Jahon | 01:09 / 03.10.2017
55958
7 daqiqa o‘qiladi

XXI asrdagi AQSh tarixida eng ommaviy qotilliklar

Foto: © REUTERS / Las Vegas Sun/Steve Marcus

1 oktabr kuni 64 yoshli Stiven Peddok tomonidan uyushtirilgan otishmada 50 dan ziyod kishi o‘ldirildi va yaradorlar soni 400 dan oshdi. Las-Vegas janubidagi mehmonxonalardan birida yashirinib olgan qotil pastda o‘tkazilayotgan Route 91 musiqa festivalining tomoshabinlariga qarata o‘q uza boshlagan. Keyinroq u o‘z joniga ham qasd qilgan. Uning xatti-harakatlari sabablari tushunarsiz. RBK so‘nggi 10 yil ichida AQShda ro‘y bergan eng ommaviy qotilliklar haqida ma'lumot yig‘ib chiqdi.

 

2007 yil. Virjiniya Texnika universiteti yotoqxonasi. 32 kishi o‘ldirilgan

Foto: WSLS TV / AP

2007 yilning 16 aprelida janubiy koreyalik Cho Sung-Hi Virjiniya shtatidagi texnika universiteti yotoqxonasiga kirib, talabalarga qarata o‘q uza boshlagan. Ikki soatdan so‘ng otishma o‘quv korpusida boshlangan. Hodisa oqibatida 33 kishi, jumladan, o‘z joniga qasd qilgan qotilning o‘zi ham o‘lgan. 30 ga yaqin talabalar va o‘qituvchilar yarador qilingan.

 

2009 yil. Kingston shahri, Alabama. 10 kishi o‘ldirilgan

Foto: Dave Martin / AP

2009 yilning 10 martida Alabama shtatidagi Kingston shahrida Maykl MakLendon 10 kishi (qarindoshlari va tasodifiy o‘tkinchilar)ni o‘ldirgan va politsiyachilar bilan otishma chog‘ida o‘z joniga qasd qilgan. Uning cho‘ntagidan xat topishgan: «Mening jasadimni topgan politsiyachi o‘qisin. Men onani o‘ldirganimdan afsusda emasman, lekin imkon qadar ko‘proq odamning jonini olib, o‘zimni o‘zim o‘ldirmoqchiman...»

 

2009 yil. Binghemtondagi immigratsiya markazi. 13 kishi o‘ldirilgan

Foto: Hans Pennink / Reuters

2009 yilning 3 aprelida Nyu-York shtatining Binghemton shahrida kelib chiqishi vetnamlik bo‘lgan Jiverli Vong immigratsiya markazida otishma uyushtirgan va 13 kishi qurbon bo‘lib, 4 kishi yaralangan. Mergan o‘ziniyam otib o‘ldirgan. Keyinroq uning o‘limoldi maktubi topilgan va xatda politsiya uni bir necha yildan beri ta'qib qilayotganini yozib qoldirgan.

 

2009 yil. Texasdagi Fort-Hud bazasi. 13 kishi o‘ldirilgan

Foto: Jeramie Sivley/ / Reuters

2009 yilning 5 noyabrida mayor Nidal Malik Hasan Fort-Hud harbiy bazasida otishma uyushtirib, 13 nafar qurolsiz insonning boshiga yetgan, 30 kishidan ortig‘ini yaralagan. Keyin politsiyachilar bilan otishma chog‘ida umurtqasidan o‘q yeb, falaj bo‘lib qolgan. Keyinchalik islomni qabul qilgan Hasan dindoshlarini himoya qilish maqsadida Afg‘oniston va Iroqqa otlanayotgan xizmatdoshlariga hujum qilganini tan olgan. 2013 yilning avgustida u o‘lim jazosiga hukm qilingan.

 

2012 yil. Avroradagi kinoteatr. 12 kishi o‘ldirilgan

Foto: John Wark / Reuters

2012 yilning 20 iyulida Jyeyms Holms «Qora ritsar: afsonaning qaytishi» filmi premerasida tomoshabinlarga qarata o‘q uzgan. Avval u zalda ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz sepgan, keyin otishmani boshlagan. Politsiyachilar uni kinoteatr oldidagi avtoturargohda qo‘lga olishgan. Otishma oqibatida 12 kishi o‘lgan, 70 kishi yaralangan. Tergov vaqtida aniqlanishicha, Holms o‘zini Betmen filmidagi yovuz qahramonlardan biri Jokerga qiyoslar ekan. Dastlabki qamoq davrida u islomni qabul qilgan. Uning soqchilari guvohlik berishicha, u islomiy taomlarni tanovvul qilgan, Qur'on o‘qib, soqol o‘stirgan.​ 2015 yilda Holms umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

 

2012 yil. Nyutaundagi Sandy Hook maktabi. 26 kishi o‘ldirilgan

Foto: FBI / Handout via Reuters

2012 yilning 14 dekabrida 20 yoshli Adam Lenza Konnektikut shtatidagi Nyutaun shahrida o‘z onasini otgan, shundan so‘ng mahalliy Sandy Hook maktabiga yo‘l olgan va 20 ta bola, 6 nafar katta yoshli kishilarni otib, o‘zini ham o‘ldirgan. Voqeadan so‘ng Amerika jamiyatida qurol savdosini cheklash bo‘yicha muhokamalar kuchaygan.

 

2013 yil. AQSh HDK shtab-kvartirasi. 12 kishi o‘ldirilgan

Foto: Mike Blake / Reuters

2013 yilning 16 sentabrida AQSh harbiy dengiz kuchlarining zaxiradagi askari Aaron Aleksis Vashingtondagi HDK binolari majmuasida otishma uyushtirgan. 12 kishi o‘ldirilgan. Voqeadan so‘ng darhol Admirallik binosidan bir necha ming xodimlar evakuatsiya qilingan, ofis politsiyachilar tomonidan qurshab olingan. AR-15 vintovkasi bilan qurollangan jinoyatchi kabinetlardan birida qamalib olib, politsiyachilarga o‘q uzgan. Otishma chog‘ida u o‘ldirilgan. Keyinchalik Aleksis ruhiy kasal bo‘lgani ma'lum qilingan.

 

2015 yil. San-bernardinodagi nogironlar markazi. 14 kishi o‘ldirilgan

Foto: Adrees Latif / Reuters

2015 yilning 2 dekabri tongi Kaliforniyadagi San-Bernardino shahrida noma'lum kimsalar otishma uyushtirishadi. Erkak va ayol jismoniy imkoniyatlari cheklangan insonlar markaziga kirib, 14 kishini otib tashlaydi. Hujum qilganlar politsiyachilar tomonidan o‘ldirilgan. Keyinchalik ular 27 yoshli Tashfin malik va uning 28 yoshli eri Said Rizvon Farrux ekanligini aniqlangan. Voqea terakt deya tan olingan.

 

2016 yil. Orlandodagi Pulse klubi. 50 kishi o‘ldirilgan

Foto: Adrees Latif / Reuters

2016 yilning 12 iyunida kelib chiqishi afg‘onistonlik bo‘lgan 29 yoshli Umar Matin Orlandodagi Pulse gey-klubiga hujum uyushtiradi. U binoga bostirib kirib, to‘planganlarga qarata o‘q uza boshlaydi. Politsiyachilar otishma boshlanganidan ikki soat o‘tib klubga kirishni uddalashadi. Hujum natijasiga 50 dan ziyod inson o‘ldiriladi. Hujum uchun javobgarlikni «IShID» terrorchilik harakati o‘z zimmasiga oladi.

 

2017 yil. Las-Vegasdagi musiqiy festival. 50 dan ziyod inson o‘ldirilgan

Foto: David Becker / Getty Images

1 oktabr kuni Stiven Peddok noma'lum sabablarga ko‘ra Las-Vegas janubidagi mehmonxonalardan birining 32-qavatidan turib otishma uyushtiradi. Mehmonxona pastida Route 91 musiqiy festivali o‘tayotgan edi. 50 dan ziyod kishi qurbon bo‘ladi, yaralanganlar soni 400 dan oshgan. Mergan o‘zini o‘zi o‘ldiradi.

Las-Vegasdagi fojia AQSh tarixidagi o‘qotar qurol yordamida amalga oshirilgan eng yirik ommaviy qirg‘in sifatida tilga olinmoqda.

Mavzuga oid