O‘zbekiston | 14:46 / 22.08.2017
13713
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari - Markaziy Osiyo

O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor vazifalarni belgiladi. Bu haqida bugun matubot anjumanida O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchisi Komil Rashidov ma'lum qildi, deyiladi 24.kg saytida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev asosiy e'tibor Markaziy Osiyo mamlakatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistonga qaratilishini ma'lum qilgan. Chegaralarning belgilab olinishi va suv resurslarining taqsimlanishi mintaqa bilan uzviy bog‘liq. 11 avgust kuni Toshkent shahrida "Markaziy Osiyo - O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari" nomli konferensiya bo‘lib o‘tdi va u BMT Taraqqiyot Dasturi vakolatxonasi hamda YeXHT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. 

"Har qanday yirik mintaqaviy transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini mintaqa mamlakatlari ishtirokisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Xalqlarimizni umumiy ma'naviy qadriyatlar, umumiy tarix birlashtirib turadi", - deya ta'kidladi Komil Rashidov. 

U Afg‘oniston ham bundan istisno emasligini qo‘shimcha qildi. O‘zbekiston uning qayta tiklanishiga doimo o‘z hissasini qo‘shib keladi, deyiladi manbada. 

Eslatib o‘tamiz, 16 avgust kuni Bishkek shahrida ikki tomonlama hamkorlik, chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasi bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iziston rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Mavzuga oid