Shavkat Mirziyoyev qarori bilan “Xavfsiz shahar” dasturi qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 29 avgust kuni "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston24 telekanali saytida xabar berildi.
Qaror asosida "Uzinfocom" Markazi negizida davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiruvchi Yagona integrator tashkil qilindi. Yagona integrator quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- iqtisodiyot sohalari uchun "elektron hukumat" va axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqish va joriy qilish, axborot tizimlari hamda resurslarini integratsiya qilish, apparat-dasturiy ta'minot vositalari kompleksini yaratish, shuningdek tegishli loyiha va hujjatlarni tayyorlash;
- aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini takomillashtirish yuzasidan kompleks choralarni ishlab chiqish;
- iqtisodiyot sohalariga "elektron hukumat" tizimlari va axborot texnologiyalarini tatbiq qilish jarayonlariga mahalliy dasturiy ta'minot vositalari ishlab chiqaruvchilarini tizimli ravishda jalb etgan holda, milliy AKT va dasturiy ta'minot sanoatini rivojlantirishda ishtirok etish;
- "elektron hukumat" tizimi infratuzilmasining, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat muassasalari va tashkilotlarining axborot tizimlari, resurslari va dasturiy ta'minot vositalarini texnologik jihatdan xavfsizligini ta'minlash choralarini ko‘rish;
- davlat organlari va ularning tizimidagi muassasalarning, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi faoliyati doirasida axborot tizimlarini, idoralararo elektron hamkorlik va ma'lumot almashish tarmoqlarini joriy qilish;
- xalqaro standartlarga javob beruvchi yuqori texnologiyalarga asoslangan xizmatlar va mahsulotlar sonini oshirish orqali milliy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy ta'minot bozorini rivojlantirishda ishtirok etish.
Yagona integratorga telekommunikatsiya sohasida faoliyat yuritish va o‘quv kurslarini talab qilinadigan litsenziya va boshqa turdagi ruxsat beruvchi xususiyatidagi hujjatlarsiz, shu bilan birga qonunchilikda ko‘zda tutilgan talab va shartlarni inobatga olgan holda, amalga oshirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, unga pudratchi va sub-pudratchi sifatida, eng yaxshi takliflar asosida xo‘jalik sub'yektlari bilan loyihalar va texnik hujjatlar, axborot tizimlari hamda resurslari, dasturiy ta'minot vositalarini tayyorlash bo‘yicha shartnoma tuzishga ham ruxsat beriladi.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar Yagona integrator bilan loyihalar va texnik hujjatlar, axborot tizimlari hamda resurslari, dasturiy ta'minot vositalarini tayyorlash bo‘yicha tender (tanlov) savdolarisiz ham shartnoma tuzishlari mumkin bo‘ladi.
Qarorga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligini ta'minlash markazining nomi "Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi"ga o‘zgartirildi va uning oldiga quyidagi vazifalar qo‘yildi:
- axborot xavfsizligining zamonaviy tahdidlari bo‘yicha ma'lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va jamlash, davlat organlari axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalariga noqonuniy kirishni bartaraf qilish, tashkiliy va texnik himoyalashni ta'minlaydigan tavsiya va takliflarni ishlab chiqish;
- ichki ishlar organlari, davlat organlari va ularning muassasalarining axborot tizimlarini, videokuzatuv tizimlari, qonun buzilish holatlarni qayd etish tizimlari, qo‘riqlash obektlari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga chora ko‘rish va ogohlantirish tizimlari, tahlil qiluvchi "aqlli datchik"lar tizimlari, shuningdek noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan, navbatchi-dispetcherlik markazlari va ma'lumotlarni qayta ishlash markazlarining axborot tizimlarini integratsiya qilishga qaratilgan "Xavfsiz shahar" yagona apparat-dasturiy ta'minot kompleksini yaratish;
- davlat organlari va ularga qarashli muassasalarda AKTdan foydalanish bilan yuzaga keladigan qonun buzilish holatlarini bartaraf qilinishini muvofiqlashtirish;
- telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlari va provayderlari, huquqni muhofaza qilish organlari bilan axborot makonidagi buzg‘unchi xatti-harakatlarni aniqlash yuzasidan tahlillar o‘tkazish va qonunbuzarlarni aniqlash, ularga qarshi kurashish usullari hamda vositalarini ishlab chiqishda hamkorlik qilish.
Qaror asosida, shuningdek, "Xavfsiz shahar" apparat-dasturiy kompleksini bosqichma-bosqich yaratish dasturi qabul qilindi. "Xavfsiz shahar" apparat-dasturiy kompleksini amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi Komissiya tuzilib, uning oldiga quyidagi vazifalar qo‘yildi:
- davlat organlari va ularning muassasalari tomonidan "Xavfsiz shahar" kompleksi loyihasini keng miqyosida, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tizimli muvofiqlashtirish;
- "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish va rivojlantirish, uni "elektron hukumat" tizimi, shu bilan birga, davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyalash konsepsiyasini ishlab chiqish;
- jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot masalalarida samaradorlik va tezkorlikni oshirish uchun "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish va rivojlantirishda davlat organlari va ularning muaasasalari o‘rtasidagi samarali axborot almashish tizimlarini shakllantirish;
- "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish choralarini amalga oshirish bo‘yicha mas'ul davlat organlari, ularning muassasalari rahbarlarining shaxsiy hisobotlarini tinglash va javobgarliklariga doir masalalarni ko‘rib chiqish;
- "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish va uni rivojlantirish loyihalarini samarali moliyalashtirilishi, shuningdek xalqaro moliyaviy institutlarning mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha qaror qabul qilish.
Shu bilan birga, qarorga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish bo‘yicha loyihani o‘z vaqtida va keng miqyosida, sifatli amalga oshirishga mas'ul o‘rinbosar lavozimi joriy qilinadi.
Mavzuga oid
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
13:20 / 09.09.2024
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi takomillashtiriladi
07:16 / 20.08.2024
Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi
07:40 / 17.08.2024