"Haqiqat yuzaga chiqdi". Sakkizinchi yili talaba bo‘lgan qiz bilan suhbat
Tanishing! Hasanxo‘jayeva Hulkar. 1991 yil 24 avgust kuni Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani, Kavardon qishlog‘ida tug‘ilgan. 2010 yil TDAU qoshidagi akademik litseyini a'lo baholalarga tamomlagan. 7 yildan beri Oliy ta'lim muassasasiga imtihon topshirib kelgan. Joriy yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining talabasi bo‘lish baxtiga erishdi.
- Hulkar, talabalar safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklaymiz. Ilk bor qaysi OTMga imtihon topshirgansiz? Birinchi imtihondan to‘plagan balingiz qancha edi?
- Birinchi marta litseyni tamomlab, O‘zDJTUning ingliz filologiyasi fakultetiga hujjat topshirganman. Biroq 153.2 ball bilan o‘qishga kira olmaganman. 2010 yilda kirish bali 157 bo‘lgan edi. Shundan so‘ng, 7 yil davomida mana shu universitetga hujjat topshiraverdim. Maqsadim bitta edi: Albatta, talaba bo‘lish!
- Har yili talaba bo‘lganlar ro‘yxatida o‘zingizni ko‘rmaganingizda ko‘nglingizdan nimalar kechdi?
- Ko‘nglimdan o‘tgan kechinmalarni tasvirlab berishim juda qiyin. Buni faqat o‘zim va yaqinlarim his eta olishadi. Lekin ich-ichimdan bir kun kelib haqiqat yuzaga chiqishiga ishonar edim.
- Nahotki, shuncha yillar davomidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng ham oliygohga topshirish fikridan qaytmadingiz?
- Yo‘q. O‘ylab qarasam, har yilgi omadsizliklar menga sira ham ta'sir qilmabdi. Har yili O‘zDJTU ingliz filologiyasi fakultetiga hujjatlarimni topshiraverdim. Chunki chet eldan kelgan mehmonlar bilan xorijiy tillarda bemalol yurtimiz haqida suhbatlashishni orzu qilganman. Shu maqsad yo‘lida ortga chekinmadim.
- Bu yil imtihon jarayonlaridagi shaffoflikni qanday baholaysiz?
- Imtihon haqqoniy o‘tkazildi va men sakkizinchi yil topshirganimda talaba bo‘lish baxtiga erishdim. 117,2 ball bilan O‘zJDTU talabasiga aylandim. Albatta, to‘plagan balim avvalgilariga nisbatan pastroq. Sababi, qo‘shimcha darslar, repititorlarga imkoniyatim bo‘lmagani uchun bora olmadim. Hattoki, Profi Education o‘quv markazidan ham besh marta xat kelgan. Shuncha vaqt davomida uyda o‘zim darslik va kitoblar orqali imtihonlarga tayyorlanib keldim. Shuningdek, bolalarga ingiz tilidan qo‘shimcha saboq berganim ham menga ancha yordam berdi.
- Kelajakdagi rejalaringiz?
- Eng katta maqsadim - yaxshi filolog-tarjimon bo‘lib yetishish. Yurtimga, atrofdagilarga kerakli inson bo‘lishni, o‘z sohamni professional mutaxassisi bo‘lib xizmat kilishni istayman.
Feruza Avazova suhbatlashdi
Mavzuga oid
14:18 / 04.01.2021
To‘lov-kontrakt miqdorlari oshmaydi – vazirlik
10:14 / 03.01.2021
BHM oshishi talabalarning kontrakt to‘lovi bo‘yicha savollarni tug‘dirmoqda
15:12 / 18.12.2020
«Vazirlik birorta OTMga forma bo‘yicha talab qo‘ymagan» - Farhod Babashev
18:09 / 15.12.2020