Sport | 18:11 / 18.09.2017
17575
11 daqiqa o‘qiladi

Manchester gegemoniyasi, kulgiga qolgan Uolkott, Kumanning ranjitilishi va uik-endning boshqa voqealari

Dam olish kunlari Angliya chempionatida 5-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Mavsumni ko‘tarinki ruhda boshlagan «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» bu turda ham yirik g‘alabalarga erishdi va turnir jadvalini birgalikda boshqarishni davom ettirishdi. «Tribuna» turning asosiy voqealarini keltiradi.

MANCheSTeR UChUN ATALGAN TUR

Top-6 deb o‘rganib qolganimiz to‘rt jamoa bu safar ochko yo‘qotdi. «Tottenhem» o‘z maydonida «Suonsi» darvozasiga 20dan ortiq zarba berib, birorta ham gol ura olmagan bo‘lsa, «Liverpul» undan kam bo‘lmagan ustunlik bilan «Byornli»ni yenga olmadi. «Arsenal» va «Chelsi» esa o‘zaro o‘yinda durang o‘ynashdi. 

Bu holatdan Manchesterning ikki klubi ajoyib tarzda foydalandi. Har ikki jamoa ham u qadar kuchsiz bo‘lmagan raqib ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. Ikki jamoa birgalikda 10 gol urishdi, bu 5-turda kiritilgan gollarning qariyb yarmidir.  

«MOUR-TIME»

Ilgari «MYu» muxlislari orasida «Fergie Time» atamasi ko‘p ishlatilardi. Ser boshqaruvidagi jamoa so‘nggi daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, g‘alabani ilib ketgan paytlar ko‘p bo‘lgan.
Ushbu mavsumda APLda o‘tkazilgan o‘yinlarning so‘nggi 10 daqiqasida jami 24 gol urilgandi. Qizig‘i, bu gollarning 9tasi, ya'ni 38 foizini «Manchester Yunayted» futbolchilari urgan. 

«CheLSI» KARTOChKALAR GIRDOBIDA

O‘yin oldidan «Chelsi» ustozi Antonio Konte - «Umid qilamanki, jamoa o‘yinni to‘liq tarkibda tugatadi», – deb yuborgandi. Italiyalik murabbiy niyatiga yetisha olmadi, 87-daqiqada David Luiz Kolashinatsga ishlatgan qo‘polligi tufayli maydondan chetlatildi. 

Bu «Chelsi»ning mavsumdagi 3-qizil kartochkasi edi. Londonliklardan Gari Keyxill va Sesk Fabregas 1-turda maydondan chetlatilgan edi. Umuman sariq kartochkalar borasida ham «Chelsi»ning ahvoli yaxshimas – Konte shogirdlari besh turda 10 marta ogohlantirish olishgan – ligada uchinchi ko‘rsatkich. 

KIM ORTIQChA?

Gabriyel Jyezus safga qaytgach, ko‘pchilikni bir savol o‘ylantirdi – xo‘sh, Jyezus Agueroni asosiy tarkibdan siqib chiqara oladimi? Argentinalik hujumchining yulduzli onlari ortda qoldimi?

«Bornmut»ga qarshi kechgan 2-tur o‘yinida Aguero zaxirada qolgach, bu savolning javobi go‘yo topilgan, ikki kuchli hujumchi bir o‘rin uchun kurashishlari kerakligi oydinlashgan edi. Ammo...

Jyezus va Aguero birgalikda harakat qilgan o‘yinlarga e'tibor qarating: 8 o‘yinda Aguero 8ta, Jyezus esa 7 gol muallifiga aylangan. Ikki futbolchi umumiy hisobda – 5 golli uzatma mavjud. Balki yangi supertandem yuzaga kelayotgandir? 

«EVeRTON»GA IMKONIYaT YoXUD KUMAN QANChALIK HAQ?

Premer ligada 5-turdan so‘ng, «Everton» atigi 2 gol ura oldi xolos. Jamoa 5 o‘yindan 4 ochko jamg‘ardi va 18-o‘ringa tushib ketdi. «Everton» so‘nggi uch o‘yinni umumiy – 0:9 hisobida boy berdi. Agar Yevropa Ligasidagi yirik mag‘lubiyatni ham qo‘shsak, («Atalanta» – 0:4) vaziyat yanada og‘irlashib ketadi. 

«MYu» – «Everton» o‘yini oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Joze Mourino raqibni maqtamoqchi bo‘lib, Kumanni xafa qilib qo‘ydi. Portugaliyalik mutaxassis liverpulliklarning yozda 140 million funt transferlar uchun sarflaganliklarini, jamoa yuqori ambitsiyalarga ega bo‘lib, top-4 uchun kurashishlarini aytgandi. Tabiiyki, 140 million funt eslatilishi Kumanga yoqmadi. 

«140 million? Kelinglar, vaziyatga real baho beraylik, ortiqcha bosimning keragi yo‘q. To‘g‘ri, biz yangi futbolchilarni qo‘lga kiritdik, ammo ular o‘zaro bir-birlarini tushunib borishlari uchun vaqt kerak bo‘ladi» – dedi «Everton» ustozi. 

Shu o‘rinda, «Everton» murabbiyini tushunishga harakat qilish lozimdek ko‘rinadi. Birinchidan, jamoa o‘yinchi sotib olish bilan birga, o‘tgan mavsumda 25 gol urgan yetakchi hujumchisini sotdi – Kuman aytganidek, Lukakuning o‘rnini bosish oson emas. Ikkinchidan, so‘nggi 4 turda «Everton» top-6 dagi 4 jamoa bilan o‘yin o‘tkazdi. Yangi tashkil etilayotgan jamoa uchun bu juda noqulay taqvim. 

Endi «Everton» ketma-ket ikki uchrashuvni o‘z maydonida, «Borntmut» va «Byornli»ga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yinlarda jamoa ochkolar o‘rnini to‘ldirib olish imkoniyatiga ega. 
 
«BYoRNLI» NIMA QILYaPSAN?

«Byornli» deganda esga tushib qoldi: Futbolchilar uchun «ikkinchi mavsum» atamasi ko‘p ishlatiladi. Ilk mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan yoki kutilganidan zo‘r o‘ynab yuborgan futbolchilarga baho berish uchun ikkinchi mavsumni kutish kerakligi aytiladi, ko‘pincha.

Qarangki, «Byornli» APLda hali «ikkinchi mavsumi»ni o‘tkazmagan ekan. Jamoa doim APLga chiqqan yili qaytib pastga tushib ketavergan. Bu yil tarixida ilk marotaba APLda ikki yilni qatorasiga o‘tkazayotgan jamoa bizni hayrat ko‘chasiga yetaklayapti. 

«Byornli» 5 turning 3tasini safarda o‘tkazdi. Raqiblar «Chelsi», «Tottenhem» va «Liverpul». O‘tgan mavsumda mehmonda o‘tkazgan 19 uchrashuvning 16tasida mag‘lubiyatga uchragan jamoa bu o‘yinlarda necha ochko olish mumkin, sizningcha?

«Byornli» «Chelsi» ustidan g‘alaba qozondi, keyingi o‘yinlarda esa 1:1 hisobidagi duranglarga erishdi va 3 o‘yinda o‘tgan yili butun mavsumda mexmonda qo‘lga kiritilgan ochkolarini olib bo‘ldi. Qoyil...

YaNGI QAHRAMON: JAMAAL LASSeLS (NYuKASL)

«Nyuskasl» qatorasiga 3 o‘yinda g‘alaba qozonib, kuchli to‘rtlikka ko‘tarilib oldi. Bu qo‘lga kiritilgan ochkolarda himoyachi Jamaal Lasselning bevosita xizmati katta. 

O‘tgan turda «Suonsi»da kechgan o‘yinda Lassels o‘yinning 76-daqiqasida gol urib, jamoasiga g‘alaba olib kelgandi. «Stok Siti»ga qarshi qiyin kechgan o‘yinda ham vaziyat takrorlandi. Hisob 1:1 bo‘lib turgan paytda, Richining uzatib bergan to‘pini golga aylantirgan Jamaal yana hal qiluvchi gol muallifi bo‘ldi. 

Jamaal Lassels 1993 yilda Derbida tug‘ilgan. «Notingem Forest» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2014 yilda u «Nyuskasl» bilan shartnoma imzolaydi va ilk mavsumni ijara asosida «Nottingem Forest»da o‘tkazadi. O‘tgan yili 43 o‘yinda maydonga tushib, «Nyukasl»ning APLga qaytishida katta hissa qo‘shgan himoyachi jamoa sardoriga ham aylandi va endi gollari bilan ham ochkolar olib kelishni boshlab yubordi.  

HAFTA LATIFASI

Ma'lum bo‘lishicha, Yevropa Ligasi o‘yinida ba'zi «Kyoln» muxlislari «Arsenal» libosini kiygan holda stadionga kirib olishgan ekan. Bu xabarning paydo bo‘lishi jamoa muxlislarida istehzoli fikr paydo qildi – «Uolkott bu ishni 10 yildan beri muvaffaqiyatli amalga oshiryapti» deb yozishdi ular ijtimoiy tarmoqlarda. Bu bilan muxlislar Uolkotning omadsiz o‘yinlariga ishora qilishgani tabiiy.

BIROZ STATISTIKA:
·  O‘z maydonida birorta ham gol ura olmagan «Suonsi» safarda o‘z darvozasidan hali birorta ham gol o‘tkazib yuborgani yo‘q, «Tottenhem» esa, safarda 100 foizlik natija ko‘rsatib, hali uy uchrashuvida g‘alaba qozonmadi.
·  «Kristal Pelas» mavsumda 5-o‘yinda gol ura olmayapti. O‘tgan mavsumdagi so‘nggi turni ham qo‘shsak, jamoaning golsiz seriyasi 540 daqiqani tashkil etmoqda. Bu APL uchun antirekord natijadir. 
·  «Manchester Yunayted»ning 8 futbolchisi ushbu mavsumda gol urishga ulgurdi – bu ligada eng yaxshi ko‘rsatkich.
·  Turda besh London jamoasidan birortasi ham g‘alaba qozona olmadi – 4 durang va bir mag‘lubiyat. Qizig‘i, bu o‘yinlarda londonliklar birorta ham gol ura olishmadi.
·  «Liverpul» o‘z maydonida 1000-ochkoni qo‘lga kiritgan to‘rtinchi jamoaga aylandi. «Manchester Yunayted», «Arsenal» va «Chelsi» avvalroq bu natijaga erishgandi. 
·  Serxio Aguero «Manchester Siti» tarkibidagi o‘zining 10-het-trigini qayd etdi.
·  «Chelsi» Antonio Konte boshqaruvida ilk marotaba o‘z maydonida o‘tgan o‘yinda gol ura olmadi. 
·  «Arsenal» 2005 yildan beri ilk marotaba «Stemford Brij»da o‘z darvozasini daxlsiz saqlashning uddasidan chiqdi. 

NATIJALAR:

Turnir jadvali

Mavzuga oid