Sport | 11:24 / 08.09.2017
27731
4 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan: «Mening davrimda terma jamoa ahil oilaga aylandi»

O‘zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan iste'foga chiqqach, bayonot berdi.

«Avvalambor muxlislarni ishonchini oqlay olmaganim uchun ulardan kechirim so‘ramoqchiman. O‘tgan yillar mobaynida murabbiylar shtabi bilan birga imkoniyatimiz darajasida katta hajmdagi ishlarini amalga oshirishga harakat qildik. Xususan, terma jamoa bir ahil oilaga aylandi. Bizning asosiy maqsadimiz terma jamoani JChga olib chiqib, jonajon O‘zbekistonimizda ham futbol o‘ynay olishlarini va bu sport turini yaxshi ko‘rishlarini namoyish etish orqali yurtimiz dovrug‘ini yanada ko‘tarish edi.

Men shu o‘rinda bizga yetarli shart-sharoitlarni yaratib bergan O‘FF prezidenti Mirabror Usmonovga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Biz turnirni juda yaxshi boshlagandik va guruhdagi 2 turdan so‘ng guruh peshqadamiga aylangandik. Terma jamoadagi ishga boshqacha yondashuv kerak, ya'ni «spetsefik» hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, natija futbolchilar sog‘lig‘ini qanday holatda ekanligiga va o‘z vaqtida terma ixtiyoriga yetib kelishiga bog‘liq bo‘ladi.

Afsuski, shundan so‘ng yetakchi futbolchilarimizni jarohat olishi yoki terma jamoa ixtiyoriga optimal formada kelmasliklari natijasida tarkibda yo‘qotishlarga uchradik. Bundan tashqari, ba'zi o‘yinlarda shaxsan mening xatolarim tufayli ham ayrim uchrashuvlarda ochkolar yo‘qotdik. Shu bilan birga bizga ko‘plab o‘yinlarda omad yetishmadi. So‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gollar faqat yo‘l qo‘yilgan xatolar evaziga emas balki omad degan narsaga ham bog‘liq bo‘ldi.

Nima bo‘lganda ham mazkur bosqichda ishtirok etgan futbolchilarimizdan iborat jamoa Jahon futbol forumida ishtirok etishga loyiq edi. Men ishonmanki, bizning bosh jamoamiz JCh final bosqichida qatnashadi va buning uchun bizda iqtidorli futbolchilar juda ko‘p.

Men shu o‘rinda muxlislarimizni 2 yil mobaynida so‘nggi turgacha qo‘llab-quvvatlab turganlari uchun ularga katta rahmatlar aytmoqchiman.

Terma jamoada ishlash har qanday mutaxassis uchun katta faxr va shu bilan birga katta javobgarlik va mas'uliyat yuklaydi. Xudo haqqi, shaxsan men butun vujudim bilan shu ishga o‘zimni bag‘ishlagandim.

Bizni ezgu maqsad sari, ya'ni JCh final bosqichidan bittagina gol yetishmadi xolos. Biz mundialga chiqish uchun, muxlislarimizni baxtiyor qilish uchun barcha o‘ylagan ishlarimizni qildik, ammo...

Men yana bir karra ulardan uzr so‘rayman va terma jamoamizni keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonib, ularga faqat quvonch va baxt olib kelishini tilab qolaman», deya Babayanning so‘zlarini keltirgan «Interfutbol» nashri.

Mavzuga oid