Jahon | 07:35 / 24.08.2017
13956
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Sudandagi elchisi o‘z uyida jonsiz holda topildi 

Rossiyaning Sudandagi elchisi Mirgayas Shirinskiy Sudan poytaxti Xartumdagi uyida o‘lik holda topildi, deb xabar bermoqda Al Arabiya telekanali. Telekanal manbasining ta'kidlashicha, Shirinskiy basseynda jonsiz holda topilgan. Telekanalning politsiyadagi manbasining ma'lum qilishicha, elchining zo‘ravonlik alomatlari bilan o‘lganidan darak beruvchi hech qanday ma'lumotlar mavjud emas.

Diplomatning vafot etgani Rossiya tashqi ishlar vazirligining axborot va matbuot departamentida tasdiqlandi. “Afsus-nadomat bilan ma'lum qilamizki, 23 avgustda Xartumda Rossiyaning Sudandagi elchisi Mirgayas Shirinskiy vafot etdi. Rossiyaning Xartumdagi elchixonasi xodimlaridan batafsil ma'lumotlarni olgandan keyin hamkasbimizning o‘limi tafsilotlari haqida ma'lumot beramiz”, deb aytilgan tashqi ishlar vazirligida.  

RT telekanalining elchixonadagi suhbatdoshining ma'lum qilishicha, elchi yurak xurujidan vafot etgan. Uning aytishicha, Shirinskiy jasadi aniqlangandan keyin darhol shifokorlar chaqirtirilgan, biroq ular elchi hayotini saqlab qolish uchun hech narsa qila olishmagan.

Youm7 nashrining ma'lum qilishicha, elchi jasadi o‘likxonaga jo‘natilgan. Keyinroq uning jasadini yorishga ruxsat olish ko‘zda tutilgan.

Elchining o‘limi munosabati bilan Sudan tashqi ishlar vazirligi Rossiya hukumatiga hamdardlik bildirgan.

Shirinskiy 1991-1993 yillarda sobiq ittifoq, so‘ngra Rossiyaning Yamandagi elchisi bo‘lgan. 1993-1996 yillarda Rossiyaning Jiddadagi bosh konsuli, 2006-2013 yillarda Rossiyaning Ruandadagi elchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Shirinskiy joriy yil yanvarida bergan intervyusida Rossiya va Sudan o‘rtasida kelishmovchiliklar yo‘qligini aytib o‘tgan. O‘shanda u Sudan prezidenti Oman Hasan Al-Bashirning Moskvaga tashrif buyurishi mumkinligini aytib o‘tgandi.

 

Mavzuga oid