O‘zbekiston | 23:10 / 20.09.2017
10947
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vazirini qabul qildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Nyu-York shahrida Gruziya Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvilini qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Gruziya O‘zbekistonning Kavkaz mintaqasidagi muhim hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan 8 oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20 foiz oshgan. 

Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, savdo uylari tashkil etish va qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. 

O‘zbekiston Gruziyaga avtomobillar, to‘qimachilik va elektr texnikasi mahsulotlari eksport qilish, Gruziya yo‘llari orqali jahon bozoriga chiqishdan manfaatdor. Gruziya mamlakatimizdan meva-sabzavotlar xarid qilishi, vinochilik sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etishi mumkin. 

Xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmat qaror topgan. O‘zbekistonda gruzin millatiga mansub fuqarolarimiz mamlakatimiz hayotida faol ishtirok etmoqda. Bu madaniy-gumanitar aloqalar rivojiga mustahkam asos bo‘lmoqda. Joriy yilning may oyida mamlakatimizda Gruziya madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi. 

Shavkat Mirziyoyev va Georgiy Kvirikashvili uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi, bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilishini qayd etdi. 

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalarga ham e'tibor qaratildi. 

Mavzuga oid