Fan-texnika | 20:20 / 05.10.2017
6820
2 daqiqa o‘qiladi

Taomga tegmagan holda undagi kaloriyalarni hisoblovchi qurilma yaratildi

Foto: Panasonic

Yaponiyaning Panasonic korporatsiyasi CEATEC 2017 ko‘rgazmasi doirasida yegulikning kaloriyasini unga tegmagan holda o‘lchashga mo‘ljallangan CaloRieco qurilmasini taqdim qildi.

U yoki bu taomning oziqaviy qiymatini aniqlash uchun uni CaloRieco qurilmasi ichiga joylab, so‘ngra uning qopqog‘ini yopib, biroz kutish kerak bo‘ladi. Kompaniya vakillarining ta'kidlashicha, yegulikni aniqroq tahlil qilish uchun uni bo‘laklarga bo‘lish yoki maydalashga hojat bo‘lmaydi va shu sababli uning tashqi ko‘rinishiga ham putur yetmaydi.

"Turli masalliqlar infraqizil nurlarni turlicha aks ettiradi, bu esa aqlli qurilmaga ularni tanishga imkon beradi", deb tushuntirdi Panasonic’ning biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Kaori Manabe.

Taomni tahlil qilish taxminan 10 soniya vaqt oladi. Bu vaqt ichida tizim taomni sakanerlaydi va uning og‘irligi, tarkibi va oziqaviy qiymati haqida ma'lumot beradi. Bu ma'lumotlar foydalanuvchi ularga smartfon yoki planshetdagi dastur orqali ega bo‘lishi maqsadida bulutli saqlagichga uzatiladi.

Tizim iste'mol qilingan kaloriyalar miqdorini eslab qolib, kunduzgi me'yordan oshmagan holda qabul qilsa bo‘ladigan taom va oziq-ovqat mahsulotlarini tavsiya qiladi.

Qurilma yaratuvchilarining g‘oyasiga ko‘ra, CaloRieco parhez tutayotganlar hamda turli kasalliklar sababli kaloriyalar miqdorini hisoblab yurishga majbur bo‘lganlarga asqatadi. Bugungi kunda qurilma faqatgina kontsept ko‘rinishida ishlab chiqarilgan. Qurilma qachon savdoga chiqishi esa ma'lum qilinmagan.

Mavzuga oid