O‘zbekiston | 15:50 / 26.09.2017
32837
3 daqiqa o‘qiladi

MXX «qora» bozordagi valyutafurushlarga qarshi maxsus amaliyotlarni davom ettirmoqda

O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini jadal rivojlantirib, chet el investitsiyalarini jalb etish va zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratishga katta e'tibor qaratmoqda. Navbatdagi qadam banklarda yuridik va jismoniy shaxslar uchun erkin valyuta ayirboshlashni ta'minlagan valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘ldi.

Kuni kecha Markaziy bank yakka tartibdagi tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklariga chet el valyutasini o‘z bank hisobvaraqlaridan naqd pulda olishga ruxsat berdi.

Bugungi kunda barcha jismoniy shaxslar banklarga valyutani bozor kursi bo‘yicha sotishlari mumkin. Shuningdek, xalqaro to‘lov kartochkalariga tushirgan holda sotib olish va chet elda cheklovlarsiz foydalanish imkoniyati yaratildi. Yuridik shaxslar dollarni hozirgi xalqaro va boshqa operatsiyalar bo‘yicha to‘lash uchun har qanday miqdorda sotib olishmoqda.

Hozirgi kabi muhim islohotlar jarayonida mamlakatning iqtisodiy xavfsizligini ta'minlash eng muhim vazifalaridan biri bo‘lgan MXX tezkor xodimlari mamlakatning iqtisodiy kuchiga putur yetkazadigan noqonuniy valyutafurushlar faoliyatini aniqlash va  to‘xtatish uchun ishlarni faollashtirmoqdalar.

Yaqinda Milliy xavfsizlik xizmati boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bilan birgalikda hududlarda valyutafurushlarni qo‘lga olish bo‘yicha qator maxsus amaliyotlar o‘tkazdi.

Xususan, Andijon viloyatida Oybek Qahhorov va Gulbahor Mamadaliyeva jinoyat ustida qo‘lga olindi. Ular 20 ming dollarni bir dollar uchun 8100 so‘mlik kursda jami 162 million so‘mga sotishga harakat qilishgan. Noqonuniy kelishuv valyutafurushlarga 18.800 dollar miqdorida pul topshirilgan vaqtda to‘xtatildi.

Samarqand viloyatida Javlon va Javhar O‘ktamovlar o‘z tog‘alari Xusen Sharofiddinovning uyida mijozga 81 million so‘mni 10 ming dollarga to‘lov tariqasida berayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Javhar O‘ktamov dastlabki tergov paytida valyutaning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanishi va uydagi barcha pullar unga tegishli ekanini tan oldi.

«O‘tkazilgan tintuv davomida tezkor xodimlar uyning oldida turgan ikki «Lasetti» avtomobilidan 36 million so‘mdan ortiq mablag‘ni ashyoviy dalil sifatida aniqlashdi va olib qo‘yishdi. Hammasi bo‘lib bu maxsus amaliyot davomida 18 309 dollar, 224 million so‘m, 137 ming Rossiya rubli, 325 yevro, 12 ming Qozog‘iston tengesi musodara qilindi», - deya aytib o‘tdi huquq-tartibot idorasi vakili.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament ushbu holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

Mavzuga oid