Jamiyat | 19:50 / 17.08.2017
15723
2 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofotining eng yosh sovrindori Oksford universitetiga o‘qishga kirdi

Foto: AP Photo / Matt Dunham

2014 yilda Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan pokistonlik huquq himoyachisi Malala Yusufzay imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, Britaniyaning nufuzli Oksford universitetiga o‘qishga kirdi. Bu haqida u o‘zining Twitter'dagi sahifasida ma'lum qildi. 

Oksfordda Yusufzay "Falsafa, siyosat va iqtisodiyot" yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. 

"Oksfordga o‘qishga kirganimdan juda hayajondaman! Barcha A-level talabalarini tabriklayman - eng qiyin yil. Eng yaxshi tilaklar hamroh bo‘lsin!", - deb yozadi u. 

Payshanba kuni Buyuk Britaniyada oliygohlarga kirish uchun topshiriladigan A-level imtihon natijalari e'lon qilindi.

Malala Yusufzay 11 yoshidan BBC teleradiokorporatsiyasi uchun yuritgan blogi bilan mashhur. Unda qiz toliblar rejimida kechirayotgan hayoti haqida so‘zlagan, "Tolibon" radikal harakatini tanqid qilgan va qiz bolalarning ta'lim olish huquqini himoya qilgan. 2012 yilda unga uyushtirilgan suiqasd natijasida Yusufzay boshidan og‘ir jarohat olgan va Buyuk Britaniyada ikki murakkab operatsiyani boshidan o‘tkazgan. Yusufzay 2014 yilda Osloda Nobel mukofotini olgan.

 

Mavzuga oid