Jamiyat | 21:20 / 05.10.2017
48636
3 daqiqa o‘qiladi

Jasurbek ishi bo‘yicha navbatdagi guvohlar so‘roq qilindi

Bugun 5 oktabr kuni Jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudida P.Borovskiy nomli tibbiyot kollejining sobiq talabasi, marhum Jasurbek Ibrohimov o‘limi yuzasidan navbatdagi, 4-sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisi avvalida sudga raislik qiluvchi sudya M.Matchonov O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, hech kim sudnig hal qiluv qarori chiqmaguniga qadar aybdor hissoblanmasligini OAV vakillari hamda ochiq sud majlisida ishtirok etish uchun kelgan fuqarolarga eslatib o‘tdi. Ma'lumki, ushbu ish bo‘yicha P.Borovskiy tibbiyot kollejida tahsil olgan Islombek To‘laganov sudlanuvchi kursisida o‘tiribdi. 

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergov natijalariga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) alomatlarini sodir etganlikda ayblanmoqda. 

Bugungi sud majlisidan e'tiboran sudlanuvchi To‘laganov I.ni yana bir advokat Rustam Ibrohimov ham himoya qiladigan bo‘ldi. Sudya Matchonov raisligida bo‘lib o‘tgan sud eshituvlarida navbatdagi guvohlar Hayitboyev Hurmat va Po‘latov Muhammad (O‘lmas)ning ko‘rsatmalari tinglandi. 

Foto: Kun.uz

Sud majlisida Po‘latov Muhammad ko‘rsatma berish avvalida prokuror Akromov guvohning voyaga yetmaganini inobatga olib, unga qonuniy vakilini tayinlashni sudyadan so‘radi. Sudya Matchanov prokuror taklifini inobatga olib, guvoh Po‘latovga onasini qonuniy vakil sifatida tayinladi. Po‘latov, shuningdek, voyaga yetmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi JKning 238-, 240- moddalari bilan ogohlantirilmadi, ammo to‘g‘ri guvohlik berish majburiyati borligi ma'lum qilindi. 

Foto: Kun.uz

Hayitboyev Hurmat va Po‘latov Muhammad o‘z ko‘rsatmalarini berib bo‘lganidan so‘ng, sud raisi, prokuror, sudlanuvchi va jabrlanuvchi advokatlari guvohlarga murojaat qilib, voqeaga oydinlik kiritish maqsadida savollar berishdi. 

Mavzuga oid