Jahon | 21:10 / 04.10.2017
43977
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng yaxshi avtomobil yo‘llari qaysi mamlakatda ekani aniqlandi

Foto: auto.az

Butunjahon iqtisodiy forumi (BIF) 137 mamlakatning 2017-2018 yillardagi Global raqobat reytingini e'lon qildi. Unda mamlakatlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlari qatorida yo‘llar va transport infratuzilmalari sifati ham baholangan. Ta'kidlash joizki, mazkur ro‘yxatga Markaziy Osiyodan O‘zbekiston, Turkmaniston va Afg‘oniston kiritilmagan bo‘lsa, mintaqaning boshqa 3 davlati Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ushbu reytingdan joy olgan. 

MDH mamlakatlaridan O‘zbekiston, Turkmaniston va Belorussiya ro‘yxatdan joy olmagan. MDH davlatlari orasida eng yuqori natija Ozarboyjonga tegishli bo‘lib, uning avtoyo‘llari sifati 36-o‘ringa munosib ko‘rilgan. Armaniston va Rossiya hamdo‘stlik mamlakatlarida avtomobil yo‘llari sifati birmuncha yaxshiligi qayd etilgan bo‘lsa-da, ular umumiy ro‘yxatning 85- va 114-o‘rinlariga munosib ko‘rilgan. Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turgan Qozog‘iston reytingda 115-o‘rinda.  

Umuman reytingning kuchli o‘nligiga BAA, Singapur, Shveytsariya, Honkong, Niderlandiya, Yaponiya, Fransiya, Portugaliya, Avstriya, AQSh kirgan. Madagaskar, Haiti, Kongo demokratik respublika va Mavritaniya eng so‘nggi o‘rinlarni egallagan.

Mavzuga oid