O‘zbekiston | 16:30 / 15.10.2017
81152
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon - Toshkent reyslari bekor qilinib, poyezdlar paxta terimiga safarbar etildi

Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi poyezdlar qatnovi noma'lum muddatga qadar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi. Bu haqda vaziyatdan boxabar manba Kun.uz’ga ma'lumot bergan. Uning aytishicha, poyezdlar vodiy viloyatlaridan hasharchilarni Toshkent viloyati va uning atrofidagi hududlarda yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib olish uchun tashishga safarbar qilingan. 

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida, Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi Markaziy vokzali tezkor ma'lumot berish xizmati bilan bog‘landi.

«Qatnov qachon qayta tiklanishini bilmaymiz, chunki paxtaga odam tashib keltirilmoqda», deya javob qaytardi operator. 

Kun.uz​ manbasining xabariga ko‘ra, shu kecha-kunduzda vodiydan 32 ming nafar terimchi Toshkent viloyati hududiga olib kelingan. Ular orasida uyushmagan yoshlar, kollej hamda tibbiyot xodimlari ​bor.

Andijon viloyatidagi manbaning ma'lumot berishicha, ayni paytda Andijon shahridagi vokzaldan terimchilar chiqqan ikki eshelon poyezd belgilangan manzilga jo‘nab ketgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, 14 oktabr kuni Andijondan yo‘l olgan hasharchilar Toshkent viloyatining Bo‘ka va Bekobod tumanlarida paxta terishga kirishgan.

Reyslar bekor qilinishidan oldin shu yo‘nalishga chipta olganlardan 15 oktabr kuni soat 08:00gacha chiptalarni topshirish so‘ralgan. Aks-holda chiptalar puli qaytarib berilmasligi aytilgan.

Bu vaqtda, Andijon-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi taksichilar yo‘l kira narxini keskin ko‘tarishgan. Ayrim joylarda yo‘lovchi tashish narxi bir kishi uchun 80 ming so‘mgacha ko‘tarilgan, bu esa odatiy belgilangan bozor narxidan ikki baravar qimmat degani.

Mavzuga oid