Sport | 22:19 / 25.09.2017
40496
8 daqiqa o‘qiladi

«Sen o‘zi necha yoshdasan?» - Messi hayratga tushgan va yo‘qolib qolgan kecha

«Tribuna» Ispaniya chempionatining 6-turi o‘yinlarini hisob qiladi.

«Sevilya»ning birinchi mag‘lubiyati

Foto: The Guardian

«Sevilya» bosh murabbiyi Eduardo Beritstso klub tarixidagi ilk 8 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan ilk murabbiyga aylandi (6 g‘alaba, 2 durang). Janubliklar jamoasi chempionatni ishonchli tarzda boshlashdi, «Barselona»dan keyingi ikkinchi o‘rinda joylashdi, ammo «Atletiko»ning yangi stadioni – «Vanda Metropolitano»ga safar muvaffaqiyatsiz chiqdi. Sevilyaliklar mavsumda ilk marta mag‘lub bo‘lishdi - 0:2. Natijada, bu ikki jamoa turnir jadvalida joy almashdi, «matraschilar» ikkinchi o‘ringa, «Sevilya» uchinchiga.

Foto: The Guardian

Madridliklar g‘alabasini «oqpadar o‘g‘il» Diyego Kosta tribunada turib kuzatdi. 21 sentabr kuni «Atletiko» ushbu futbolchi Londondan Madridga qaytgani, faqat qishda tarkibga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan futbolchi transferi uchun 60 million yevro sarflangani haqida e'lon qilgandi.

«Ko‘rshapalaklar» qanotini keng yozmoqda

Foto: La Liga

Marselinoning «Valensiya»si chempionat startini quvnoq o‘tkazmoqda. «Real Sosedad»ga qarshi qiyin bahsda jamoa 2010 yildan buyon ilk marta «Anoete»da g‘alaba qildi (3:2). Mehmonlar ikki bor oldinda borishdi, basklar ikkita javob goli urishdi, ikki jamoadan ham bir nafardan futbolchi chetlatildi, o‘yin oxirida kuch saqlab qolgan «ko‘rshapalaklar» g‘alabaga erishdi, Soler yana pas berdi (to‘rtinchi pas), Dzadza yana gol urdi (beshinchi gol), Marselino esa golni nishonlash vaqtida belini jarohatlab oldi. Bu o‘yin «Valensiya»da hamma, ayniqsa murabbiy yaxshi ishlayotganini ko‘rsatib berdi.

Basklar chempionatda qatorasiga uchinchi bor mag‘lub bo‘ldi.

«Real» – Vitoriyada Dani porladi

Foto: La Liga

Madridliklar jamoasi safida Dani Sebalos «Alaves»ga gol ura olgan yagona futbolchi bo‘ldi, u dubl qayd etib, jamoaga g‘alaba keltirdi. Ramos urgan gol esa goldan oldingi vaziyatda Ronaldu fol ishlatgani uchun hisobga olinmadi, portugaliyalik futbolchining o‘zi ikki marta darvoza ustunini nishonga oldi, ammo yozda «Betis»dan xarid qilingan Dani barcha ishni zimmasiga oldi. U «Qirollik klubi»da ilk marta asosiy tarkibda chiqdi va hammada katta taassurot qoldirdi. Sebalos o‘tgan mavsumda «Betis» uchun ikkita gol urgandi. «Real» qatorasiga o‘n ikkinchi safar o‘yinida g‘alaba qilib, «Barselona» rekordini takrorladi.

Sebalos gollarini noodatiy ko‘rinishda nishonladi – telekameraga qarab, kaftiga yozayotganini namoyish etdi. Shu tariqa, u o‘zi «Alaves»ga gol urishini bashorat qilgan do‘stlaridan biriga salom yo‘llagan.

Messi maydonda yo‘qolib qoldi

Foto: Marca

«Espanol» tarbiyalanuvchisi, keyinroq «Manchester Siti» akademiyasiga olingan Pablo Maffeo ayni vaqtda «Jirona»da ijara asosida o‘ynamoqda – bu klub inglizlarning farm-klubiga aylangan (Manchester klubi bu yozda kataloniyaliklar klubi aksiyalarining nazorat paketini qo‘lga kiritgandi), bu jamoa «Barselona»ga yaxshigina qarshilik ko‘rsatdi, o‘yinda Messi deyarli hech narsa qila olmadi, bunga raqib safida undan tezkor futbolchi borligi ham sabab. 20 yoshli himoyachi o‘ziga berilgan topshiriqni uddaladi, Messi maydonda yo‘qolib qoldi. Argentinalik futbolchi Maffeoning o‘yinidan hayratga tushgan – o‘yindan keyin Pablo Messi o‘yin davomida u bilan gaplashgani haqida aytdi: «Seni «Manchester Siti»dan kelgan, deyishmoqda. Umuman, necha yoshdasan o‘zi?»

Internetdagilar ko‘p kuttirishmadi va Maffeo Messiga har joyda hamrohlik qilayotgani tasvirlangan memlar paydo bo‘ldi. «Maffeo, axir o‘yin yakunlanib bo‘lgan…»

«Malaga» kamchilik bo‘lib 2 gol farqini yo‘qqa chiqardi

Mavsum startidagi 5 uchrashuvda bitta ham ochko olmagan «Malaga»dan hech kim «Atletik»ka qarshi o‘yinda jasorat kutmagandi. «La Rosalede»da kechgan o‘yinda Michel shogirdlari kurashishdi – ular penaltidan urilgan tezkor goldan keyin ham, Zdravko Kuzmanovich maydondan chetlatilishidan ham (52-daqiqada) ruhiy tushkunlikka tushishmadi va oxirgi 10 daqiqada 1:3 hisobini 3:3 ko‘rinishiga keltira olishdi.

Maydon egalari 3 daqiqada ikki gol urib, chempionatdagi ilk ochkosini oldi va gollar statistikasini yaxshiladi. Ammo, Michel hozircha Primerada iste'foga chiqish uchun yana bir nomzod murabbiy bo‘lib turibdi.

Pione Sisto rekordlar sari

«Selta» kutilmaganda «Eybar»ni yirik hisobda mag‘lub etdi (4:0), galisiyaliklar yarim himoyachisi Pione Sisto Vigo afsonalari (Aleksandr Mostovoy, Valeriy Karpin). 1999 yilda Mostovoy «keltlar» safida ilk marta uchta golli pas bergandi («Valyadolid»ga qarshi o‘yinda). Uning natijasini bir yildan keyin Karpin takrorlaydi («Ovedo» bilan o‘yinda), 2016 yili esa Nolito «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yinda 3ta golli pas berdi.

«Atletiko» – «Sevilya» – 2:0 (0:0). Gollar: Ferreyra-Karrasko, 46 (1:0). Grizmann, 69 (2:0). 
«Alaves» – «Real» – 1:2 (1:2). Gollar: Sebalos, 10 (0:1). Garsiya, 40 (1:1). Sebalos, 43 (1:2). 
«Malaga» – «Atletik» – 3:3 (1:1). Gollar: Aduris, 4 – penalti (0:1). Rolan, 35 (1:1). Inyaki Uilyams, 51 (1:2). Inyaki Uilyams, 70 (1:3). Bays, 81 (2:3). Rolan, 84 (3:3). Chetlatish: Kuzmanovich (M), 52. 
«Jirona» – «Barselona» – 0:3 (0:1). Gollar: Aday, 17 – avtogol (0:1). Iraisos, 48 – avtogol (0:2). L.Suares, 69 (0:3). 
«Espanol» – «Deportivo» – 4:1 (2:0). Gollar: Leu Baptistan, 5 (1:0). Alexandro Arribas, 22 – avtogol (2:0). Borxes, 53 (2:1). Moreno, 72 – penalti (3:1). Moreno, 90 (4:1). 
«Xetafe» – «Vilyarreal» – 4:0 (0:0). Gollar: Anxel, 54 (1:0). Xorxe Molina, 64 (2:0). Bergara, 67 (3:0). Anxel, 90+2 (4:0). 
«Eybar» – «Selta» – 0:4 (0:3). Gollar: Kabral, 17 (0:1). S.Gomes, 23 (0:2). Ernandes, 39 (0:3). Vass, 72 (0:4). 
«Las-Palmas» – «Leganes» – 0:2 (0:0). Gollar: Bovyu, 47 (0:1). Eraso, 90+6 (0:2). 
«Real Sosedad» – «Valensiya» – 2:3 (1:1). Gollar: Rodrigo, 26 (0:1). Elustondo, 33 (1:1). Nacho Vidal, 55 (1:2). Oyyarsabal, 59 (2:2). Dzadza, 85 (2:3). Chetlatish: Subeldiya (RS), 68. Kondogbya (V), 79. 
Bugun: «Betis» – «Levante» (23.55 Toshkent vaqti bilan)

va 

Mavzuga oid