JCh-2018 saralashi: Imkoniyatimiz qoldimi?
JCh-2018 saralash o‘yinlari Osiyo mintaqasi, so‘nggi bosqich, A guruh o‘yinlarida 9-tur o‘yinlarin o‘z nihoyasiga yetdi. Natijalar bilan tanishing:
XITOY - O‘ZBeKISTON - 1:0
SURIYa - QATAR - 3:1
JANUBIY KOReYa - ERON - 0:0
Yakunda, guruhimiz qo‘yidagi ko‘rinish hosil qildi:
Tabiiyki, so‘nggi tur oldidan guruhimizdagi chigal vaziyatni oydinlashtirish va albatta, terma jamoamizning mundial yo‘llanmasiga bo‘lgan imkoniyatini chamalash vaqti keldi.
5 sentabr kuni, so‘nggi turda qo‘yidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi:
QATAR - XITOY, ERON - SURIYa, O‘ZBeKISTON - JANUBIY KOReYa
Shuni alohida e'tirof etish kerakki, yo‘llanmani naqd qilgan Erondan tashqari, qolgan besh jamoaning to‘rttasi hali ham kamida uchinchi o‘rin uchun imkoniyatni saqlab turibdi.
Endi O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyati haqida so‘z yuritamiz.
Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin qo‘yidagi natijalar bilan yakunlanishi mumkin:
JANUBIY KOReYaNI YuTSAK...
Bu holda ochkolarimiz soni 15taga yetadi va Janubiy Koreyani turnir jadvalida ortda qoldiramiz. Ammo afsuski, endi buning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Sababi, 2-o‘rin uchun kurashga Suriya terma jamoasi ham qo‘shildi. Eronga safar qiladigan Suriya terma jamoasining to‘plar nisbati +1. Bizniki esa -1.
Bundan kelib chiqadiki, mabodo Suriya Eronda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, bizning g‘alabamiz ham foyda bermay qolishi mumkin. Agar Suriya Eronni minimal (1:0) hisobda yutadi deb tasavvur qilgan taqdirimizda ham, koreyslarni yirik hisobda yutishimizga to‘g‘ri keladi. Qisqa qilib aytganda, biz endi guruhda 4-o‘rindamiz, bir emas, ikki jamoa bilan kurashyapmiz va endi barchasi o‘z qo‘limizda emas.
Agar Suriya Eronni yuta olmaydigan bo‘lsa, biz Koreyani har qanday hisobda yutib, mundial yo‘llanmasiga ega chiqishimiz mumkin.
JANUBIY KOReYa BILAN DURANG O‘YNASAK...
Bunday natija bilan 2-o‘rinni qo‘lga kirita olmasligimiz aniq. Janubiy Koreyaning ochkolari soni bizdan ko‘p bo‘ladi.
Buning ustiga, guruhda hatto 3-o‘rinni olishimiz uchun ham Suriyaning mag‘lubiyatiga, ya'ni yana eronliklarga umid qilishimiz kerak bo‘ladi. Suriya Eron bilan o‘yinda ochko olsa, biz to‘rtinchi o‘rinda qolib ketamiz.
JANUBIY KOReYaDAN YuTQAZSAK...
Janubiy Koreyani ham endi durang qoniqtirmaydi. Chunki Suriya g‘alaba qozonib, ularni quvib o‘tishi mumkin. Demak Toshkentda koreyslar faqat g‘alaba uchun maydonga chiqadilar. Agar ular niyatlariga yetishsa, ya'ni biz mag‘lub bo‘lsak, hech narsani hisob-kitob qilishning keragi yo‘q, Shundog‘am, guruhda 4-o‘rinda turibmiz.
Albatta, yutqazib turib ham 3-o‘ringa ko‘tarilishimiz mumkin. Buning uchun qalin do‘stimiz, qadrdonimiz, musobaqada o‘zimizdan ham ko‘proq muxlislik qilayotganimiz sevimli, istarasi issiq Eronjon Suriya terma jamoasi darvozasiga kamida 4 gol kiritishi, bu ham yetmagandek, Xitoy ham Qatarda g‘alaba qozonmasligi kerak bo‘ladi.
Qolgan gaplar keyinroq...
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
17:05 / 15.11.2024
«166 daqiqa». Katanetsning eng katta xatosi haqida
23:32 / 14.11.2024
JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston 90+12-daqiqada gol o‘tkazib, Qatarda mag‘lubiyatga uchradi
17:51 / 14.11.2024
Osiyo kubogidagi alamli mag‘lubiyat uchun revansh olinadimi? Qatar – O‘zbekiston o‘yini oldidan
11:16 / 14.11.2024