Lola Karimova-Tillayeva Islom Karimovning so‘nggi kunlari haqidagi xotiralarni e'lon qildi
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotiga bir yil to‘lishi arafasida uning qizi Lola Karimova-Tillayeva Facebook’dagi sahifasi orqali dugonasi Oqila Toirovaning xotiralarini ulashdi.
«Men uchun juda shaxsiy bo‘lgan ushbu hikoyani sizga havola etmoqchiman, chunki bir yil avval aynan shu kunda barcha o‘zbekistonliklarga ta'sir etgan, otamning sog‘liqlari bilan bog‘liq qayg‘uli voqealar boshlangan edi.
Men padari buzrukvorim, O‘zbekistonning birinchi prezidenti hayotining so‘nggi kunlari tafsilotlari bilan bo‘lishmoqchiman. Bu xotiralar mana 20 yildan ortiqroq vaqt davomida menga qadrdon bo‘lgan inson tomonidan yozilgan. O‘sha og‘ir kunlar, men tamomila qayg‘uga botgan damlarda, dugonam otam hayotlarining so‘nggi kunlari tafsilotlari bizlar uchun keyinchalik katta ahamiyatga ega bo‘lishini anglab qog‘ozga tushirgan edi», — deb yozadi Karimova-Tillayeva.
So‘ng u dugonasining hikoyasini keltiradi:
«Prezidentimiz bilan ularning hayotliklarida uchrashib, suhbatlashishga muvaffaq bo‘lmaganman. U kishini talabalik davrimda — 90-yillarning o‘rtalarida sport musobaqalarining ochilish marosimlarida bir-ikki marotaba uzoqdan ko‘rganman.
Ammo, Xudoning xohish va irodasi bilan, ularning hayotlarini so‘nggi soatlarida yonlarida bo‘lish menga nasib etgan.
To 31 avgust oqshomiga qadar ularning hayotlarini saqlab qolish mumkin degan umid uchquni barchamizning yuragimizda bor edi. Biroq, umid yo‘qligi ayon bo‘lgach, men shunday og‘ir kunlarda o‘z yaqin dugonamning yonida bo‘lish hamda unga dalda berish uchun 1 sentabr kuni Toshkentga uchib keldim. Bo‘lib o‘tgan voqealar menga shu qadar qattiq ta'sir ko‘rsatdiki, men Parijdan bir inson bo‘lib ketib, tamomila boshqa inson bo‘lib qaytdim.
Men Toshkentga payshanba, 1 sentabr kuni kechga tomon yetib keldim va 2 sentabr kuni ertalab kasalxonaga yo‘l oldim. Prezidentimizning rafiqalari, qizlari Lola va Lolaning to‘ng‘ich qizi Maryam mana bir necha kundirki kasalxonada ularning oldilaridan bir zum ham ketmasdan turar edilar.
2 sentabr tonggi soat 9:00 da O‘zbekistonning OAV orqali prezidentimizning ahvollari og‘irlashgani haqida xabar berildi (Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchi edimki, prezidentning oila a'zolari xalqni yurtboshimiz sog‘lig‘idan bevosita xabardor qilib borish kerakligini qat'iyan ta'kidlashdi va aynan ularning iltimoslariga ko‘ra, yurtboshimiz vafotining sabablarini ko‘rsatuvchi tibbiy xulosa e'lon qilindi).
Lola menga 2 sentabr ertalab soat 8:00 larda qo‘ng‘iroq qildi hamda otasining ahvoli keskin yomonlashgani va umrlarining 2–3 soati qolgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi.
Men kasalxonaga yetib kelganimda ularning isitmalari baland edi. Shunda zudlik bilan «Yosin» surasini o‘qish uchun qorilar chaqirtirildi. Ozgina vaqtdan so‘ng Anvar qori Minor masjidining boshqa bir necha qorilari bilan birgalikda yetib kelishdi. Bilmadim, bu tasodifmi yoki yo‘q, ammo qorilar «Yosin» surasini o‘qishni boshlashligi zahoti yurtboshimizning tana haroratlari 36,5 darajaga pasaydi.
Keyingi 12 soat mobaynida Qur'oni Karimning suralari nihoyatda chiroyli va to‘xtovsiz ravishda butun kasalxona bo‘limi bo‘ylab yangradi.
Prezidentimiz umrlarining so‘nggi 12 soati davomida men ular yotgan palatada bo‘ldim. Qizlari Lola, Tatyana Akbarovna, Maryam va men ularning yonlarida o‘tirib, tavhid kalimasi, salavotlar o‘qib, Allohning ismlarini zikr qilib o‘tirdik. Yonimizdagi qo‘shni xonada qorilar o‘tirishar (ular katta darchadan prezidentimizni ko‘rishlari mumkin edi) va baland hamda viqorli ovoz bilan Qur'on suralarini tilovat qilishar edi. Lola otasining oldidan ketmas, tez-tez ularning lablarini suv bilan ho‘llab turardi. Oila a'zolari ko‘zlarida yosh bilan yurtboshimizdan rozi-rizolik so‘rashar edi. Kasalxonada deyarli hamma ko‘z yoshi to‘kar, Qur'on tilovat qilayotgan qorilarning ham ovozlari vaqti-vaqti bilan yig‘i tufayli uzilib qolardi.
O‘sha onlarda prezidentimizning ruhlari bizni his qilayotgandek edi nazarimda. Ularning yuzlari jiddiy tus olgan, misoli Qur'onni diqqat bilan tinglayotgandek hamda har safar oldilariga qizlari Lola kelib gaplashganda, uni sezayotgandek edilar.
Vaziyat har qancha og‘ir bo‘lmasin, boshqa umid yo‘qligi ma'lum bo‘lgach, janoza marosimini rejalashtirish kerak edi. O‘zingiz bilasiz, O‘zbekistonda bunga o‘xshash voqea hali yuz bermagan edi. Dafn marosimi Prezidentning oilasi tomonidan ishlab chiqildi: qayerdan chiqarish, qayerga olib borish, Registon, Tillakori.
Lola boshidanoq dafn marosimi musulmon urf-odatlariga qat'iy rioya qilgan holda bo‘lishi hamda yurtboshimizning vasiyatlariga muvofiq ularni onalari uyidan chiqarishni va tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida dafn etilishlarini aytdi. Prezident Islom Karimov bir necha yil avval o‘z rafiqalari bilan Samarqand shahrini ziyorat qilganlarida Hazrat Xizr masjidi yonidagi joyni ko‘rsatib, ularni aynan shu masjid oldida dafn etishlarini vasiyat qilgan ekanlar. Ularning oila a'zolari barcha marosimlarni islom urf-odatlariga muvofiq bajarilishiga katta e'tibor berdilar hamda har bir masalada Anvar qori bilan maslahatlashdilar. Musulmon odatlariga binoan, ayol kishilar janozada ishtirok etmaydilar. Shu sababli, Lola imomdan o‘z onasi va yana uch ayol tobut ketidan to janoza boshlanguncha Registonga borishi mumkinmi, deb so‘radi. Anvar qori bu musulmonlik qoidalariga zid emasligini, faqat janoza o‘qilayotgan vaqtda ayol kishilar xonaning ichida bo‘lishi kerakligini aytdilar.
Kechki soat 21:00 ga yaqin Alloh yurtboshimizning jonlarini oldi.
Biz ular bilan vidolashish uchun palatalariga kirdik, shu on Anvar qori va ularning ikkita shogirdlari ham xonaga kirishdi. Ular qo‘llarida bir quchoq rayhonni ushlab turishar edi. Shunda Lola qoridan, bu shunday odatmi, deb so‘radi. Uning savoliga javoban Anvar qori, marhumni ularning sevimli gullari bilan yopmoqchi ekanliklarini aytdilar. Shundan so‘ng prezidentimizni oq mato bilan yopishdi, hamda Anvar qori, ularning shogirdlari va Lola marhum boshining tepasi, yelka, qo‘llarining ustiga rayhon gullarini qo‘yishdi va prezidentimiz tamomila rayhon gullariga burkandilar. Men ham bitta rayhon gulini so‘rab oldim va uni prezidentimizning oyoq tomonlariga qo‘ydim. Shundan so‘ng barchamiz o‘tirdik. Butun xona rayhon iforiga va Qur'on tilovotlarining yoqimli ovoziga to‘ldi. Bu juda ham ta'sirli onlar bo‘lib, ham xonada, ham kishi ko‘nglida ravshanlik va yorug‘lik hukm surardi.
Keyinchalik Anvar qori menga marhumning boshi ustida Qur'onni to erta tonggacha o‘qib chiqishganini aytdilar.
Tunggi 12:00 ga yaqin men kasalxonadan uyga qaytdim. Ertalab biz Samarqandga yo‘l olishimiz kerak edi.
Men rasmiy kortejni kuzatuvchilar qatorida emas edim. Samolyotda prezident tobutini kutib olish uchun aeroportga ertaroq, tonggi 5:00 larga yetib bordim. Bu vaqtga qadar Toshkent ko‘chalari odamlar bilan to‘lgan, ko‘pchilik yig‘lar hamda prezidentimizni so‘nggi manzilga kuzatish uchun kutib turishar edi.
Biz Samarqandga soat 8:00 larga yetib bordik va mashinada yurtboshimiz tug‘ilib, voyaga yetgan uyga yo‘l oldik.
Odamlarning tuganmas qatorlarini ko‘rish juda ham ta'sirli edi: prezidentimizga izzat-ikrom ko‘rsatib, ayollar oppoq ro‘mol va och rangli ko‘ylaklar, erkaklar esa do‘ppi va saranjom kiyimlar kiyishgan edi.
Samarqandliklar, 60 yildan so‘ng o‘z ona shahriga butunlay qaytgan o‘z shahrining o‘g‘loni bilan vidolashib, ko‘zlarida yosh bilan turishar edi.
Azim Registon maydonining yonida joylashgan, yurtboshimizning bolaligi o‘tgan kichik hovlili uyda yuvish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng barchamiz uydan Registon tomon piyoda yo‘l oldik. Atrof olomon bilan to‘lgan, shahar bo‘ylab odamlar yig‘isi eshitilar edi. Bu juda ham og‘ir damlar edi. Lola onasi bilan tobutning ketidan yurishar, biz esa ularning ortidan bir necha qadam orqada ketar edik. Tobutni olib borish vaqtida kishilar tobutga tegishga va uni qo‘lma-qo‘l ko‘tarishga harakat qilishar edi. Men o‘sha onlar, odamlarning haqiqiy ayriliq dardi va motamsaro ko‘z yoshlari guvohi bo‘ldim. Atrofda yorug‘lik va iliqlik ruhi hukmron edi.
Registon maydoniga yetib borganimizda biz ayollar Tillakori madrasasining ichiga kirdik. So‘ng esa butun Registon bo‘ylab «Yosin», «Fotiha», «Baqara» va Muqaddas Qur'onning boshqa suralari yangradi. Prezidentning oilasi iltimosiga binoan Qur'oni Karim Registon maydonida chamasi 40 daqiqa davomida o‘qildi.
O‘sha lahzalarda yuraklarni qamrab olgan hissiyotlarni, atrofni chulg‘ab olgan ta'sirli va farishtali ruhiyatni tasvirlashga til ojiz. Men bu marosimni televideniye orqali ham olib uzatishganini ko‘rdim, biroq birorta ham kamera o‘sha lahzalarning nihoyatda go‘zal kuchini to‘liqlicha tasvirlab berishga qodir emas. Keyin janoza namozi boshlandi, so‘ngra tobutni Registondan olib chiqib keta boshlashdi.
Biz madrasadan chiqa olmas edik va tobut uzoqlashayotganini ko‘rib, ko‘z yoshlar bilan vidolashuv so‘zlarini ayta boshladik. Tobut tobora uzoqlashib borar, biz esa uni ko‘zdan qochirmaslik uchun qo‘shni oynaga yugurib borar edik. Tobut maydondan tashqariga chiqib ketayotganda butun Registon bo‘ylab ona vatanimizning mustaqilligi ramzi, O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Birinchi prezidentimizni ularning vasiyatlariga binoan Hazrat Xizr masjidi yoniga dafn etishgandan so‘ng, Samarqandning forumlar majmuasida rasmiy xotira marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati a'zolari, xorijiy davlatlar rahbarlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.
Kechroq, Lola, Tatyana Akbarovna va yana bir necha ayollar prezidentimizning qabrlarini ziyorat qildik. Qur'on tilovat qilindi. Yurtboshimiz qabrlari qo‘yilgan joy tepalikda joylashgan. U yerdan ko‘hna Samarqand shahriga misli kaftdagidek manzara ochiladi. Prezidentning oila a'zolari so‘zlariga ko‘ra, bolalik davrlarida Islom Karimov bu yerda ko‘p vaqt o‘tkazgan ekanlar, tengdosh bolalar bilan qadimgi shahar xarobalari bo‘ylab yugurib yurgan ekanlar. Prezidentimiz o‘sha onlar shunday buyuk hayot yo‘lini bosib o‘tishlarini bilganmikanlar? O‘sha damlar, aynan shu, ularning bolalik davrlariga guvoh bo‘lgan tepalik, vaqti kelib, mangu yotadigan maskanlari bo‘lib qolishini sezganmikanlar?».
Mavzuga oid
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
13:30 / 02.09.2024
Foto: Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi
20:03 / 26.08.2024
Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, qurilish ishlari bilan tanishdi
22:12 / 14.02.2024