Jamiyat | 20:03 / 24.09.2017
32944
2 daqiqa o‘qiladi

Butunjahon bodibilding federatsiyasi prezidenti ringdagi ilk jangidan keyin vafot etdi

Butunjahon bodibilding va atletikachilik federatsiyasi (WBPF) prezidenti, 32 yoshli Pradip Subramanian 41 yoshli videobloger Stiven Limga qarshi Osiyo jangchilik chempionatining (AFC) muay-tay qoidalariga ko‘ra o‘tgan jangidan keyin shifoxonada jon berdi. Professional sportchi bo‘lmagan Subramanian aslida bu jangga chiqishi kerak emas edi, biroq sug‘urtadagi muammosi sababli ringga chiqishi taqiqlangan boshqa ishtirokchining o‘rniga jang qilishga qaror qilgandi.

Subramanian jang davomida ko‘plab kuchli zarbalarni o‘tkazib yuborgan va shunday zarbalarning biridan keyin o‘zini yomon his qila boshlagan. Hakam jangni to‘xtatib, Limga texnik nokaut bilan g‘alabani bergan. Subramanian g‘olib taqdirlanishi vaqtida ringda bo‘lgan va burchaklardan birida boshini eggan holda holsizlangancha turgan. So‘ngra u shifoxonaga yetkazilgan va u yerda kechki vaqt vafot etgan.

"Men juda ham qayg‘udaman, avval g‘alabamdan xursand edim, biroq yangilikni eshitgach o‘zimni xarob his qilmoqdaman. Men tomondan cheksiz hurmat qilinuvchi jangchi Pradip Subramanian oxirating obod bo‘lsin", deb yozgan Lim Facebook’da. 

Yozda ham amerikalik bokschi Tim Xag nokautga tushgandan keyin halok bo‘lgandi. May oyida esa botsvanalik 36 yoshli bokschi Gerbert Nkabiti jangdan keyin shifoxonada vafot etgan. 

Mavzuga oid