Sport | 17:30 / 05.09.2017
15990
5 daqiqa o‘qiladi

"Qorabog‘" o‘z jamoasi nomini Jahon futboli tarixiga kiritdi

Foto: Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi

Kopengagendagi "Parken" stadionida "Kopengagen" va "Qorabog‘" o‘rtasidagi Chempionlar ligasi (ChL) pley-off raundining javob o‘yini yakuniga yetdi. Ta'kidlash joizki, "Qorabog‘" jamoasi Bakudagi o‘yinda "Kopengagen"ni 1:0 hisobida mag‘lub qilgan. Safarda urilgan gol hisobiga Gurban Gurbanovning jamoasi keyingi turga o‘tgan. 

Bu Ozarboyjonning so‘nggi 23 yildagi FIFA va UYeFA tarixidagi eng katta muvaffaqiyati! Tarixda birinchi marta "Qorabog‘" Chempionlar ligasining guruh turnirida o‘ynaydi.  "Qorabog‘" Ozarboyjonning ChL guruh bosqichiga chiqqan birinchi klub bo‘ldi. Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon madaniyat markazi ushbu jamoa va uning muvaffaqiyatiga doir ma'lumotlar bilan bo‘lishdi. 

Foto:  Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi

Ozarboyjonning "Qorabog‘" futbol klubiga 1950 yilda asos solingan. U mamlakatning 1993 yilgi chempioni, 3 marta Ozarboyjon kubogini qo‘lga kiritgan. Jamoa rasman 1993 yilning 23 iyulida arman harbiylari tomonidan bosib olingan Agdam shahri nomidan ishtirok etadi. 

"Qorabog‘" klubi UYeFA-32 malakali jamoalari orasida o‘z stadionida o‘yin o‘tkaza olmaydigan yagona futbol jamoasi hisoblanadi. 

Tog‘li Qorabog‘ hududida davom etib kelayotgan ziddiyat millionlab ozarboyjonliklarning majburiy ko‘chishiga olib keldi, Agdamning o‘n minglab aholisi ham shular jumlasidandir. Nizolar Agdamni mashhur "arvoh-shahar"ga aylantirdi. Agdamda 40 ming kishi yashagan bo‘lib, ishg‘ol natijasida hududning 6 mingga yaqin aholisi halok bo‘lgan. Shu bilan birga "Qorabog‘" klubining stadioni hisoblangan "Imorat" ham o‘yin o‘tkazishga yaroqsiz ahvolga kelgan. 

Manbaga ko‘ra, Agdamning ishg‘ol qilinishi Qorabog‘dagi boshqa hududlarning qo‘ldan chiqarilishi kabi katta yo‘qotish sifatida qabul qilinadi. Ishg‘ol natijasida bu yerdagi tarixiy obidalar, qabristonlar, shifoxonalar, kutubxonalar, maktablar, idora va turar-joylar, qurilish korxonalari, madaniyat markazlari, teatr, 3 masjid va 2 muzey yo‘q qilingan. Bugungi kunda Ozarboyjonning xalqaro miqyosda tan olingan 20 foiz yeri arman ishg‘oli ostidadir, Tog‘li Qorabog‘ ham shular jumlasiga kiradi. BMT Xavfsizlik Kengashi arman harbiylarining hududdan  chiqishini ko‘zda tutuvchi to‘rt rezolyutsiya qabul qilgan. 

1999 yilda "Qorabog‘" yoki mahalliy xalq tilida aytganda - Qorabog‘ tulporlari (Qorabog‘ning afsonaviy otlari ramzi) Yevropa turnirida Isroil jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub qildi. Qorabog‘ tulporlari   yigirma yildan ortiq vaqt davomida o‘z stadioniga egalik qila olmay, maydonma-maydon sang‘ishiga to‘g‘ri keldi. 2002 yilda qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan mahalliy "Azersun" kompaniyasi mazkur futbol jamoasi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi va klubga investitsiya kirita boshladi. 

Foto:  Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi

"Qorabog‘" klubi prezidenti Abdulgadir Gezal jamoaning hozirgi holatiga izoh berdi. 

"Qorabog‘ - bu bizning faxrimiz. Biz jamoani so‘nggi tiyingacha qo‘llab-quvvatlaymiz. "Qorabog‘" jamoasi Qorabog‘ mavjudligining isboti hisoblanadi. 

Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev UYeFA chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqqan "Qorabog‘" futbol klubi a'zolarini qabul qildi. Prezident bu tarixiy g‘alabaning sevimli "Qorabog‘" jamoasi tomonidan erishilgani uchun ham muhimligini ta'kidladi:

Foto:  Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi

"Qorabog‘" jamoasi Qorabog‘ nomini olgan. Shuning uchun ham sizning g‘alabangiz juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu shunchaki sportdagi g‘alaba emas, bu - davlatmizning, Ozarboyjon yoshlari, vatanparvarlarining g‘alabasi. Siz futbol sohasida Ozarboyjon bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tardingiz. Ishonchim komilki, Ozarboyjonning har bir vatanparvar fuqarosi va chet ellarda yashovchi millionlab ozarboyjonlar sizning g‘alabangiz uchun chin dildan xursand bo‘lishgan va "Qorabog‘"ning bugun dunyo va Yevropaning eng kuchli futbol jamoalari safiga kirishidan faxr tuyg‘usini his qilishgan. Sizlarning g‘alabangizni yuksak qadrlayman. Bu g‘alaba tarixga bitildi va unga aynan "Qorabog‘" jamoasining erishgani juda adolatlidir. Yana bir bor sizlarni tabriklayman, katta muvaffaqiyatlar tilayman. Guruh bosqichida ham mamlakatimiz nomidan munosib o‘yin ko‘rsatishingizga ishonch bildirib qolaman".

Foto:  Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi

 

Mavzuga oid