O‘zbekiston | 12:07 / 11.10.2017
19274
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Kosonsoy suv omboridan davlatlararo foydalanishga kelishib oldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

5 oktabr kuni, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Almazbek Atamboyevning Toshkentga davlat tashrifi davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Olabuqa tumanida O‘rtato‘qay (Kosonsoy) suv omborining suv resurslaridan davlatlararo foydalanish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Shu paytga qadar mazkur suv ombori O‘zbekiston tomonidan ekspluatatsiya qilinar edi. Yangi bitimga muvofiq, endilikda suv ombori boshqaruvi Qirg‘iziston tomoniga o‘tdi. O‘zbekiston tomoni Qirg‘izistondan bir necha yillar davomida nizoli chegara hududi sifatida e'tirof etilgan Ungartepa tog‘oldi yerlaridan Kosonsoyga erkin o‘tish yo‘lagini yaratib berishni talab qilib kelgandi. Aslida 1941 yilda qurilishi boshlangan suv ombori O‘zSSR hisobidan O‘rtato‘qayda barpo etilgan.

Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi vaziri Nurlan Murashevning aytishicha, yangi bitim shartlariga muvofiq, O‘zbekiston suv ombori suvlaridan foydalangani uchun xarajatlarni to‘liq qoplaydi. «Xodimlar maoshi, ta'mirlash ishlari va jihozlarni yangilash uchun pulni bundan buyog‘iga O‘zbekiston tomoni to‘laydi», degan u.

Mavzuga oid