oralig‘idagi so‘nggi transferi - Rostin Griffitsni tanishtirdi. Klub rasmiy saytida ushbu tanishtiruv marosimidan olingan suratlar joylashtirilgan.

Matbuot anjumanlari vaqtida futbolchi yoki murabbiy ortiga klubga homiylik qiluvchi tashkilotlarning reklama bannerlari joylashtirilishi odat tusiga kirgan. Qiziq tomoni, «Paxtakor»ning bugungi tanishtiruv marosimi uchun tayyorlagan bannerda «Kamolot» YoIH harakati yozuvi tushirilgan reklamani ham ko‘rish mumkin.

Ammo bizga ma'lumki, iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaroriga binoan bu tashkilot faoliyati butunlay to‘xtatilgan va uning o‘rniga O‘zbekiston yoshlar Ittifoqi tashkil qilingandi.

Tribuna izohi: «Paxtakor» so‘nggi vaqtlarda amalga oshirgan tansferlari va boshqa shov-shuvli xabarlari bilan yangi davrga o‘tayotganini bildirib qo‘ymoqda. Jamoaga yangi bosh murabbiy sifatida taklif etilgan Shota Arveladze dastlabki intervyusida jamoa rahbariyati unga «shunchaki klub emas, superklub tuzmoqchi ekani»ni aytgandi. Savol tug‘iladi: superklubga aylanish yo‘lida bir qancha miqdorda pul sarflab yangi futbolchilar xarid qilayotgan «Paxtakor»da bannerni almashtirib qo‘yish uchun ortiqcha pul yo‘qmi, yoki ular Prezident chiqargan qarordan bexabar qolishganmi? Yoki qaysidir tadbirkor «Kamolot» degan nomdagi yangi korxona, firma yoki shu kabi biror tashkilot tuzib darrov «Paxtakor»ga homiy bo‘lib olib, biz bundan bexabar qoldikmikan?

Mavzuga oid