Jamiyat | 19:03 / 08.09.2017
10127
4 daqiqa o‘qiladi

Sud-huquq yo‘nalishida faoliyat yurituvchi jurnalistlar uchun o‘quv kurslari tashkil etildi

7-8 sentabr kunlari “Poytaxt” biznes markazida O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan sud-huquq sohasida qalam tebratuvchi jurnalistlar uchun ikki kunlik o‘quv kursi tashkil etildi. 

Undan ko‘zlangan maqsad, jurnalistlarni O‘zbekistondagi sud-huquq tizimining liberallashuvi va demokratlashuvi masalalarini OAVda yoritishga ixtisoslashtirish, inson huquqlari va erkinlarini ta'minlashda olib borilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazishda OAV mas'uliyatini oshirish, jamiyat hayotining barcha jabhasida qonun ustivorligini so‘zsiz ta'minlash, jurnalistlik surishtiruvi o‘tkazishda kasb odobiga rioya qilish, sudlar va OAV o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muammolarini muhokama va tahlil qilish bo‘ldi. 

“Jurnalistlarning sud-huquq sohasini yoritish va jurnalist surishtiruvini o‘tkazishga oid kasbiy malakalarini oshirish” mavzusida tashkil etilgan o‘quv kursida OAV transparentligi va jamoatchilik nazoratini ta'minlashda xalqaro tajriba, milliy amaliyot va bu boradagi huquqiy asoslar tahlil qilindi. 

Unda “Nuroniy” gazetasi bosh muharriri, huquqshunos-jurnalist Olimjon O‘sarov ma'ruzachi sifatida qatnashdi. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori Yoqutxon Mamatova hamda Xalqaro yuristlar uyushmasi mutaxassisi Gulnora Eshonxo‘jayevalar ekspert sifatida ishtirok etishdi. 

O‘quv kursi doirasida:

-  sud jarayonlarini alohida ilmiy-amaliy muammo sifatida yoritilish masalasi milliy matbuotda mavjudligi, ularning obektiv va sub'yektiv sabablarini ko‘rsatish;

-  jurnalistlarga professional darajada o‘zlashtirishlari o‘ta muhim bo‘lgan, ammo uslubiy jihatdan murakkab o‘ziga xos yuridik fikrlash, qarashlar, tushunchalar, ibora va jarayonlar;

-  sud jarayonlari aks ettirilgan maqolalarni tasniflash, matbuot tili, uslubi va janri nuqtai-nazaridan tahlil qilish, ijtimoiy-huquqiy, ma'naviy-tarbiyaviy ahamiyatini o‘rganish; 

-  milliy va jahon matbuotida sud jarayonlarini yoritishning o‘ziga xosliklari va muammolarini qiyosiy tahlil qilish;

-  jurnalistlarning sudlardan ma'lumotlarni olish va ularni tarqatishda ixtisoslashuvining zarurati va mohiyati, shuningdek, akkreditatsiya instituti;

-  jurnalistikaning ixtisoslashuvi nuqtai-nazaridan “sudlarning transparentligi” tushunchasi, ma'nosi, shakli va uslublarining xususiyatlari, shuningdek, jurnalistika samaradorligiga ijobiy ta'sir tahlili;

-  sud-huquq jurnalistikasining fuqarolar huquqiy madaniyatini oshirish, jamoat fikrini shakllantirish hamda sud majlislarida ochiqliq tamoyilini ta'minlashdagi o‘rni va ahamiyati kabi masalalarga e'tibor qaratildi, birma-bir tahlil va muhokama qilindi. 

O‘quv kursi tinglovchilarining e'tibori yana bir dolzarb masalaga qaratildi. U ham bo‘lsa jurnalistlik surishtiruvini o‘tkazishdir. Qayd etilganidek, jurnalistlik surishtiruvi faqatgina bir sohani qamrab oluvchi tor tushuncha yoki amaliyot emas. Bunda har qanday mavzu bo‘yicha tadqiqot olib borish va uni hal etish yo‘llarini qidirishda jurnalistning tajribasi va mahorati juda muhim o‘rin tutadi. 

Bu yo‘nalishda faoliyatini olib boruvchi jurnalist axborot olishning kuzatish, intervyu olish, suhbatlashish, hujjatlarni tahlil qilish kabilardan foydalana olishi ta'kidlandi. Shu bilan birga, jurnalistlik surishtiruvi olib boruvchi mutaxassisning o‘sha sohada keng va chuqur bilim egasi bo‘lishi kerakligi alohida o‘rin tutadi. 

Ikki kunlik tadbir yakunida Jamoat fondi tomonidan shu kabi o‘quv kurslarini shu va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham doimo tizimli ravishda tashkil etish zarurligi qayd etildi va kelishib olindi.

Mavzuga oid