O‘zbekiston | 20:30 / 10.09.2017
67568
12 daqiqa o‘qiladi

«Bajarib bo‘lmas topshiriq»mi yoxud qonun ijodkorlariga aytar so‘zim bor

Foto: Impressum

«O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishini ta'minlash, ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning izchil mexanizmlarini yaratish, jamoatchilik nazorati funksiyalarini yanada kuchaytirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda».

Bunday so‘zlarni bugun o‘zini siyosatga u yoki bu darajada daxldor deb bilgan amaldorlar, partiya vakillariyu deputatlarning og‘zidan tez-tez eshitib qolamiz, ayniqsa jurnalistlarimiz shu so‘zlar bilan boshlamasa maqolalarini bo‘yalmagan uyday xunuk his qilsa, muxbirlarimiz shu so‘zlarni gapirmasa, demokratiyaning uvoli tutadigandek go‘yo!

Lekin, xalqimizda «holva degan bilan og‘iz chuchimaydi» degan naql ham borligini unutmaslik kerak. Allohga shukrki, bu yil mamlakatimiz mustaqilligiga ham 26 yil to‘ldi, o‘tgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan islohotlar natijasida qator yutuqlarni qo‘lga kiritib, dunyo davlatlari orasida o‘z o‘rnimizga ega bo‘ldik. Ammo yuqorida tilga olganimiz ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi qadamlarimizga qarasam, vaqt to‘xtab qolgandek tuyuladi menga.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan «Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» degan demokratik g‘oyani dasturilamal qilib oldik. Bunday ezgu maqsadga yetishish uchun, tan olish kerakki, bir qancha maqtangulik yutuqlarga ham erishdik. Ammo fuqarolik jamiyatining eng muhim belgilaridan bo‘lgan jamoatchilik nazorati institutini rivojlantirish masalasiga kelganda hanuz muz ustida yurgan odamdek qadamlarimizni juda og‘ir bosyapmiz.

Bunday deyishimga sabab, O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati instituti haligacha qonun hujjatlari orqali mustahkamlab qo‘yilmaganidadir. Ya'ni, jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi normalar amaldagi qonun hujjatlarida u yoki bu darajada tartibga solingan bo‘lsa-da, ammo yaxlit bir institut sifatida hech qaysi normada aks etmagan, ya'ni jamoatchilik nazorati institutining to‘liq mohiyati, jamoatchilik nazoratining turlari, shakllari va sub'yektlari, nazorat predmeti, uni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari, qolaversa, mazkur sohada amaldagi qonun hujjatlarini ijro etmagani uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi shartlari kabi masalalar shu kungacha birorta qonun hujjati bilan tartibga solinmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov 2010 yil 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senatining qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» nomli ma'ruzasida mazkur muammo xususida to‘xtalib, «davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamiyat, fuqarolik institutlari nazoratini amalga oshirishning tizimli va samarali huquqiy mexanizmini yaratishga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish fursati yetdi», deb ta'kidlaganlariga ham hademay 7 yil to‘ladi.

Yetti yilda beshikdagi go‘dak maktab o‘quvchisiga aylanadi. Nahotki bir qonunni ishlab chiqish shuncha vaqt olsa? Bu orada deputatlarimiz issiq o‘rinlarini bir marta almashtirishga ham ulgurdilar, o‘z o‘rinlarini saqlab qolgan tajribalilariyu bunday mo‘'tabar darajaga yetishgan xalqimizning orzu-umidlarini amalga oshiraman deb belini mahkam bog‘lab kelgan yangi vakillarimiz ham haligacha jim. Nega? Bajarib bo‘lmas topshiriqmi bu? Bu qonunni amalga tatbiq etilishidan kimlar cho‘chiyapti? Yoki hali bunga fuqarolarimiz tayyor emasmi, yoki davlatmi, balki ba'zi amaldorlarimiz tayyormasdir hali? Yaxshisi jamoatchilik nazoratiga berilgan ta'riflarni ba'zilariga e'tibor qaratsak, masalaga sal bo‘lsa ham oydinlik kiritiladi.

Jamoatchilik nazorati deganda bu davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda nodavlat tashkilotlar faoliyati ustidan fuqarolar, ularning birlashmalari va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, OAV, fuqarolik jamiyatining boshqa tuzilmalari (institutlari), shuningdek, davlat va nodavlat organlari tarkibida tuzilgan jamoatchilik organlari tomonidan qonun doirasida olib boriladigan nazorat tushuniladi.

Dunyo tajribasidan ma'lumki, jamoatchilik nazorati, birinchidan, faqatgina jamiyat uchun emas, balki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini samarali tashkil qilishda ham muhim ahamiyatga ega. Zero, jamo­atchi­lik nazorati qonunlarning samarali ishlashini ta'minlashga, inson huquq va erkinliklarini hurmat qi­lishga hamda uni himoya qilishga da'vat etadi, davlat tuzilmalarining takomillashuvini ta'minlaydi.

Jamoatchilik nazorati orqali mansabdor shaxslarning javobgarligi va mas'­ulligi oshadi. Bu o‘z-o‘zidan taraqqiyotning eng katta kushandasi bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashning ham eng samarali usullaridan biridir. U o‘zida fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari manfaatlarini uyg‘unlashtiradi, jamoatchilik fikri va kuchiga tayanadi.

Albatta, mamlakatimizda ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini shakllantirishga urinishlar yo‘q emas. Xususan, jamoatchilik nazoratining o‘ziga xos jihatlari va amalga oshirish mexanizmlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va bir qator qonun hujjatlarida o‘z aksini topdi.

Masalan asosiy Qonunimizning 2-moddasida davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'ul ekanligi belgilab qo‘yilishi yoki «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘­­risida», «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida», «Ja­­­­moat fondlari to‘g‘­ri­sida», «Nodavlat notijo­rat tashkilotlari faoliya­ti­ning kafolatlari to‘g‘­risi­da», «Homiylik to‘g‘risida» va «Ekologik nazorat to‘g‘­risida»gi qonunlar qabul qilingani ham shular sirasidan.

Biroq ushbu qo­nunlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ularning ayrimlarida jamoat nazorati haqi­da normalar mavjud bo‘lsa-da, ushbu nazoratning turlari, uni amalga oshirishning usul va shakllari, umuman olganda, nazorat qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi maxsus qoidalar mav­jud emas. O‘z nav­batida, Konstitutsiyaning 32-moddasiga ikkinchi qism sifati­da kiritilgan norma­ mamlakatimizda jamoatchilik nazorati tushunchasi, turla­ri va shakllari, uni amalga oshirish prinsiplari hamda ularni amalga tatbiq­ qilishning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlovchi «O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish zaruriyatini yanada mustahkamladi­.

Bundan tashqari, 2014 yilda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi va «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashga, ularning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishga, jamoatchilikni davlat hokimiyati organlari faoliyati haqida xabardor qilishga, mamlakatimizni demokratik yangilash hamda modernizatsiya qilishga doir vazifalarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining roli hamda ahamiyatini oshirishga, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar, bitimlar hamda shartnomalar, shuningdek, boshqa qo‘shma hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga xizmat qildi.

Ayniqsa, prezidentimiz tomonidan 2016 yil 28 dekabrda imzolangan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon imzolanishi yurtimizda jamoat nazoratini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unga ko‘ra tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga fuqarolar bevosita o‘zlarining qiynayotgan masalalar bilan bir qatorda davlat ijro hokimiyati rahbarlarining harakati yoki harakatsizligi ustidan, ularning mamlakatdagi qonun va qonunosti hujjatlariga rioya etilishi ustidan ham murojaat qilib, o‘ziga xos jamoat nazoratini o‘rnatilishida ishtirok etishmoqda. Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalqaro Press klub tashkil etilishi va mamlakatdagi mavjud muammolar oshkora ko‘tarib chiqilayotgani mutasaddi rahbarlar faoliyatiga omma oldida tanqidiy tahliliy baho berilayotgani ham OAV tomonidan o‘rnatilayotgan jamoat nazoratining bir shakli deyish mumkin.

Shunga qaramay, mamlakatimizda demokratik islohotlar jarayoni va fuqarolik jamiyati shakllanishining joriy holati jamoatchilik nazorati institutini davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro samarali muloqot sifatidagi samaradorligini yanada oshirish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi natijasida esa nihoyat bu muammoga ham e'tibor qaratildi. Xususan, harakatlar strategiyasining «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturiga ko‘ra, bu yil «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutildi. O‘ylaymanki, bu safar deputatlarimiz bu topshiriqni uddalashadi.

Zero, bu qonunning qabul qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamiyat, fuqarolik institutlari nazoratini amalga oshirishning huquqiy mexanizmini takomillashtirishi bilan ahamiyatlidir.

Jamoatchilik nazorati insonning huquq va erkinliklari nafaqat davlat tomonidan kafolatlanganini, balki davlat organlari faoliyatida ularning ustuvor ahamiyatga egaligini ta'minlaydi va bunda jamoatchilik nazoratining mavjudligi siyosiy hokimiyat tom ma'noda xalq qo‘lida ekanining ifodasi hisoblanadi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, jamoatchilik nazorati institutini huquqiy jihatdan mukammal tartibga solmas ekanmiz, fuqarolar davlat boshqaruvida faol ishtirok eta olmaydi, eng achinarlisi, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy, huquqiy, siyosiy va boshqa sohalardagi mavjud muammolar yechimi bir necha yillarga cho‘zilib ketishi muqarrar.

Shu o‘rinda maqolamni Meksikaning eng mashhur prezidentlaridan biri Benito Xuaresning «Qonun hamma narsani belgilaydi va u har bir odam uchun muqaddas, shaxsiy izzat nafs esa hech narsaga arzimaydi», degan iborasi bilan yakunlayman. So‘nggi xulosa o‘zingizdan, aziz qonun ijodkorlari. Unutmang, ushbu qonun ishlab chiqilib amalga tatbiq etilmas ekan, fuqarolik jamiyati haqidagi orzularimiz sarob bo‘lib qolaveradi.

 

Sherali MAMADeTsOYeV,

jurnalist

Mavzuga oid