«Tokay boshqa davlatlarga qarsak chalamiz». O‘zbek futbolini «yevroremont» qilish payti keldi
«Bunyodkor»da Janubiy Koreyaga qarsak chalgan qo‘llar
Futbolchilarni qo‘ying-u, lekin muxlisni eng zo‘rini bizdan izlang. Sarkash futbol federatsiyasi, jamoalarimiz ishqibozlarni harchand futboldan ko‘nglini qoldirishga urinishmasin, qat'iyatli futbolsevarlarning to‘p o‘yiniga bo‘lgan mehri hech pasayib qolayotgani yo‘q. Har safar, yo‘g‘-yey... surunkali ravishda mundial yo‘lida qoqilganimizda: «Endi terma o‘yiniga qiziqish pasaysa kerak» deb o‘ylaymiz. Qaysar muxlislar esa yanada battarroq urinishadi. Futbol federatsiyasi esa yanada zahmat chekib, atayin saralashlarda terma uchun tikonli yo‘llarni tanlaydi. Saviyali terma jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari uyushtirishga urinmaydi, hatto birovning xayoliga ham kelmagan mutaxassisni (uning chindan mutaxassisligi shubhali) bosh murabbiy qilib qo‘yadi. Ishqibozlar esa termaning o‘yiniga voha, vodiydan to‘p-to‘p bo‘lib kelaveradilar.
Saralashdagi so‘ngi o‘yinni muxlislar bilan birga stadionda ko‘rdim. To‘g‘risi, Yevropaning eng zo‘r «futbol mamlakatlari» ham havas qiladigan darajadagi ishqibozlarimiz bor. Ulardagi muxlislik madaniyati risoladagidek. Futbolni juda teran tushunadigan toifa shakllangan bizda. Bir bo‘lim davomida noshud murabbiy tanlagan ohangga yo‘rg‘alay olmagan 11 yigitni chin dildan olqishlab turgan 30 mingdan ziyod muxlis, ikkinchi bo‘lim oxirlarida «omad kabutari» parvoz etmasligini payqadi. Murabbiy sharafiga: «Babayan beg‘araz!», «Qo‘shmozor bo‘l» baqiriqlarini ishlatishgani bor gap. Nima endi, minglab kilometrdan pul sarflab keladi-yu, achchig‘i chiqmaydimi?
Lekin, o‘yin so‘ngida raqib bo‘lsa ham sifatli o‘yin ko‘rsatgan koreys jamoasiga 5 daqiqa qarsak chalib turishdi. Shunaqa mard bizning ishqibozlar. Biroq, agar futbolimiz mutasaddilari shu ketishda ish olib borishsa, biz hali uzoq yillar notavonlarcha o‘zga yurt futboliga chapak chalib yuraveramiz.
Futbol federatsiyasini kim boshqaradi?
O‘sha o‘yindan so‘ng tvitter va feysbukda: «O‘FFda muxlislarga yoqadigan jo‘yali o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonasizmi?» degan so‘rovnoma o‘tkazib ko‘rdim.
Qatnashuvchilarning 54 foizi o‘zgarish bo‘lishiga umuman ishonmaydi. Qolgan 41 foizi umid qilayotganlar qatorida. Faqat 5 foiz nekbin kishilar bor ekan. Ana sizga muxlislarning futbolimizning eng yuqori organiga nisbatan e'tirofi! Futbol xo‘jaligiga rahbar bo‘lib turgan tashkilot o‘tgan 25 yil davomida futbol rivoji uchun nima qilib qo‘ydi, o‘zi? Axir, o‘tgan chorak asr davomida bolalar sportidan tortib, terma jamoagacha bo‘lgan samarali futbol tizimini ishlab chiqib, hayotga tatbiq etish mumkin emasmidi?
Ha, bir marta 2006 yilgi mundial yo‘lida Bahrayn bilan o‘yinni tashkilot arizasiga binoan qayta o‘ynab «qovun tushirganimiz» yodimizda. Federatsiya fikrimga bir dunyo raqamlar yozilgan javob qaytarishi mumkin. Lekin, o‘sha muassasa mamlakat futboli uchun eng oliy maqsad – termani mundialga olib chiqolmagani uning ishi «2» bahoga loyiq ekanini ko‘rsatadi. Achinarlisi, muxlislarning futbol tashkilotiga ishonchi so‘ngan. Har bir viloyatida davlat hisobidan kamida uchtadan futbol internati, tumanlarda ham shuncha futbol maktablari faoliyat yuritayotgan, uchta ligasi bor yurtdan 11 nafar saviyali futbolchini tarbiyalash shu qadar qiyinmikan?
12 sentabr kuni ana shu tashkilotga yangi rahbar saylanarkan. Muxlislar mana shu xabarni eshitganidan beri joni halak. Ishqilib, to‘p o‘yinini tushunadigan inson kelsin. Nomma-nom aytish noo‘rin, lekin o‘zimizning futbolda ulg‘ayib, ko‘hna qit'ada tajriba orttirgan, Afrika futbolida ishlagan yosh mutaxassislar bor. Ana kecha futbolda nom qozongan, yaqin yillarda futbolchilik faoliyatini yakunlash arafasidagi o‘yinchimizning teleekrandagi so‘zlarini eshitdik. Yurakdan gapirdi shu yigit. Unda kelajakdagi termaning bosh murabbiyini ko‘rdik. O‘zbek futboli mutaxassislardan hech tanqislik sezmagan. Tavakkaliga – yosh, shijoatli, eng asosiysi futbolni sevadigan kishini boshqonlikka qo‘yib ko‘rish vaqti keldi-yov.. Rahbarlik lekin juda nozik masala, kishida shunga yarasha qobiliyat bo‘lishi ham darkor. Lekin, yoshlarga imkoniyat berish kerak.
O‘FF prezidentligi jiddiy masala. Lekin, uni ham demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish payti kelgandir... Lekin, termaga bosh murabbiy tanlashda muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilsa to‘g‘ri bo‘lar edi.
O‘zbek futbolini «yevroremont» qilish zarur
Barchamizga ma'lum, qaysidir yurt biror sohada boshqalardan ilgarilab ketsa, ulardagi mavjud ijobiy jihatlardan boshqalar ham o‘rganib foydalanishga harakat qiladi. Uch oy oldin germaniyalik mutaxassislar bizdagi boks maktabi bilan tanishib ketganidan xabarimiz bor. Bilib turibmiz, futbolimiz o‘sishdan to‘xtab qoldi. Demak, millionlar o‘yinida bizdan ilg‘or bo‘lgan bo‘lgan Yevropa futboli andozasini olib, o‘zimizda tatbiq qilishimiz zaruriyati tug‘ilgan.
Men yurtimizga Joze Mourino yoki Pep Gvardiolani olib kelish kerak, degan fikrdan yiroqman.
Yangi ish boshlaydigan Futbol federatsiyasi har bir viloyatga qo‘hna qit'aning Portugaliya, Niderlandiya va Angliya kabi davlatlaridan tajribali bolalar murabbiylarini olib kelib, futbol maktablarida ishlayotgan ustozlarga seminarlar tashkil etish kerak va juda zarur. Ular tajribasidan kelib chiqqan holda o‘zimizning an'analarimizga moslab, futbolda g‘alaba qozonishning «ZAMONAVIY O‘ZBeKONA FALSAFASINI» ishlab chiqish payti keldi, menimcha. Viloyatlarimizning chekka qishloqlarida qurilib ishga tushirilayotgan ko‘plab mini-futbol stadionlariga borib ko‘ring-a.. O‘yingohlar erta-yu-kech terlab to‘p tepayotgan o‘smirlar bilan band. Chunki, bizda futbolga bo‘lgan qiziqish a'lo darajada. Tabiatimizni yilning deyarli to‘rt faslida futbol o‘ynash uchun qulayligi aytmaysizmi? Faqat koptok quvayotgan yigitlar qanday o‘yin o‘ynayotgani, butun jahonni mahliyo qilgan o‘yin falsafasini bilmaydilar, xolos. Maktablarimizdagi mashg‘ulotlar saviyasi jahon andozalariga to‘g‘ri kelgandagina qit'a va dunyo miqyosidagi muvaffaqiyatlar haqida o‘ylashimiz mumkin.
Futbol – xuddi tirik organizmdek. Doim o‘sishda. Bizning terma jamoa va klublarimiz yutuqlarga erisha olmayaptilarmi, demak murabbiylar izlanmayapti. Chunki, futbolning boshi, o‘rtasi va yakuni murabbiyga bog‘liq. Mashhur murabbiy, total futbol asoschilaridan biri – Valeriy Lobanovskiy «Murabbiy butun umri davomida o‘qishi, izlanishi lozim. Kim o‘rganmay qo‘ydimi – u murabbiy emas. Vaqtni aldab bo‘lmaydi» degandi.
Qani ko‘ramiz, futbolimiz mutasaddilari «do‘ppini boshdan olib» o‘ylanar endi...
Elmurod Ermatov, Andijon
Mavzuga oid
17:05 / 15.11.2024
«166 daqiqa». Katanetsning eng katta xatosi haqida
23:32 / 14.11.2024
JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston 90+12-daqiqada gol o‘tkazib, Qatarda mag‘lubiyatga uchradi
17:51 / 14.11.2024
Osiyo kubogidagi alamli mag‘lubiyat uchun revansh olinadimi? Qatar – O‘zbekiston o‘yini oldidan
11:16 / 14.11.2024