Jamiyat | 20:47 / 26.09.2017
85454
3 daqiqa o‘qiladi

Jasurbek Ibrohimov jinoiy ishi bo‘yicha ilk sud eshituvi bo‘lib o‘tdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2017 yil 26 sentabr kuni Jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudida Toshkent Borovskiy tibbiyot kollejining 2-kurs talabasi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha dastlabki sud eshituvi bo‘lib o‘tdi. Sudya Matchanov Matchonboy raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida jabrlanuvchilar (marhumning onasi) Nilufar Aliyeva va otasi Mahamadjon Tursunov hamda ularning advokati Ismailova, sudlanuvchi To‘laganov Islombek Abdujamilovich va uning advokati Toxirov, davlat ayblovchisi, adliya kichik maslahatchisi Baxtiyor Akromov bevosita ishtirok etishdi. 

Bundan tashqari, sud majlisi ochiq tarzda o‘tganligi sababli unda fuqarolar hamda OAV vakillari ham qatnashdi. 

Foto: Sudlanuvchi To‘laganov Islombek Abdujamilovich
hamda uning advokati Tohirov
Foto: Jabrlanuvchining onasi Alimova Nilufar

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi shu yilning 2 iyun kuni, Yashnobod tumani hududidagi 145-maktab oldida Jasurbek Maxamad o‘g‘li Ibrohimov, unga og‘ir tan jarohatlari yetkazilganligi sababli vafot etgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) alomatlari bilan 1999 yilda tug‘ilgan Islombek Abdujamilovich To‘laganovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik tergov ishini Toshkent shahar prokuraturasi o‘z zimmasiga olgan edi. 

Foto: Sudlanuvchi To‘laganov Islombek Abdujamilovich
Foto: Jabrlanuvchining onasi Alimova Nilufar
Foto: Jabrlanuvchining otasi Mahamadjon Tursunov

Mazkur ish bo‘yicha tergov jarayoni 2017 yil 29 avgust kuni nihoyasiga yetkazilgan va mavjud materiallar jinoiy ishlar bo‘yicha Mirobod tuman sudiga oshirilgan. 

Bugungi majlisda dastlab ayblovchi ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Sudlanuvchi prokuror tomonidan o‘qib eshittirilgan ayblov xulosasiga iqror bo‘lmasligini aytdi.

Shundan so‘ng, jabrlanuvchining onasi Nilufar Alimovaning ko‘rsatmalari tinglandi. Advokatlar va prokuror tomoni turli savollar bilan voqelikka oydinlik kiritishdi. So‘ngra, jabrlanuvchining otasi Mahamadjon Tursunov ko‘rsatmalari tinglandi. U rafiqasi Alimovaning ko‘rsatmalarini tasdiqladi. 

Navbatdagi sud majlisi 29 sentabr kuniga belgilandi.

Mavzuga oid